Fransiya RF razvedka xizmati rahbarining Ukraina uchun harbiylar haqidagi so‘zlarini rad etdi

Jahon 14:24 / 20.03.2024 5556

Fransiya Qurolli kuchlari vazirligi Rossiya tashqi razvedka xizmati direktori Sergey Narishkinning Parij tomonidan Ukrainaga jo‘natilishi uchun 2 mingga yaqin harbiy xizmatchi tayyorlanayotgani haqidagi bayonotini rad etdi. Fransiya agentligining 19 mart, seshanba kuni ta’kidlashicha, Rossiya razvedka xizmati rahbari bayonotlari «Rossiya ommaviy dezinformatsiyadan tizimli foydalanishi yana bir namunasidir». Parij «maksimal hushyorlikka» chaqirdi.

Shu kuni ertalab Sergey Narishkin Fransiya Ukrainaga jo‘natish uchun harbiy kontingent tayyorlayotganini aytgan edi. Bu kuchlar Rossiya armiyasi tomonidan «hujumlarning ustuvor qonuniy nishoniga» aylanadi, dedi TRX rahbari.

Makronning Ukrainaga qo‘shin yuborish ehtimoli haqidagi bayonotiga munosabat

Fevral oyi oxirida Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga bag‘ishlangan anjumanda Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainaga NATOga a’zo davlatlarning quruqlikdagi qo‘shinlarini yuborish imkoniyatini istisno etmadi. «Bugungi kunda quruqlikdagi kuchlarni Ukrainaga rasman yuborish masalasida konsensus yo‘q, ammo voqealar rivojida hech narsani inkor etib bo‘lmaydi», dedi u.

Keyinroq Makron aniqlik kiritishicha, hozircha Ukrainaga hech qanday harbiy xizmatchi jo‘natish haqida gap yo‘q, kelajakda biror kontingent yuborilsa, u jangovar harakatlarda qatnashmaydi. 

Fransiya prezidentining nutqidan so‘ng, Ukrainaga qo‘shin yuborish g‘oyasi ko‘plab G‘arb davlatlari, jumladan Germaniya, Bolgariya, Britaniya, Vengriya, Ispaniya, Italiya va Chexiya tomonidan rad etildi. NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg NATO Ukrainaga qo‘shin jo‘natish niyatida emasligini ta’kidladi.

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius bu boradagi bahs-munozaralarni to‘xtatishga chaqirgan bo‘lsa, uning finlandiyalik hamkasbi Antti Xyakkyanen Kiyevni qurol-yarog‘, o‘q-dori va pul bilan ta’minlashga e’tibor qaratish zarurligini ta’kidladi. Shu bilan birga, Litva va Latviya Makronning pozitsiyasini qo‘llab-quvvatladi. 

Ko‘proq yangiliklar: