Holandda omadsiz kunlar, Ispaniyada intriga o‘lmoqda. Kun o‘yinlari

Sport 12:14 / 17.03.2024 27257

Angliya: «Siti» rikoshetlar orqali yarimfinalda

«Manchester Siti» – «Nyukasl» 2:0
Gollar:
1:0 – 13 Bernardu Silva, 2:0 – 31 Bernardu Silva.
«Manchester» Siti – Ortega, Uoker, Ruben Diash, Akanji, Gvardiol, Foden, Kovachich, Bernardu Silva, Rodri, Holand (Alvares, 87), Doku (Bobb, 77).
«Nyukasl» – Dubravka, Sher, Lassels, Botman (Kraft, 83), Bern (Holl, 62), Bruno Gimaraes, Longstaff (Mayli, 62), Uillok (Anderson, 62), Myorfi, Gordon (Almiron, 62), Isak.
Ogohlantirishlar: Sher (18), Lassels (28), Almiron (90).

Angliyada shu kuni kubok turniri asosiy planga chiqdi, ammo bir uchrashuvdan iborat bo‘ladigan chorakfinalda jiddiy kurash kuzatilmadi. «Manchester Siti» «Nyukasl»dan ancha kuchliroq, qolaversa shu kuni omad ham Xosep Gvardiola jamoasi tomonida bo‘ldi. Dastlab Bernardu Silvaning zarbasi Sherga tegib, rikoshet orqali boshqa tomonga yo‘l oldi va Dubravkani ilojsiz holatda qoldi. Portugaliyalik hujumchining keyingi zarbasi ham darvozabonga qiyinchilik tug‘dirmaydigandek ko‘ringandi, ammo zarba yo‘nalishida turgan Botman to‘pga bosh bilan teginishga qaror qildi va to‘p yana darvoza to‘riga borib tushdi.

«Qarg‘alar» birinchi bo‘limdayoq ikki gol o‘tkazib yubordi va raqibga gol ura olmadi, Edersonning jarohati tufayli darvozaga qaytgan Ortega Isakning jarima maydoni ichidan yo‘llagan zarbasidan keyin fenomenal seyv namoyish etdi. 

Ikkinchi bo‘limda «Siti» to‘pga egalik qilishda davom etdi va mehmonlarga qaraganda uch barobar ko‘proq vaziyatlar yaratdi (jami zarbalar bo‘yicha 16:2, darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha 5:1). «Siti» va APLning eng yaxshi to‘purari Holand esa bu mavsum o‘tgan mavsumdagidek sermahsul o‘yin ko‘rsata olmayapti (ayniqsa so‘nggi o‘yinlarda). Angliya Kubogining oldingi bosqichida norvegiyalik hujumchi «Luton» darvozasiga beshta gol urgandi, bu safar esa o‘z vaziyatlaridan foydalana olmadi. U «Nyukasl» darvozasi tomon besh bor zarba yo‘lladi, ammo har safar zarbalari xato ketdi. U yil boshidan buyon o‘tkazilgan 12 o‘yindan 7 tasida maydonni golsiz tark etishiga to‘g‘ri keldi.

Shunga qaramay, «Siti» ishonchli hisobni o‘yin oxiriga qadar saqlab qoldi va Angliyaning qatorasiga olti mavsumda kubok yarimfinaliga chiqqan ilk jamoasiga aylandi. «Shaharliklar» — Angliyada darajasi bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi ushbu sovrinning amaldagi sohibi sanaladi.

Shanba kungi o‘yinlar doirasida «Koventri» ham «Vulverhempton» bilan o‘yinda qo‘shimcha daqiqalarda ikki gol urib (3:2), yarimfinalga chiqdi. Yakshanba kungi o‘yinlarda «MYu» – «Liverpul» hamda «Chelsi» – «Lester» juftliklari keyingi ikki yarimfinalchi nomiga aniqlik kiritadi.

«Fulhem» – «Tottenhem» 3:0
Gollar:
1:0 – 42 Rodrigo Muniz, 2:0 – 49 Lukich, 3:0 – 61 Rodrigo Muniz.
«Fulhem» – Leno, Kastan (Tete, 82), Adarabioyo, Bassi, Robinson, Pereyra (Uilson, 72), Lukich (Rid, 81), Palinya, Villian, Ivobi (Dekordova-Rid, 82), Rodrigo Muniz (Ximenes, 64).
«Tottenhem» – Vikario, Porro, Romero, Dregushin, Udodji, Meddison (Bentankur, 66), Bissuma (Heyberg, 66), Kulusevski, Sarr (Verner, 66), Son Hyon Min (Lo Chelso, 87), Jonson (Risharlison, 80).
Ogohlantirishlar: Palinya (55), Bissuma (63), Jonson (79), Bentankur (90), Rid (90).

Kubok o‘yinlari tufayli chempionatdagi o‘yinlar soni qisqargan, bu tur doirasida «Kreyven Kottej»dagi London derbisi diqqat markazida edi. «Tottenhem» tanaffusga qadar ko‘proq hujum uyushtirdi va gol urish uchun yetarlicha vaziyatlar yaratdi, ammo mezbonlar ham muntazam ravishda va keskin javoblar qaytarib turdi. Bo‘lim oxirida esa Robinsonning chap qanotdan uyushtirgan hujumi Rodrigo Muniz hisobni ochishi bilan yakunlandi. Ikkinchi bo‘lim boshida esa Kastanning o‘ng qanotdan uzatmasiga darvozabon hududiga yetib kelgan Lukich oyoq qo‘yishga ulgurdi va hisobdagi ustunlik oshirildi.

Bir hafta oldin kuchli to‘rtlik uchun to‘g‘ridan to‘g‘ri raqobatchisi bo‘lgan «Aston Villa»ga safarda javobsiz to‘rtta gol urgan «Tottenhem»ni tanib bo‘lmay qoldi. Agar mezbonlarning yana bir goli ofsayd tufayli bekor qilinmaganida va Vikarioning qator seyvlari bo‘lmaganida, bu o‘yin protokolida ham 4:0 hisobi aks etgan bo‘lardi. Mehmonlar qulay pozitsiyalardan ham gol ura olishmadi va jamoaning APLda 39 uchrashuvdan iborat golli seriyasiga barham berildi. «Tottenhem» hamon beshinchi o‘rinda va o‘yinlar soni teng holatida «Aston Villa»dan ikki ochkoga ortda qolmoqda.

Ispaniya: Madridda «plyus 10»

«Osasuna» – «Real» 2:4
Gollar:
0:1 – 4 Vinisius Junior, 1:1 – 7 Budimir, 1:2 – 18 Karvahal, 1:3 – 61 Braim Dias, 1:4 – 64 Vinisius Junior, 2:4 – 90 Munos.
«Osasuna» – Errera, Areso, Unai Garsiya, Katena (Munos, 70), Errando (Xuan Krus, 79), Moxika, Moyses Gomes (Raul Garsiya, 70), Torro, Monkayola, Arnais (Ruben Garsiya, 69), Budimir (Ibanes, 70).
«Real» – Lunin, Karvahal, Ryudiger, Tchuameni, Mendi (Fran Garsiya, 85), Kroos (Vaskes, 77), Valverde, Kamavinga (Nacho, 72), Braim Dias (Modrich, 72), Vinisius Junior (Guler, 85), Rodrigo.
Ogohlantirishlar: Errando (31), Vinisius Junior (44), Kamavinga (53), Torro (55), Unai Garsiya (63).

«Real» «Osasuna»ga safarda to‘rt gol urib, navbatdagi uch ochkoni qo‘lga kiritdi. Vinisius o‘yin qahramonlaridan biri bo‘ldi. Ammo u sportga xos bo‘lmagan harakati tufayli «Atletik»ka qarshi muhim uchrashuvni o‘tkazib yuboradi.

Madridliklar Bellinghemsiz ikkinchi o‘yinni o‘tkazdi: Jud «Valensiya»ga qarshi o‘yin oxirida gol urgan, ammo bungacha arbitr final hushtagini chalib bo‘lgani uchun gol bekor qilingan, hakam bilan bahslashgan futbolchi esa qizil kartochka olgadi. Shu kunlarda Marokash milliy jamoasiga o‘tgan Braim Dias uning o‘rniga o‘ynamoqda. «Selta»ga qarshi oldingi o‘yinda ingliz futbolchisiz ham oson g‘alabaga erishildi (4:0).

Jamoadagi yana bir o‘zgarish — Nacho zaxirada qoldirilishi va Tchuameni mudofaa markazidan joy egallashi bilan bog‘liq. Militao uzoq vaqtlik jarohatdan tuzalmoqda — u bir hafta oldin shug‘ullanishni boshladi. Shunday ekan, tez orada «Real» himoyasidagi muammolar kamayadi. 

«Osasuna»ga qarshi o‘yinning 4-daqiqasidayoq hisob ochildi — Vinisius chempionatdagi 11-golini urdi. Mehmonlar himoyachisi Katena jarima maydoni atrofida to‘pni oldirib qo‘ydi va braziliyalik hujumchi yakkama-yakka vaziyatdan foydalandi. Lekin bir necha daqiqa o‘tib Budimir burchak zarbasidan keyin muvozanatni tikladi. Bu madridliklar joriy mavsumda standart vaziyatdan keyin ilk bor gol o‘tkazib yuborishi bo‘ldi. Vinisius esa Ryudigerning himoyachilar orasidan o‘tkazib bergan pasidan foydalana olmadi: yakkama-yakka vaziyatda to‘pni Erreraning oyoqlari orasidan o‘tkazmoqchi bo‘ldi, ammo darvozabon qutqardi. 

Jamoalar 18-daqiqaga kelib 90 daqiqa uchun yetarli bo‘lgan hujumlar uyushtirishdi, ammo Errera va Lunin o‘z ishlarini to‘g‘ri bajarishdi. Keyin esa Valverdening mohirona harakatlarini markaziy hujumchi pozitsiyasida paydo bo‘lgan Dani Karvahal mohirona zarbasi bilan yakunlab berdi.

Bo‘lim oxirida esa Vini keraksiz vaziyatda sariq kartochka oldi: u maydonning raqib qismida qoida buzdi, arbitr bilan suhbat vaqtida esa kulib qo‘l silkidi. Endi «Atletik» bilan o‘yinda ushbu braziliyalik jamoaga yordam bera olmaydi.

Ikkinchi bo‘limda esa jamoalar futboldan ko‘ra kurash namoyish etishdi: 15 daqiqa davomida jamoalar juda ko‘p fol ishlatishdi va kutilgan gol ko‘rsatkichi bo‘yicha jami 0,01 xG qayd etishdi. Shundan keyin «Real» o‘yinda favorit kimligini eslab qolib, uch taqiqada ikki gol urdi.

Avvaliga Lunin to‘pni uzoqlashtirgach, Valverde havodagi kurashda ustun keldi va to‘pni oldinga tashladi, bu to‘pga yetib borgan Braim yakkama-yakka vaziyatdan foydalandi. Keyin Ryudiger yana o‘zini pleymeyker sifatida namoyon etib, to‘pni chap qanotga oshirib berdi. Valverde esa raqib jarima maydoniga yorib kirgan Vinisiusni to‘p bilan ta’minladi va u bu safar Errerani dog‘da qoldirdi.

«Osasuna» ikkinchi bo‘limda 90+1-daqiqaga qadar umuman hech qanday vaziyat yarata olmadi: qo‘shib berilgan daqiqalarda esa Munos hisobni bittaga qisqartirdi. «Real» esa yana gol urishi mumkin edi: Vinisius het-trikka yaqin edi, Errera Rodrigo bilan duelda ustun keldi, Modrichning xavfli uzatmasini bartaraf etdi, Guler Errera oldinga chiqib ketganini ko‘rib, maydon markazidan shedevr gol urishi mumkin edi, ammo uning zarbasi to‘singa tegdi.

Buni madridliklar va diskvalifikatsiyasi bo‘lmaganda Vini uchun ham ideal o‘yin deyish mumkin edi. «Atletik»ka qarshi o‘yinda Bellinghem safga qaytadi, shunga qaramay, kurashuvchan basklarga qarshi o‘yinda braziliyalik futbolchining yo‘qligi sezilishi mumkin.

«Xetafe» – «Jirona» 1:0
Gol:
1:0 – 33 Santyago.
«Xetafe» – Soriya, Iglesias (Duarte, 90), Jyene, Alderete, Alvares (Riko, 57), Maksimovich, Milya, Moriba (Alenya, 68), Santyago (Mata, 68), Oskar Rodriges (Karmona, 90), Grinvud.
«Jirona» – Gassaniga, Yan Kouto, Xuanpe, Erik Garsiya, Blind, Aleish Garsiya (Solis, 54), Martin, Torre (Garsiya, 77), Portu (Stuani, 77), Savio, Dovbik.
Ogohlantirishlar: Savio (9), Alderete (11), Aleish Garsiya (15), Portu (39), Milya (52), Stuani (86), Oskar Rodriges (90), Karmona (90), Sanches (90).

«Jirona» «Xetafe»ga mag‘lubiyatga uchradi (qatorasiga to‘rtinchi safar o‘yinida) va endi «Real»dan 10 ochkoga ortda qolmoqda. Qolaversa, bu turda «Barselona» «Atletiko»ni mag‘lubiyatga uchratsa, ikkinchi o‘ringa chiqib olishi mumkin.

«Jirona» «Xetafe» bilan o‘yinga Tsigankov – Dovbik tandemini tushira olmadi. Yarimhimoyachi jarohat olgan va o‘yin qaydnomasiga kiritilmadi. Tarkibdagi boshqa muammolar kataloniyaliklar bosh murabbiyi Michelni chap qanot himoyasiga Blindni qo‘yishga majbur qildi. Jamoada hujum chizig‘i ham kuchsizlangandi va hisob 0:0 holatida mehmonlar hujumga o‘tishga oshiqishmadi.

«Jirona» markaziy hujumchisi Dobvikka yetarlicha uzatmalar bo‘lmadi, dastlabki 40 daqiqa davomida u atigi sakkiz bor to‘p bilan uchrashdi, shundan faqat bittasi raqib jarima maydoni ichida. O‘yinda mehmonlar zarariga bahsli holatlar ham kuzatildi, Artyom Dobvikning uzatmasidan keyin Portu yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketayotgandi, amo Alderete uning futbolkasidan tortib qoldi. Hakam Munuera Montero sariq kartochka ko‘rsatdi, videoassistentlar uni qizil ehtimolini ko‘rib chiqish uchun VAR monitoriga chaqirishdi, ammo referi o‘z qarorini o‘zgartirmadi. Keyin mezbonlar himoyachisi Jyene to‘pni jarima maydonidan uzoqlashtirishda toyib ketib, Dovbikning oyog‘iga borib urildi. Ammo hakam bu zarba u qadar kuchli bo‘lmagani va folga tortmasligini bildirdi.

O‘yinda darvoza sohasiga borgan ilk zarba o‘yinning yarim soati ortda qolganida ro‘y berdi. Bu zarba «Xetafe» tomonidan yo‘llandi va hisob ochildi. O‘ng qanotda Moribadan to‘pni qabul qilgan Santyago ikki teginishdan keyin to‘pni uzoq burchakka aniq yo‘lladi.

Bo‘lim oxirida Dovbik ikki qulay vaziyatga ega bo‘ldi, ammo aniq zarba bera olmadi. Tanaffusdan keyin «Xetafe» to‘pni nazorat qildi va raqibga hujum qilishga imkon bermadi. Faqat bo‘limning ikkinchi qismiga o‘tib «Jirona» maydonning ikkinchi qismida faollashdi. Dovbik yana ikki qulay vaziyatga ega bo‘ldi. Birinchi epizodda u ikki himoyachidan qochib ketib, jamoasining o‘yin boshidan buyon darvoza sohasiga borgan ilk zarbasiga mualliflik qildi – ammo yerlatib berilgan zarba darvozabonga qiyinchilik tug‘dirmadi. Keyin kataloniyaliklar chiroyli kombinatsiya uyushtirishdi va Savio to‘pni qulay vaziyata turgan Artyomga yetkazib berdi. Ammo u yana vaziyatdan foydalana olmadi.

«Jirona» 85-daqiqada javob golini urish uchun so‘nggi imkoniyatini ham yo‘qqa chiqardi, kross uzatma uchun havodagi kurashda ustun kelgan Dovbik bosh bilan zarba berdi, yana muvaffaqiyatsiz. O‘yinga qo‘shib berligan yetti daqiqa davomida «Xetafe» raqibga hujum qilishga imkon bermadi. Zarbalar statistikasi bo‘yicha amalda durang – 11:12 (darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar – 3:3), ammo Xose Bordalasa jamoasi g‘alabaga erishdi.

Germaniya: Keyn bundesliga rekordini yangiladi

«Darmshtadt» – «Bavariya» 2:5 
Gollar:
1:0 – 28 Skarke, 1:1 – 36 Musiala, 1:2 – 45 Keyn, 1:3 – 64 Musiala, 1:4 – 74 Gnabri, 1:5 – 90 Tel, 2:5 – 90 Vilhelmsson.
«Darmshtadt» – Shuen, Myuller, Ishervud, Klarer (Tsimmermann, 50), Holland (Karich, 71), Yustvan, Honzak (Zaydel, 71), Kempe, Franich (Gyasula, 79), Skarke (Polter, 79), Vilhelmsson.
«Bavariya» – Noyyer, Dayyer, de Ligt, Gerreyru (Devis, 71), Pavlovich (Laymer, 58), Goretska, Kimmih, Myuller (Gnabri, 71), Sane (Tel, 70), Musiala, Keyn (Shupo-Moting, 82).
Ogohlantirish: Franich (67).

«Bavariya» Darmshtadtda hisobda ortda quvishiga to‘g‘ri keldi va yana Keyn o‘yinda burilish yasadi. Avvaliga Harri Musialaga hisobni tenglashtirishda yordam berdi. Keyin — yiqilayotgan holatda bosh bilan ajoyib zarba berdi, bu vaziyatda fintlar bilan himoyachilarni shoshirib qo‘ygan va to‘p maydonni tark etishiga yo‘l qo‘ymagan Kimmih ham ajoyib harakat qildi. Mezbonlar yana vaziyatni tenglashtirishga juda yaqin keldi va bu epizodda myunxenliklarni darvoza ustuni goldan saqlab qoldi, ammo shundan keyin o‘yin Tomas Tuxel ssenariysi bo‘yicha kechdi. Ikkinchi bo‘limda Musiala yana bir gol urdi va Gnabriga pas berdi. Uzoq davolanishdan keyin safga qaytgan ushbu futbolchi qatorasiga ikkinchi turda gol urmoqda. Ammo barchasi mehmonlar uchun ideal yakunlanmadi, o‘yin oxirida darvoza ustuniga borib urilgan Keyn jarohat olib almashtirildi. Lekin u maydonni yangi rekord bilan tark etdi, bungacha bundesligada hech kim ilk mavsumidayoq 31 gol urmagan.

«Hoffenhaym» – «Shtutgart» 0:3
Gollar:
0:1 – 16 Miyo, 0:2 – 45 Girassi, 0:3 – 68 Leveling.
«Hoffenhaym» – Baumann, Kaderjabek (Skov, 78), Akpoguma (Nsoki, 46), Dreksler, Grillich, Yurasek, Shtax (Beker, 67), Toxumju, Veghorst (Kramarich, 67), Bebu (Byulter, 67), Bayyer.
«Shtutgart» – Nyubel, Vagnoman, Mittelshtedt, Anton (Stergiu, 84), Ito, Fyurix (Mvumpa, 76), Karazor, Shtiller, Miyo (Jon Vu Yen, 76), Girassi (Dahud, 84), Undav (Leveling, 65).
Ogohlantirish: Kaderjabek (45).

«Bayyer» va «Bavariya» birinchi va ikkinchi o‘rinlarni hech kimga berib qo‘ymasligi tayin, «Shtutgart» ham uchinchi o‘rinda o‘zini ancha ishonchli his qilmoqda. Qolaversa, Afrika kubogidan qaytganidan keyin jarohatidan tuzalgan Girassi yuqori sport formasida. «Hoffenhaym» maydonida ham shvablar mergani chiroyli fint bilan birinchi golli hujumga hissa qo‘shdi, bu hujum yakunida Undav Miyoni zarba berish holatiga chiqardi. Tanaffus arafasida esa Girassi jarima maydoni ichiga kesib uzatilgan pasni golga aylantirdi. Gvineyalik hujumchiga ham Undav assistentlik qildi, ushbu juftlik chempionatda birgalikda 36 gol urishgan. Bu Elber — Bobich tandemining takrorlanishi bo‘ldi, Yurgen Klinsmann va Karl Allgeverning klub rekordiga yetishga esa bir gol qoldi.

Kun statistikasi

  • «Koventri» o‘z tarixida 2-bor Angliya Kubogi yarimfinaliga chiqdi. O‘tgan safar bu 1986/87 yillar mavsumida qayd etilgan va o‘shanda jamoa sovrinni o‘ziniki qilgandi.
  • «Torino» forvardi Sapata A seriyaning so‘nggi sakkiz mavsumidan 7 tasida gollari sonini o‘ndan oshirmoqda. Bunday ko‘rsatkichga faqat «Latsio» hujumchisi Immobile erishgandi.
  • Joselen Gurvennek «Nant» bosh murabbiyligidagi dastlabki 15 o‘yinidan 10 tasida mag‘lubiyatga uchradi. Bungacha hech bir murabbiy bunday qisqa vaqt ichida bunday yomon natija qayd etmagandi.
  • «Torino» Italiya chempionatining 29 turida 14 o‘yinda o‘z jamoasi darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi, jamoada bunday natija 1991/92 yillar mavsumidan buyon kuzatilmagandi.
  • «Augsburg» hisobda ortda borayotgan o‘yinlarida vaziyatni o‘zgartirish orqali jami 23 ochko to‘pladi. Shunday o‘yinlarda yana olti ochko ishlansa «Bayyer»ning 1999/00 yillar mavsumidagi (29 irodali ochko) rekordi takrorlanadi.
Ko‘proq yangiliklar: