Albaniyadagi yuz minglab bunkerlar – Bolqondagi mitti davlat nega SSSRdan himoyalanmoqchi bo‘lgandi?

Jahon 12:22 / 17.03.2024 25524

Ikkinchi jahon urushidan keyin Sharqiy Yevropadagi barcha davlatlar SSSR ta’sir doirasi ostiga tushib qoladi. Ularda kommunistik tuzum o‘rnatilib “sovetcha” boshqaruv usuli joriy etiladi.

Shu tariqa Polsha, Vengriya, Chexoslovakiya (Chexiya va Slovakiya o‘sha paytlarda bitta davlat bo‘lgan), Ruminiya, Bolgariya, Albaniya va Yugoslaviya (bu davlat oltita ittifoqdosh respublikadan iborat bo‘lgan) 1990-yillar boshigacha SSSR vassaliga aylanadi.

Yuqoridagi davlatlar orasida ayrimlari kommunistik tuzumga qarshi bosh ko‘tarib ko‘radi. Biroq bunday harakatlar Moskva tomonidan ayovsiz bostiriladi.

Jumladan, 1953 yil 3 may kuni Bolgariyadagi tamakini qayta ishlash korxonasida, o‘sha yili 31 may 2 iyun oralig‘ida Chexoslovakiyadagi bir nechta korxonalarda, 15-18 iyun kunlarida GDRda ishchilar maoshlar kamligi, mehnat sharoiti yomonligi sababli kommunistik tuzumga qarshi namoyishlar o‘tkazishadi. Bu namoyishlarning barchasi ayovsiz tarzda bostiriladi.

SSSRga qarshi ko‘tarilgan isyonlarning uchtasi yirik ko‘lamli bo‘lgan va ularda ancha odam halok bo‘lgan, boshqalari tan jarohatlari olgan. Bular:

  • 1956 yil yozda Polshaning Poznan shahrida sodir bo‘lgan antisovet g‘alayonlari;
  • 1956 yilda Vengriya poytaxti Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan namoyishlar;
  • 1978 yilda Chexoslovakiyada kommunistik tuzumga qarshi qo‘zg‘olon.

Har uchala hodisada ham jarayonga sovet armiyasi aralashib, qo‘zg‘olonchilar, namoyishchilar ayovsiz otib tashlanadi.

Sovet tanklari Praga shahrida, 1968 yil
drugoi.livejournal.com

Sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlar orasida Yugoslaviya va Albaniya SSSR bilan sal murosasiz munosabatda bo‘lishgan. Bu ikki davlat sotsialistik lagerdan chiqishga urinmagan, shunchaki boshqa masalalarda kelishmovchiliklar kelib chiqqan.

Masalan, Ikkinchi jahon urushidan keyin Yugoslaviyani boshqargan Iosif Broz Tito va Albaniyani boshqargan Anvar Xo‘ja Stalin bilan juda do‘stona aloqada bo‘lgan.

1953 yilda Stalin vafotidan so‘ng SSSRda uni qoralash kompaniyasi boshlanadi va bu Broz Tito hamda Anvar Xo‘jaga yoqmaydi. Shu sababli Albaniya va Yugoslaviya Moskva bilan munosabatlarda soviy boshlaydi.

1955 yilda tashkil etilgan sotsialistik lagerga kiruvchi davlatlarning harbiy blogiga Yugoslaviya a’zo bo‘lmaydi. Albaniya boshida a’zo bo‘lib, 1962 yildan ishtirokini to‘xtatadi. 1968 yildan harbiy blokdan chiqib ketadi.

Xaritada qizil rangda Varshava shartnomasi tashkiloti harbiy blogiga a’zo davlatlar ko‘rsatilgan. 1960-yillarda Albaniya undan chiqib ketgan

Stalin tarafdori

1953 yil 5 mart kuni SSSRni 31 yil boshqargan Iosif Stalin vafot etadi. Shundan so‘ng SSSRda yuqori martabali shaxslar o‘rtasida taxt uchun zimdan raqobat boshlanadi.

Bunda Xrushchyov, Beriya va Stalinning eski safdoshlari Molotov, Voroshilov hamda Kaganovichdan iborat guruh o‘zaro raqobatlashadi. Oxir-oqibat Xrushchyov yutib chiqadi va SSSR rahbari bo‘ladi.

U eng avval o‘ziga qarshi chiqqanlarni, bundan tashqari Stalin qatag‘onlarida bosh rollarni ijro etgan amaldorlarni ishdan chetlashtiradi. Ayrimlari qamaladi.

Undan so‘ng mamlakatda Stalinni qoralash kompaniyasi boshlanadi. 1956 yilda Nikita Xrushchyov partiyaning XX s’yezdida «Shaxsga sig‘inish va uning oqibatlari» haqida ma’ruza qiladi va Stalin davrida qilingan ishlarni keskin qoralaydi. “Xalqlar dohiysi” deb ta’riflanadigan Stalinning o‘zini «qonxo‘r va zolim edi» deb ataydi.

Sovet rahbarining s’yezdda qilgan ma’ruzasi va Stalinni qoralashi Broz Tito kabi Anvar Xo‘jaga ham yoqmaydi. Shundan so‘ng SSSR va Albaniya o‘rtasidagi munosabatlar sovuqlasha boshlaydi.

1962 yilda Albaniya kommunistik davlatlar harbiy blogi – Varshava shartnomasi tashkilotidagi ishtirokini to‘xtatadi. 1968 yildan undan chiqib ketadi.

Anvar Xo‘ja va Stalin
www.skyscrapercity.com

Anvar Xo‘ja Moskva bilan munosabatlarning sovuqlashishi salbiy oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligini bilib turardi. O‘sha paytda SSSR Albaniyani bosib olib, Anvar Xo‘jani ag‘darib tashlashi, yoki Moskva bu ishni boshqalarning qo‘li bilan qilishi mumkin edi.

Gap shundaki, o‘sha paytlarda Albaniya o‘zining qo‘shnisi Gretsiya va hatto sotsialistik lagerga kiruvchi Yugoslaviya bilan ham yaxshi munosabatda emasdi.

Bunga sabab, Albaniya har ikki davlat hududidagi etnik albanlar yashaydigan hududlarni da’vo qilardi. Ma’lumot uchun, Yugoslaviya tarkibida bo‘lgan Makedoniya va Serbiya respublikalarida va Gretsiya shimolida etnik albanlar yashaydigan hududlar bor edi.

Ana shunday vaziyatda Moskva Yugoslaviyani Albaniyaga qarshi gijgijlashi va serblar yordamida Anvar Xo‘jani taxtdan ag‘darib tashlashi mumkin edi. O‘sha paytda Albaniyani shimol va sharq tomondan Yugoslaviya o‘rab turar va ikki davlat juda katta hududda chegaradosh edi.

Agar Moskvadan ishora bo‘lsa istalgan vaqtda serblar Albaniyaga bostirib kirishga tayyor edi. Ana shunday vaziyatda Anvar Xo‘ja mamlakatning barcha hududlarida bunkerlar qurishga buyruq beradi. Natijada kichik bir davlatda 20 yildan oshiqroq vaqtda 100 mingdan oshiq (!) bunker quriladi.

Albaniyada qurilgan bunkerlar
forum.say7.info

Bunkerlar

Albaniya Moskva bilan munosabatlarda masofa saqlashga o‘tar ekan, mamlakat yangi harbiy doktrina qabul qiladi. Unda mamlakat har doim tashqi kuchlar hujumiga tayyor turishi va bu yo‘lda xalq frontiga tayanishi ko‘zda tutilgandi.

O‘sha paytda mamlakatning har bir erkak aholisi 18 yoshga yetganda harbiy xizmatni o‘tashi, so‘ng doimiy harbiy zaxira sifatida hisobda turishi belgilab qo‘yilgandi.

Ma’lumot uchun, SSSRda ham shunday bo‘lgan. Sog‘ligida muammo bo‘lmagan yigitlar harbiy xizmatga chaqirilgan va ikki yil (1970-yillargacha uch yil) harbiy xizmatni o‘tashi shart bo‘lgan. Harbiy xizmatni o‘tab bo‘lganidan so‘ng qariyb 50 yoshigacha harbiy zaxirada hisobda turgan.

Fishki.net

Bundan tashqari, harbiy doktrinada mamlakat bo‘ylab barcha joyda beton bunkerlar qurilishi va ularda doim harbiylar sergak turishi belgilab qo‘yilgandi.

1960-yillarda mamlakat bo‘ylab bunkerlar qurilishi boshlanadi va jarayon 1989 yilgacha davom etadi. Bunkerlar temir-betondan mustahkam qilib, joyiga qarab turlicha qilib quriladi.

Bunkerlarning usti gumbazsimon bo‘lib, ularning kichiklariga 2 kishi, kattalariga esa bir-o‘n nafar odam sig‘ardi. Bunkerlarning to‘rt tomonida dotlar qilingan bo‘lib, ularga o‘qotar qurollar joylashtirilardi.

Ular butun mamlakat bo‘ylab barcha joylarda, shahar va qishloqlarda, ekin maydonlari, adirlar hamda tog‘larda, hatto dengiz sohillarida ham quriladi.

verainalbania.livejournal.com

Yirik shaharlar va poytaxt Tirana atrofidagi bunkerlarning aksariyati yerosti yo‘laklari orqali bir-biriga bog‘langandi.

Eng ko‘p bunker Tirana atrofida besh qator qilib qurilgandi. Mabodo dushman bostirib kelsa ham quruqlik orqali poytaxtga kira olmasdi.

Qariyb 20 yilda umumiy hisobda 200 ming atrofida bunker quriladi. Ba’zi ma’lumotlarda ularning soni 100 ming bo‘lgani, boshqasida esa 500 mingga yetishi haqida yozilgan.

Biroq Albaniya hududi uncha katta emasligi inobatga olinsa 500 mingta bunker qurilgani haqidagi ma’lumot haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

O‘sha paytda garchi qulay geografik mintaqada joylashgan bo‘lsa ham Albaniya Yevropadagi eng kambag‘al davlatlardan biri edi. Bu davlat SSSR bilan masofa saqlar, G‘arb bilan hamkorlik qilmas, oqibatda iqtisodiy rivojlanishi juda sust edi.

Ana shunday sharoitda Anvar Xo‘ja mamlakatni bunkerlarga to‘ldirish uchun juda katta mablag‘larni sarflab yuboradi. 1985 yilda u vafot etadi. Biroq uning o‘rniga kelgan Aliya Ramiz ham mamlakatda bunkerlar qurishni davom ettiradi.

zzyqxn.com

Bunkerlar qurilishining to‘xtatilishi

1989 yilga kelib bunkerlar qurish to‘xtatiladi. Bunga sabab Albaniya mustaqilligi uchun xavf biroz bartaraf bo‘lgandi.

Gap shundaki, o‘tgan asrning ikkinchi yarmida Albaniya uchun eng jiddiy xavf tug‘dirgan davlatlar SSSR va Yugoslaviya edi. Sovet ittifoqi parchalanib ketgandan so‘ng ko‘p o‘tmay Yugoslaviya ham parchalandi.

Ma’lumot uchun Yugoslaviya tinch parchalanmaydi. 1991-1992 yillarda Yugoslaviya tarkibidagi respublikalar o‘z mustaqilligini e’lon qilgach serblar ularga qarshi urush boshlaydi va u bir necha yilga cho‘ziladi.

Uyga aylantirilgan bunker
www.alamy.com

Shundan so‘ng Albaniyada qurilgan bunkerlar o‘z ahamiyatini yo‘qotadi va yangilarini qurish to‘xtatiladi. Ko‘p o‘tmay ulardan boshqa maqsadlarda foydalana boshlashadi. Kimdir kafe, ikkinchisi boshqa xizmat ko‘rsatish shoxobchasi ochadi.

Hatto ayrimlar yirikroq bunkerlarni ta’mirlab, uni uy qilib ham olishadi. Yana kimdir bunkerlardan molxona yoki omborxona sifatida foydalanmoqda.

Muzeyga aylantirilgan bunker
ru-travel.livejournal.com

Foydalanishning iloji bo‘lmaganlari qarovsiz qoladi. Infratuzilmaga xalaqit berganlari buzib tashlanadi. Shunday bo‘lsa ham bugun Albaniyada 100 minglab bunkerlar saqlanib qolmoqda.

Mamlakatga keladigan sayyohlarga uning e’tiborga sazovor bo‘lgan joylari bilan birga bir paytlar mamlakat himoyasi uchun qurilgan bunkerlarni ham ko‘rsatishadi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: