IIV Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati Kogon tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot berdi.
Xabarda yo‘l-transport hodisasi natijasida shifoxonaga yotqizilgan, avtobusda bo‘lgan yo‘lovchilardan biri ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, 19 mart kuni vafot etgani tasdiqlangan.
Shu bilan birga, internet ijtimoiy tarmoqlarida yo‘l-transport hodisasi natijasida avtobus haydovchisi ham shifoxonada vafot etgani haqidagi tarqalgan xabarlar asossizligi ma’lum qilingan.
Avtobus haydovchisi tan jarohati bilan Buxoro shahar Tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan bo‘lib, ayni kunlarda unga tibbiy muolajalar ko‘rsatilmoqda.
«Internet ijtimoiy tarmoqlaridagi turli sahifalar egalaridan asossiz, yolg‘on ma’lumot tarqatmasliklarini so‘raymiz», deyiladi xabarda.
Bundan avvalroq, «Yangi O‘zbekiston» nashri YTH oqibatida 1991 yilda tug‘ilgan avtobus haydovchisi O.Sh. shifoxonada vafot etgani haqida xabar bergandi.
Shu tariqa, YTH qurbonlari soni 2 nafarni tashkil etmoqda.
18 mart kuni Kogon tumanidagi 5-IDUM o‘quvchilari dars paytida Buxoro viloyati drama teatriga tomoshaga olib ketilayotgan avtobuslardan biri beton qoruvchi mashina bilan to‘qnashib ag‘darilib ketgandi. Avtobusdagi o‘quvchilardan biri voqea joyida vafot etib, yana bir yo‘lovchi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgani aytilgandi. Rasmiy xabarlarda avtobus haydovchisining holati haqida xabar berilmagan, u shifoxonada ekani ma’lum qilinmagandi.
Kun.uz manbasiga ko‘ra, o‘quvchilarni teatrga olib borish dars paytida amalga oshirilgan. Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi voqeaga javobgar tizim mas’ullariga nisbatan o‘rnatilgan tartibda tegishli choralar qo‘llanishini bildirgan.
Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda ayrim mansabdor shaxslar maktab bolalarini avtobusda tashish va hamrohlik qilish ishlarini tashkil qilishda qo‘pol qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yganliklari aniqlangan. «Mansabga sovuqqonlik bilan qarash» holati bo‘yicha alohida jinoiy ish ochilgan.