Qozog‘iston va O‘zbekiston iste’mol qilingan suvning aniq miqdorini hisoblash imkonini beruvchi hisoblagichlarini o‘rnatish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda Qozog‘iston Suv resurslari va irrigatsiya vazirligiga tayanib Kazinform xabar berdi.
Qayd qilinishicha, Qozog‘iston O‘zbekiston hududida suv hisoblagich o‘rnatsa, O‘zbekiston tomoni Qozog‘istonda o‘z qurilmalarini o‘rnatadi. Tomonlar, shuningdek, onlayn tarzda axborot almashadi. Qozog‘iston O‘zbekiston hududida, O‘zbekiston tomoni esa Qozog‘istonda to‘plangan ma’lumotlardan foydalanish imkoniyatiga ega.
Bu shartnoma, avvalo, geografik jihatdan daryolar manbasidan tashqarida joylashgan mamlakat manfaatlari uchun juda muhimligi ta’kidlanmoqda.
Endi ikki davlat mutaxassislari suv hisoblagich o‘rnatiladigan joylarni kelishib olmoqda. Loyihaga xalqaro tashkilotlarni jalb etish bo‘yicha ham muzokaralar olib borilmoqda.
«Suv hisoblagichlarini o‘rnatish har ikki davlat tomonidan iste’mol qilinadigan suv miqdorini onlayn nazorat qilish imkonini beradi. Aprel oyida biz boshqa qo‘shni davlatlar bilan ana shunday loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha muzokaralarni boshlash niyatidamiz», dedi Qozog‘iston Suv resurslari va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov.