SpaceX AQSh razvedkasi uchun josuslik sun’iy yo‘ldoshlarini yaratadi - OAV 

Jahon 23:57 / 16.03.2024 7095

Sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i AQSh armiyasining dunyoning deyarli istalgan nuqtasida potensial nishonlarni tezda aniqlash qobiliyatini oshirishi ta’kidlanmoqda.

Ilon Maskning SpaceX kompaniyasi AQSh razvedkasi uchun yuzlab josuslik sun’iy yo‘ldoshlari tarmog‘ini yaratmoqda, deb xabar berdi Reuters o‘z manbalariga tayanib. Umumiy qiymati 1,8 milliard dollarlik maxfiy shartnoma 2021 yilda imzolangani ta’kidlanmoqda.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, shartnoma SpaceX kompaniyasining Starshield bo‘limi va Milliy razvedka boshqarmasi (MRB) o‘rtasida tuzilgan. 

Ayg‘oqchi sun’iy yo‘ldoshlar uchun sensorlar boshqa kompaniya tomonidan taqdim etiladi, uning nomi oshkor etilmagan. Shu bilan birga, manbalarga ko‘ra, Starshield loyihasi 5,5 ming sun’iy yo‘ldoshni o‘z ichiga olgan Starlink tarmog‘i bilan bog‘liq emas.

Sun’iy yo‘ldosh tarmog‘i AQSh armiyasining dunyoning deyarli istalgan nuqtasida potensial nishonlarni tezda aniqlash qobiliyatini oshirishi kerak. AQSh hukumati dunyo voqealarining real vaqt rejimida tasvirini tezda olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

MRB SpaceX kompaniyasi bilan tuzilgan shartnomani tasdiqlamadi, biroq, «dunyodagi eng kuchli razvedka tizimi» ustida ish olib borayotganini tan oldi.

15 fevral kuni Oq uyda Kongress a’zolari bilan «milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid» haqida yopiq brifing o‘tkazildi. OAV ma’lumotlariga ko‘ra, muhokama Rossiyaning sun’iy yo‘ldoshga qarshi tizimini rivojlantirishi haqida bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: