15 mart kuni «O‘zavtosanoat» kompaniyasida boshqaruv raisining ikki yangi o‘rinbosari tayinlandi.
Aleksandr Aleksandrovich Saxapov – «O‘zavtosanoat» AJ Boshqaruv raisining sotuvni rivojlantirish va marketing bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan.
U bu lavozimda 2020 yil yanvaridan buyon ishlab kelgan Sardor Tojiyevning o‘rnini egallagan.
Aleksandr Saxapov 1982 yilda tug‘ilgan, Toshkent avtomobil yo‘llari institutini bitirgan. 2003 yildan buyon «O‘zavtosanoat» va UzAuto Motors kompaniyalarida turli lavozimlarda ishlagan. Tayinlovga qadar UzAuto Motors kompaniyasining savdo va avtoservis bo‘yicha boshqaruvchi direktori edi.
Bundan tashqari, olti yil davomida u bosh ekspert sifatida avtomobilsozlik sanoati masalalari bilan shug‘ullangan, keyinroq Vazirlar Mahkamasining Mashinasozlikni, elektrotexnika va aviatsiyani rivojlantirish, mahsulotlarni standartlashtirish masalalari axborot-tahlil departamenti mashinasozlik sektori mudiri lavozimida faoliyat ko‘rsatgan.
Davron Abdulpattahovich Hidoyatov – «O‘zavtosanoat» AJ Boshqaruv raisining innovatsiya va investitsiyalar bo‘yicha o‘rinbosari lavozimida ish boshlagan.
Davron Hidoyatov 1976 yilda tug‘ilgan. Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va O‘zbekiston bank-moliya akademiyasini tamomlagan.
Turli yillarda bank sohasidagi turli lavozimlarda ishlagan, 2009 yildan 2012 yilgacha GM Uzbekistan kompaniyasining moliya bo‘yicha ijrochi direktori, 2012 yildan 2014 yilgacha MAN Auto-Uzbekistan QK bosh direktori lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan.
Keyinroq qo‘mita raisi, Chilonzor tuman hokimi, Toshkent shahri hokimi o‘rinbosari, Toshkent viloyat hokimi lavozimlarida ishlagan, 2021 yil noyabridan buyon Toshkent viloyati Chirchiq shahri hokimi edi.