«Ayrim mansabdorlar qo‘pol qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan» - Bosh prokuratura Kogondagi YTH haqida

O‘zbekiston 20:57 / 19.03.2024 54917

Bosh prokuratura matbuot xizmati Buxoro viloyati Kogon tumanida avtobus hamda yuk avtomobili ishtirokida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan ma’lumot taqdim etdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa yuzasidan Buxoro viloyati ichki ishlar tergov organi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi (Transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, darhol tergovga kirishilgan. 

Bundan tashqari, Buxoro viloyati prokuraturasi tomonidan o‘tkazilgan tekshirishda ayrim mansabdor shaxslar maktab bolalarini avtobusda tashish va hamrohlik qilish ishlarini tashkil qilishda qo‘pol qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘yganliklari aniqlangan.

Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 207-moddasi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. 

«Tergov harakatlari har tomonlama, to‘liq va xolisona o‘tkazilishi va natijasi bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi ta’minlanadi», deyiladi xabarda.

Nima bo‘lgandi?

18 mart kuni Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati Buxoro viloyati Kogon tumani hududida avtobus va yuk mashinasi to‘qnashishi oqibatida bir kishi halok bo‘lib, bir kishi jarohatlangani haqida xabar berdi. IIV ma’lumotida o‘quvchi shifoxonada vafot etgani aytilgan, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi rasmiy axborotida esa u voqea joyida halok bo‘lgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, 25 nafar o‘quvchiga tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Kogon tumanidagi 5-IDUM o‘quvchilari dars paytida Buxoro viloyati drama teatriga tomoshaga olib ketilayotgan bo‘lgan.

Bugun.uz ma’lumotiga ko‘ra, maktabning 9-10-11-sinf o‘quvchilaridan iborat 54 nafar o‘quvchisi ikki avtobusda tashilgan.

Ko‘p o‘tmay hodisa videosi ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘ldi. Unda maktab o‘quvchilarini Buxoro shahriga teatr tomoshasiga olib ketayotgan avtobus beton qoruvchi mashina bilan to‘qnashgani aks etgan. Videoda ko‘rinishicha, YTH sodir bo‘lgan chorrahada o‘sha vaqtda svetofor ishlamayotgan bo‘lgan, harakatni tartibga solish uchun esa YPX inspektori ham bo‘lmagan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, avtobus haydovchisi hamda jarohatlangan holda shifoxonaga yotqizilgan o‘quvchi ham vafot etib, jami qurbonlar soni uch nafarga yetgan.

Bolalarni avtobusda tashishda qanday talablar bor?

Vazirlar Mahkamasining 2003 yil 4 noyabrdagi tegishli qarori bilan «Avtomobil transportida yo‘lovchilar va bagajni tashish qoidalari» tasdiqlangan.

Mazkur qoidalarga ko‘ra, bolalarni avtobuslarda tashish sutkaning yorug‘ paytida yaqin masofani yoritadigan chiroqlar yoqilgan holda amalga oshirilishi kerak. Harakat tezligi yo‘l, meteorologiya va boshqa sharoitlarga ko‘ra haydovchi (kuzatib borilganda — uning ta’minlanishi uchun mas’ul bo‘lgan shaxs) tomonidan tanlanadi. Bunda barcha hollarda harakat tezligi soatiga 60 kilometrdan oshmasligi kerak.

Sayohat-ekskursiyalarga olib borishga va bolalarni tashishga bir martalik buyurtmalarga shartnomalar tashuvchilar tomonidan guruhga o‘qituvchilar yoki maxsus tayinlangan katta yoshdagi kishilar hamkorlik qilishi sharti bilan tuziladi. Avtobuslar kolonnasi bilan tashilayotgan bolalarga hamrohlik qilish uchun tibbiy xodimlar ajratish to‘g‘risidagi masala joylarda sog‘liqni saqlash organlari tomonidan qabul qilinadi.

Bolalar, umumta’lim maktablari va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari o‘quvchilarining ekskursiya qilish, turistik va boshqa guruhlari jo‘nab ketishi to‘g‘risida qarorlar qabul qilish, qoidaga ko‘ra, jo‘nab ketish sanasigacha 3 sutkadan kechikmay qabul qilinadi. Jo‘nab ketish uchun tuman (shahar) Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi ruxsatnomasi olingandan keyin ta’lim muassasasi ma’muriyati tashuvchi bilan shartnoma tuzadi.

Shuningdek, mazkur qoidalarda ta’lim muassasasi ma’muriyati tashuvchi bilan shartnoma tuzilganidan keyin jo‘nab ketish sanasigacha uch ish kunidan kechikmay harakatlanish sanasi va qatnov yo‘lini, shuningdek, barcha yo‘lovchilar ro‘yxatini, avtobuslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni ko‘rsatgan holda hamrohlikni tashkil etish uchun buyurtmanomani YHX bo‘limiga kiritishi belgilangan. 

Ammo Buxorodagi holatda maktab ma’muriyati mazkur qoidalarga amal qilmagan.

Ko‘proq yangiliklar: