Mirziyoyev Putinni prezident saylovidagi g‘alabasi bilan tabrikladi

O‘zbekiston 10:44 / 18.03.2024 11380

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putinni bo‘lib o‘tgan prezident saylovida qozongan g‘alabasi bilan tabrikladi.

«Davlatimiz rahbari maktubida saylovchilarning yuqori faolligi va ovoz berish natijalari aholi Vladimir Putinning siyosati va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar dasturiga ishonch bildirayotgani va ularni qat’iy qo‘llab-quvvatlayotganining navbatdagi yorqin namoyishi bo‘lgani ta’kidlanadi.

Mamlakatimiz yetakchisi Rossiya prezidentiga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va davlatchilik faoliyatida katta muvaffaqiyatlar, Rossiya xalqiga esa tinchlik va ravnaq tiladi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

15-17 mart kunlari Rossiyada prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tdi. RF markaziy saylov komissiyasining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, byulletenlarning 99,45 foizi hisoblab chiqilganidan keyin, amaldagi prezident Vladimir Putin 87,32 foiz ovoz bilan g‘alaba qozonmoqda. Keyingi o‘rinlarni mos ravishda kommunistik partiya (KPRF) nomzodi Nikolay Xaritonov (4,3 foiz), «Yangi odamlar» partiyasi nomzodi Vladislav Davankov (3,79 foiz) va liberal-demokratlar partiyasi rahbari (LDPR) Leonid Slutskiy (3,19 foiz) egallagan. 

Shu tariqa, Putin beshinchi muddatga prezidentlik lavozimiga kirishadi.

Ko‘proq yangiliklar: