Shavkat Mirziyoyev Zayniddin Nizomxo‘jayevni faxriy unvon bilan taqdirladi

O‘zbekiston 07:42 / 20.03.2024 11802

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning farmoniga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvoni bilan taqdirlandi.

Unvon davlat hokimiyati vakillik organlari hamda mamlakat sog‘liqni saqlash tizimidagi ko‘p yillik samarali mehnati, milliy saylov tizimini umume’tirof etilgan xalqaro standartlar asosida takomillashtirish, demokratik islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini ro‘yobga chiqarish borasidagi katta xizmatlari, yuksak salohiyatli kadrlarni tayyorlash, yosh avlodni ona vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashga qo‘shgan munosib hissasi, shuningdek, tavalludining 70 yilligi munosabati bilan berildi.

Davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev Zayniddin Nizomxo‘jayevga ushbu unvon va ko‘krak nishonini topshirdi.

Tibbiyot fanlari doktori, professor Z.Nizomxo‘jayev uzoq yillar qator mas’ul lavozimlarda fidokorona mehnat qilgan. U 2014 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni bilan mukofotlangan.

Ko‘proq yangiliklar: