Propiskadagi begonalar va kutilmagan soliq – Adliya mas’ullari izoh berdi

O‘zbekiston 19:33 / 19.03.2024 12460

So‘nggi vaqtlarda ko‘chmas mulk obektlarining oldi-sotdisidan keyin ham uning avvalgi egasi nomiga soliq hisoblanishi yoki ba’zan ayrim fuqarolarning uyida “propiska”da begona shaxslar paydo bo‘lib qolishi kabi holatlar uchramoqda. Bu kabi xatoliklarga nima sabab bo‘lmoqda? Adliya vazirligi o‘tkazgan matbuot anjumanida Davlat xizmatlari departamenti boshlig‘i Sanjar Abdullayev ushbu savolga javob berdi.

AOKAda Adliya vazirligi tomonidan Davlat xizmatlarini ko‘rsatishdagi yangiliklar hamda “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasini o‘tkazish bo‘yicha matbuot anjumani tashkil etildi. Unda ishtirok etgan Kun.uz muxbiri Adliya vazirligi tizimi bilan bog‘liq bir qator muhim masalalar yuzasidan savollar bilan mas’ullarga yuzlandi.

So‘nggi vaqtlarda ko‘chmas mulk obektlarining oldi-sotdisidan keyin ham uning avvalgi egasi nomiga soliq hisoblanayotgani, shuningdek, ba’zi bir fuqarolarning uyida notanish odamlar yashash uchun ro‘yxatdan o‘tganligi, ya’ni “propiska”da begona shaxslar paydo bo‘lib qolayotgani kabi holatlar ham uchramoqda. Mazkur masalaning ildizi qayerda ekanligi va uning yechimi nima bilan bog‘liqligi haqida savolga Adliya vazirligi Davlat xizmatlari departamenti boshlig‘i Sanjar Abdullayev javob qaytardi.

“Bunday holatlarga ma’lumotlar raqamlashtirilmay qolgani, ya’ni oldi-sotdi qilinganda yoki bazadan ko‘tarilganda obektning eski egasi nomida qolib ketganligi sabab bo‘lishi mumkin. Hozirda barcha davlat organlari va tashkilotlari raqamlashtirish ishlarini amalga oshirmoqda. Raqamlashtirish to‘liq yakunlanganidan so‘ng bu kabi holatlar yuzaga kelmaydi.

My.gov.uz elektron portali orqali har bir fuqaro shaxsiy kabinetiga kirib, o‘ziga tegishli bo‘lgan barcha ma’lumotlar – mol-mulki, uyi, farzandlari to‘g‘risidagi axborotlarni ko‘rishlari mumkin. Fuqarolarning uyida notanish odamlar ro‘yxatdan o‘tganligi aniqlanganda, “qayta aloqa” degan tizim orqali murojaat qilinsa, holat darhol bartaraf etiladi. Rivojlangan davlatlarda bu bosqichga qadam-baqadam o‘tilgan. Bizda ham tashkilotlarni to‘liq raqamlashtirish vaqt talab etadi, shuning uchun amaliyotda yuqoridagi kabi holatlar uchrab turadi”, dedi Davlat xizmatlari departamenti boshlig‘i.

Matbuot anjumanida ta’kidlanishicha, davlat xizmatlari markazlari yo‘nalishida 2023 yil davomida 77 turdagi yangi xizmatlarni ko‘rsatish joriy etilib, ularning soni 337 taga yetkazilgan. 2024 yil davomida esa xizmatlar sonini 400 taga yetkazish rejalashtirilgan. Markazlar orqali 13,2 mln.dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan, shundan 9,3 mln.dan ortig‘i markazlar orqali, 3,8 mln.dan ortig‘i onlayn tarzda amalga oshirilgan.

Davlat xizmatlari ko‘rsatishda eng ko‘p ko‘rsatilgan 29 turdagi xizmatlar (9 mlndan ortiq) “3 qadam” tamoyili asosida soddalashtirilib, so‘raladigan ma’lumotlar 225 tadan 99 taga, ariza yuborish uchun sarflanadigan vaqt 76 daqiqadan 22 daqiqaga qisqartirilgan.

“Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi doirasida esa respublika miqyosida jami 9 209 ta mahallada xatlov o‘tkazilib, 98 192 nafar shaxsda tegishli hujjatlar mavjud emasligi aniqlangan. Shundan 88 570 tasi ijobiy hal etilib, qolgani o‘rganib chiqilgan.

Diyoraxon Nabijonova,
Kun.uz
Operator va montaj ustasi: Abduqodir To‘lqinov

Ko‘proq yangiliklar: