Tugatilgan Qo‘yliq, “qovun tushirgan” UzAuto va 98 foizga yetgan davomat - hafta dayjesti

O‘zbekiston 17:38 / 16.03.2024 37342

Milliy gvardiya effekti: maktablarda davomat salkam 100 foizga yetgani aytilmoqda. Oshkoralikka teskari tendensiya: jamoatchilik Perfectum ham sotilganidan xabar topdi. Tashabbusli budjetda ovoz berish boshlandi: bu safar yutish imkoniyati ko‘proq. Yakunlanayotgan haftaning shu va boshqa xabarlari – Kun.uz dayjestida.

Qo‘yliq ulgurji bozori tugatilmoqda

Toshkentning eng mashhur va ramziy joylaridan biri, shaharni oziq-ovqat bilan ta’minlash zanjirining asosiy halqasi bo‘lib kelgan Qo‘yliq ulgurji bozori – endi o‘tmish. Yil boshida bozor “ta’mirlash uchun” degan vaj bilan yopilganida bu shunchaki bahona ekanini aytganlar haq bo‘lib chiqdi: bozor rekonstruksiya emas, likvidatsiya qilinadi.

Qo‘yliqdagi savdogarlarni yangi qurilgan Food city savdo majmuasiga ko‘chirish harakatlari 2021 yilda boshlangan edi. O‘shanda Toshkent shahar hokimligi Qo‘yliq bozori va unga tutash ulgurji savdo maydoni ko‘chirilishini e’lon qilgan, rasmiylar buni bozorda zarur sharoitlar yo‘qligi bilan izohlagan, tadbirkorlarga zudlik bilan bozorni bo‘shatib qo‘yish, aks holda hatto jinoiy javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirish xatlari berilgandi. Buning ortidan ayrim bozorchilar norozilik bildirib, halqa yo‘lini to‘sib qo‘ygani sabab qamoqqa olingandi.

Savdogarlar taklif etilayotgan yangi bozorda ijara to‘lovlari qimmatligi va mijozlarini yo‘qotib qo‘yishlarini aytib, ko‘chib o‘tishga shoshilmagani, boshqa tomondan internetdagi tanqidlar fonida majburiy ko‘chirish operatsiyasi to‘xtatilgan edi. 2024 yil yanvariga kelib, Toshkent shahar hokimligi ulgurji bozor rekonstruksiya qilinishi sababli yopilganini e’lon qilib, tadbirkorlarni yana bir marta Food city va “Toshkent indeks” kabi majmualarga ko‘chib o‘tishga chaqirdi. Buning ortidan shaharda meva-sabzavotlar narxi qimmatlashdi.

Mart oyiga kelib ma’lum bo‘lishicha, ulgurji bozorning yuridik shaxsi – “Toshkent qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ulgurji bozori” AJ likvidatsiya haqida qaror qabul qilgan. Korporativ hujjatlar bu jarayon ham tartibsiz bo‘lganini ko‘rsatyapti. Gap shundaki, bozor kuzatuv kengashi 24 yanvar kuni nominal qiymati 54 mlrd so‘mlik qariyb 36 millionta aksiyani emissiya qilish haqida qaror chiqargan. Bundan maqsad rekonstruksiya uchun mablag‘ jalb qilish bo‘lgandir, ehtimol. Oradan 5 kun o‘tib, aksiyadorlar umumiy yig‘ilishiga kompaniya faoliyatini tugatish masalasi kiritilgan va bu taklif bir ovozdan rad etilgan. Lekin ko‘p o‘tmay vaziyat o‘zgargan, 29 fevral kuni 94 foizlik kvorum bilan kompaniya faoliyatini tugatishga qaror qilingan. Vaholanki, bundan bir kun oldin bozorning 54 mlrd so‘mlik yangi aksiyalari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan edi.

Ulgurji bozor o‘rnida nima qurilishi ma’lum emas. Bozorning 93 foizlik aksiyalari egasi bo‘lmish Toshkent shahar hokimligi hech qanday izoh bermayapti. Faollarga ko‘ra, bu holatda minoritar aksiyadorlar, ya’ni qariyb 7 foizlik ulush egasi bo‘lgan mehnat jamoasining huquqlari buzilayotgan bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun, faoliyati tugatilayotgan kompaniya bu Qo‘yliq ulgurji bozori bo‘lib, uning yonida joylashgan Qo‘yliq dehqon bozori ishlashda davom etyapti. Shuningdek, yuqorida aytib o‘tganlarimiz ko‘prikning narigi tomonidagi Qo‘yliq universal savdo markaziga tegishli emas. Davlatga qarashli dehqon bozori va xususiy savdo markazi – ulgurji bozordan alohida, boshqa-boshqa yuridik shaxslarga tegishli.

Perfectum xususiylashtirilgan

Aftidan, endilikda davlatga tegishli deb hisoblab kelingan biror-bir yirik aktivni hozir ham davlatniki deb ishonch bilan aytish uchun korporativ hujjatlarga bir nazar tashlab qo‘yish zarar qilmaydi. Ayniqsa, oxirgi yirik xususiylashtirish keyslaridan keyin. Bo‘layotgan ishlar jamoatchilik faollarining biror-bir mulk sotilib ketmadimikin deb har-har zamonda tekshiruv o‘tkazib turishini ham zaruratga aylantirib qo‘ydi.

O‘tgan haftalarda jamoatchilik mamlakatdagi eng yirik benzin shoxobchalari tarmog‘i va Chinoz neftni qayta ishlash zavodi xususiylashtirilganidan xabar topgan, qachon, qanday qilib, qancha narxga sotildi degan savollar esa ochiq qolgan edi. Bu savollar haligacha javobsiz qolayotgan bir paytda, Perfectum kompaniyasi ham bir necha oy oldin davlat tasarrufidan chiqarilgani oydinlashdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Perfectum'ning yuridik shaxsi – “Rubicon Wireless Communication” MChJning 100 foiz ulushi Abdumalik Iminov ismli fuqaro egaligiga o‘tgan. Qachon, qancha narxga, nega ochiq tanlovsiz degan savollarni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi odatdagidek javobsiz qoldirdi. Ma’lumot uchun, Perfectum xususiylashtirish dasturiga kiritilgan 2020 yilda kompaniyaning 65 foiz ulushi davlatga tegishli edi.

Markaziy bank: Tashqi savdo balansidagi taqchillik saqlanib qoladi

Hafta davomida AQSh dollarining so‘mga nisbatan kursi yangi maksimum – 12 630 so‘mga yetdi. Kurs tebranishidagi fundamental omil – tashqi savdo borasida kutilmalar ijobiy emas. Agar oxirgi vaqtlarda barqaror saqlab turilgan rubl kursi bugun Rossiyada bo‘lib o‘tayotgan prezidentlik saylovidan keyin pasaya boshlasa, bu so‘mga qo‘shimcha bosim o‘tkazadi. Qolaversa, Markaziy bank bayonotiga ko‘ra, yaqin istiqbolda tashqi savdo balansidagi taqchillik saqlanib qolishi kutilyapti. Eksport va import qiymati o‘rtasidagi manfiy saldo 2023 yilda salkam 14 mlrd dollarga yetgandi.

Regulyator shu hafta iqtisodiyotdagi noaniqliklar va inflatsiyani oshiruvchi kutilmalarning saqlanib qolayotganidan kelib chiqib, asosiy stavkani 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirdi. Shuningdek, 2024 yil uchun inflatsiya prognozi ham 8-9 foiz darajasida saqlab qolindi. Markaziy bank o‘z sharhida yil boshidan beri oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish dinamikasi pasaygani, bu qisqa muddatli istiqbolda talab va taklif nomutanosibligini keltirib chiqarishi yoki importga qo‘shimcha bosim yaratishi mumkinligini qayd etgan. Rasmiy statistikaga ko‘ra, yanvar oyida oziq-ovqat sektoridagi ishlab chiqarish o‘tgan yilning yanvariga nisbatan qariyb 11 foizga qisqargan.

Markaziy bank shu hafta oltin-valuta zaxiralari hisobotini ham e’lon qildi. Har oy berib boriladigan hisobot yanvar oyi uchun e’lon qilinmagani xavotirlarga sabab bo‘lgandi. Ma’lum bo‘lishicha, O‘zbekistonning rasmiy zaxiralari yanvar-fevral oylarida 2,37 mlrd dollarga yoki qariyb 7 foizga kamayib, 1 mart holatiga 32 mlrd 195 mln dollarni tashkil etgan. Mablag‘larning bir qismi 2019 yilda chiqarilgan ilk suveren yevrobondlarni so‘ndirish uchun ishlatilgan.

UzAuto: Narx oshdi va oshmadi

Avtomobillarining narxi haligacha dollar kursiga bog‘liq bo‘lib qolayotgan UzAuto Motors kutilmaganda “qovun tushirib” qo‘ydi. Kompaniya seshanba kuni o‘z saytidagi prays-listni yangilab, Damas, Labo va Cobalt'ning oshirilgan yangi narxlarini joylashtirdi. UzAuto avvallari ham narx oshgani haqida alohida xabar tarqatmay, shunchaki prays-listni o‘zgartirib qo‘yganidan kelib chiqib, avvaliga ko‘pchilik buni odatiy hol deb qabul qilgan va biror qo‘shimcha rasmiy izoh kutmayotgandi. Lekin kutilmaganda rasmiy bayonot berilib, Damas, Labo va Cobalt narxlari 3,5 foizdan 6,7 foizgacha oraliqda qimmatlashishi tasdiqlandi. Va yana kutilmaganda, 2 soat o‘tar-o‘tmay kompaniya yana bayonot berib, narxlar oshganini rad etdi.

“Hozirda kontraktatsiya jarayonlari olib borilmayotganini inobatga olgan holda, Chevrolet.uz saytida ko‘rsatilgan narxlar 2024 yilning 4-choragi uchun prognoz ko‘rsatkichlari asosida hisoblab chiqilgan. Narxlarni oshirish bo‘yicha yakuniy qaror qabul qilinmagan”, – deyiladi ikkinchi rasmiy axborotda. Bu esa yangi narxlarni e’lon qilishdan oldin “yuqori” bilan kelishib olinmagani haqidagi taxminlarga sabab bo‘ldi.

Ikkinchi bayonotda aytilishicha, birinchi relizdan maqsad dilerlar bilan ishlashning yangi tizimiga o‘tilganini e’lon qilish bo‘lgan. Bu tizimga ko‘ra, UzAuto Motors o‘z dilerlariga avtomobillarni keyinchalik sotish uchun xarid qilish imkoniyatini beradi. Bunda, ishlab chiqaruvchi o‘z dilerlariga tavsiyaviy chakana narxlarni belgilab beradi. Kompaniya izohiga ko‘ra, yangi tizim dilerlar o‘rtasida raqobatni kuchaytiradi, xizmat sifatini yaxshilaydi. Masalan, avtosalonlar magnitolasiz Cobalt'ga sensorli magnitola o‘rnatib yoki shunga o‘xshash opsiyalar qo‘shib, xaridorlarga taklif qilishi mumkin bo‘ladi.

Modomiki, UzAuto'ning avtosalonlari rasman olibsotarlik bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘larkan, kontraktatsiya ochilgan paytda oddiy xaridorlar va avtosalonlar o‘rtasidagi raqobat qanday tashkil etiladi, bunisi hozircha noma’lum.

Bu hafta yana nimalar ro‘y berdi?

Prezident Shavkat Mirziyoyev uy-joylar qurish sohasida yangi vazifalarni belgilab berdi. “Uy-joy qurish hajmini har yili kamida 20 foizga oshirib borishimiz kerak”, dedi davlat rahbari. Bozorda taklifni ko‘paytirish uchun viloyatlar hokimlari ko‘p qavatli uylar qurish uchun qo‘shimcha 20 gektardan, Toshkent shahri hokimi esa 60 gektar noqishloq yerlarni 2 oy ichida auksionga chiqarishi topshirig‘i berildi. Yig‘ilishda ma’lum qilinishicha, ipotekaga olinayotgan uy-joyni sug‘urtalash talabi bekor qilinadi. Shuningdek, ko‘p qavatli uy qurilishiga ruxsat berishda pudratchining reytingiga qaraladi, ya’ni 5 qavatli uyni qurish uchun kamida “qoniqarli”, 9 qavatli uy uchun esa “o‘rta qoniqarli” reytingini olish kerak bo‘ladi. Ma’lum bo‘lishicha, Toshkentning Oqtepa dahasida renovatsiya dasturini xitoylik investorlar amalga oshiradi.

Maktablarda o‘quvchilar davomati 97,7 foizga yetdi. Bu haqda davomatni ko‘tarishga safarbar etilgan Milliy gvardiya ma’lum qildi. Idoraga ko‘ra, 6 fevraldan 7 martgacha – bir oy davomida 1 mln 769 ming o‘quvchi maktabga qaytarilgan. Bu jarayonda ta’lim-tarbiya borasidagi majburiyatlarni bajarmagan 124 ming ota-onaga ogohlantirish berilgan, 4 mingga yaqini ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yili bunday sabab bilan jarimaga tortilgan ota-onalar soni oyiga o‘rtacha mingta bo‘lgan.

Angor hokimi “Ayollar daftari” mablag‘lari hisobidan Captiva-5 sotib oldi. “Revizor” kanalining xabar berishicha, hokimlik balansidagi Captiva-2 avariyaga uchraganidan keyin sotib yuborilgan va o‘rniga 350 mln so‘mlik Captiva-5 xarid qilingan, pul esa “Ayollar daftari” jamg‘armasidan olingan. Holat bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tekshiruv boshladi. Eslatib o‘tamiz, tuman (shahar) hokimlari uchun sotib olinadigan xizmat mashinalarining narxi 340 mln so‘mdan oshmasligi kerak.

Professional bokschi Isroil Madrimov super yarim o‘rta vaznda jahon chempioni bo‘ldi. U o‘tgan shanba kuni WBA kamari uchun rossiyalik Magomed Qurbonovni 5-raundda nokautga uchratdi. “Bu mening birinchi titulim, lekin menga to‘rtta kamar kerak” deya, o‘rta vazn toifasida boshqa kuchli bokschilar va jahon chempionlari bilan jang o‘tkazishga tayyorligini bildirdi Madrimov. Juma kuni O‘zbekistonga qaytgan bokschiga davlat tomonidan narxi 1 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan Tahoe avtomobili sovg‘a qilindi.

Toshkentda voyaga yetmagan qizga shilqimlik qilgan taksi haydovchisi qamaldi. Sud hujjatlariga ko‘ra, qiz 15 yoshda ekanini aytganiga qaramay, 22 yoshli taksichi unga tegajog‘lik qilavergan, chiroyli ekani haqida shahvoniy gaplar gapirgan. Taksichi sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lib, boshqa takrorlamaslikka va’da bergan. Sud unga 5 sutka ma’muriy qamoq jazosini tayinladi. Bundan avval ham Toshkentda yo‘lovchi ayolga shilqimlik qilgan boshqa bir taksi haydovchisi 5 sutkaga qamalgandi.

Tashabbusli budjetda ovoz berish jarayoni boshlandi. Bu safargi mavsumning avvalgilaridan ikkita katta farqi bor. Birinchidan, “bir kishi – bir ovoz” tamoyiliga o‘tildi. Unga ko‘ra, fuqaroning nechta sim-kartasi borligidan qat’i nazar, uning faqat birinchi ovozi hisobga olinadi. Ikkinchi yangilik – ajratilayotgan mablag‘lar 2 barobarga oshgan, bu esa ko‘proq loyihalar g‘olib chiqa olishini anglatadi. Ovoz berish jarayoni 4 aprel soat 23:59gacha davom etadi.

Ko‘proq yangiliklar: