«Putinga tabrik yo‘q» va «hatto kutilmagan natija». Rossiyadagi saylovlarga dunyoda qanday reaksiya qilindi?

Jahon 19:58 / 19.03.2024 32612

Markaziy saylov komissiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Vladimir Putin Rossiya prezidentligi uchun saylovlarda 87 foizdan ortiq ovoz to‘plagan holda g‘olib chiqqan, saylovda davomat rekord darajadagi 77 foizni tashkil etgan. G‘arbda bu saylovlar erkin bo‘lmagan va adolatsiz deb ataldi, ammo Putinning ayrim ittifoqchilari ancha iltifotli tabriklar yo‘lladi.

«Bu demokratiya emas»

Germaniya hukumati bo‘lib o‘tgan ovoz berish jarayonini «senzura, qatag‘on va zo‘ravonlikka tayanadigan avtoritar hukmdor davridagi psevdosaylov» deb atadi.

«Biz Rossiyada bo‘lib o‘tgan saylovni erkin yoki adolatli deb hisoblamaymiz. Natija oldindan ma’lum bo‘lgan. Bular, bizningcha, nodemokratik saylovlar edi», – dedi Vazirlar mahkamasi matbuot kotibi Kristian Hoffman. 

Germaniya prezidenti Frank-Valter Shtaynmayyerning matbuot kotibi Kerstin Gammelin ma’lum qilishicha, nemis siyosatchisi Putinni saylovdagi g‘alaba bilan tabriklamoqchi emas. «Putinga xat bo‘lmaydi», – degan u.

Germaniya kansleri Olaf Shols ham Putinni saylovdagi g‘alabasi bilan tabriklamaslikka qaror qilgan. 

Germaniya tashqi ishlar vazirligi Putinni Rossiya prezidenti deb atashni to‘xtatishini ma’lum qilgan. Rasmiy hujjatlarda uning faqat ismi-sharifi ko‘rsatiladi.

Fransiya tashqi ishlar vazirligi «erkin, plyuralistik va demokratik saylovlar uchun shartlar yana bir bor bajarilmagani»ni ma’lum qilib, ular «biror xolis xalqaro kuzatuvsiz» o‘tganini qayd etgan.

«Rossiyadagi prezidentlik saylovlarini qonuniy, erkin va adolatli deb hisoblab bo‘lmaydi, — deyiladi Polsha TIV bayonotida. — Ovoz berish jarayoni aholiga nisbatan qattiq repressiya sharoitida o‘tdi, bu esa erkin demokratik tanlovni imkonsiz qildi».

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri lord Devid Kemeron ham qatag‘on mavzusini ko‘targan. «Putin o‘zining barcha siyosiy muxoliflarini yo‘q qildi, ommaviy axborot vositalarini nazoratga oldi va keyin o‘zini g‘olib deb e’lon qildi. Bu demokratiya emas», — deya qayd etgan u.

Kemeron urushga qarshi har qanday nomzodlar diskvalifikatsiya qilingani, Aleksey Navalniyning o‘limi hamda Ukraina hududlari bo‘lgan Qrim, Donetsk, Luhansk, Xerson va Zaporijjya oblastlarida saylovlar o‘tkazilganini keltirgan, shuningdek «barcha siyosiy mahbuslarni, jumladan qo‘shfuqarolikka ega bo‘lgan [Buyuk Britaniya va Rossiya] Vladimir Karamurzani ozod etish»ni talab qilgan.

Litva TIV rahbari Gabrielyus Landsbergis Rossiyadagi saylovlar saylovchilarning demokratik tarzda o‘z istaklarini bildirishi bo‘lmaganini aytib, Vilyunyus uning yakunlarini tan olmasligini qayd etgan.

«Bu demokratik saylovlar emas, balki o‘zining avtoritar hokimiyatini o‘zi belgilab olish marosimidir. Rossiyadagi saylovlar na adolatli, na erkin bo‘ldi», — deyiladi Estoniya TIV bayonotida.

Yevroittifoq diplomatiyasi rahbari - ittifoq tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Jozep Borrelning bayonotida saylovlar tan olinmasligi ochiq aytilmagan, ammo unda siyosiy raqobatchilar qatag‘on qilingani va cheklangani bilan bir qatorda, Moskva YeXHT (Yevropa Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining) doirasidagi majburiyatlarini buzgan holda tashkilotning Demokratik institutlar va inson huhuqlari bo‘yicha byurosi kuzatuvchilarini taklif etmagani qayd etilgan.

Ukrainaning okkupatsiya qilingan hududlaridagi ovoz berish jarayoni to‘g‘risida bayonotda shunday deyiladi: «Yevropa Ittifoqi yana bir bor Ukraina hududidagi „saylovlar“ deb atalgan bu jarayon o‘tkazilganini ham, uning natijalarini ham hech qachon tan olmagan va olmaydi. Ular yuridik kuchga ega emas va hech qanday huquqiy oqibatlarga ega bo‘la olmaydi. Rossiyaning siyosiy rahbariyati va saylovlar tashkillashtirilishiga aloqador shaxslar bu noqonuniy harakatlari oqibatlariga duch kelishadi».

«Janob Putin siyosiy raqiblarini qamoqqa tashlagani va boshqalariga nomzodini qo‘yishga yo‘l qo‘ymaganidan kelib chiqsak, bu saylovlar, ko‘rinib turibdiki, erkin ham, adolatli ham emas», — degan brifingda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashi vakili Jon Kirbi.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov Kirbining so‘zlariga munosabat bildirar ekan, «bu tinglashga arziydigan va muhim fikr emasligi»ni aytgan.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy saylovlar yakunlangach, «Rossiya diktatori navbatdagi saylovni o‘xshatayotgani»ni aytgandi. «Dunyodagi barchaga tushunarliki, bu arbob, tarixda avval ham ko‘p kuzatilganidek, shunchaki hokimiyat dardiga chalingan va umrbod hukmronlik qilish uchun barcha ishni qilmoqda», — degan u.

«Natijalar juda jiddiy»

Putinni prezidentlik saylovlaridagi g‘alaba bilan tabriklaganlar orasida belaruslik Aleksandr Lukashenko, KXDR rahbari Kim Chen In, XXR raisi Si Jinping, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon, Boliviya prezidenti Luis Arse, Nikaragua prezidenti Daniel Ortega, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro, Myanma bosh vaziri Min Aung Hlaing, Honduras prezident Siomara Kastro, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, Eron prezidenti Ibrohim Raisiy va Kuba TIV rahbari Bruno Rodriges Parrilya kabi siyosatdonlar bor.

BelTA agentligi xabariga ko‘ra, Lukashenko ishchi yig‘ilishi vaqtida Putinni telefon orqali tabriklaganini aytgan va saylov natijalarini «hayratlanarli» deb atagan.

«Natijalar juda jiddiy va davomat juda yuqori bo‘ldi. Rossiya Federatsiyasida hech qachon bunday faollik kuzatilmagan. Shuning uchun saylovchilarning bunday faolligini hisobga olsa, bunday natijalar hatto ma’lum darajada kutilmagan bo‘ldi. Bu mening pozitsiyam edi va men unga shuni bildirdim», – degan Lukashenko.

Xitoy yetakchisi Si Jinping ham Putinga qo‘ng‘iroq qildi va uning rahbarligi ostida «Rossiya milliy taraqqiyotda bundan-da katta muvaffaqiyatlarga erishishi»ga ishonch bildirdi, deya xabar qilgan Xitoy Markaziy televideniyesi.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tabrigida saylovchilarning yuqori faolligi «Vladimir Putinning siyosati va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturini qat’iy qo‘llab-quvvatlayotganining yorqin namoyishi» ekani aytiladi.

HAMAS harakati rahbari Ismoil Xoniya ham Putinni saylovdagi g‘alaba bilan tabriklab, «do‘stlik rishtalari mustahkamlanishi»ga umid bildirgan.

Xoniya o‘z tabrigida HAMAS Rossiya bilan «hamkorlik aloqalari rivojlanishi»ga umid qilishini va Rossiyaning «Falastin masalasini qo‘llab-quvvatlash»dagi pozitsiyasini «yuqori baholashi»ni bildirgan, deya yozadi RIA Novosti harakat telegram-kanalidagi bayonotga tayanib.

Xoniya Putinga «Rossiya xalqi manfaatlari yo‘lida muvaffaqiyatli faoliyat» va «ko‘p qutbli dunyoni barpo etishda yutuqlar» tilagan.

Ko‘proq yangiliklar: