Buxoroda maktab o‘quvchilari olib ketilayotgan avtobus YTHga uchradi. Bir o‘quvchi halok bo‘lgan 

O‘zbekiston 14:06 / 18.03.2024 29595

18 mart kuni soat 10:30 atrofida Buxoro viloyati Kogon tumanida avtobus va yuk avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xabariga ko‘ra, tartibga solingan chorrahada 33 yoshli haydovchi O.Sh. boshqaruvida bo‘lgan avtobus hamda 40 yoshli haydovchi M.M. boshqaruvidagi yuk avtomobili to‘qnashgan.

«YTH yuzasidan tergovoldi surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Tafsilotlar yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi», deyiladi xabarda.

Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining ma’lum qilishicha, 5-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabi o‘quvchilari 2 ta avtobusda Buxoro shahridagi drama teatriga borayotgan bo‘lgan, ulardan biri YTHga uchragan.

YTH oqibatida bir nafar o‘quvchi voqea joyida vafot etgan, yana bir kishi tan jarohati olgan. 25 nafar yo‘lovchiga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatilgan. O‘quvchilar Buxoro va Kogon shaharlari hamda Kogon tumanidagi tibbiyot muassasalarida tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, maktab o‘quvchilari dars paytida Buxoro viloyati drama teatriga tomoshaga olib ketilayotgan bo‘lgan.

Xabar.uz sayti yozishicha, avtobus va HOWO rusumli yuk mashinasi to‘qnashgan va mashinalarning har ikkisi ham ag‘darilib ketgan.

«To‘g‘risi, biz istamasak-da, Buxoro viloyat drama teatriga o‘z hisobimizdan tomoshaga olib ketishayotgan edi. O‘g‘il bolalarni boshqa avtobusga, qiz bolalarni boshqa avtobusga joylashtirishdi. Bizning avtobus avtohalokatga uchragan avtobus orqasidan ketayotgan edi. Ko‘z oldimizda shunaqa dahshatli to‘qnashuv bo‘ldiki, es-hushimizni yo‘qotayozdik. Axir, u avtobusda bizning o‘g‘il bola sinfdoshlarimiz bor edi», deya Kogon tumanidagi 5-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisining so‘zlari keltirilgan xabarda.

Avtobusdagilar 9-11-sinflar o‘quvchilari bo‘lishgan. 9-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qiz sinfdoshi O.J. ismli o‘g‘il bola voqea joyida vafot etgani va uni ekspertizaga olib ketishganini aytgan.

«Jarohatlanganlar bor. Yana bir sinfdoshimiz og‘ir ahvolda komada ekan. 11-sinf o‘quvchilaridan birining ham vafot etganini aytishmoqda. Ammo, nechog‘lik aniq, bilmadim. Endi bir umr teatrga bormayman…», – degan o‘quvchi qiz.

Ko‘proq yangiliklar: