“Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori” AJ aksiyadorlari dastavval bozorni ixtiyoriy ravishda likvidatsiya qilishga qarshi bo‘lishgan.
Moliyachi Otabek Bakirovning e’tibor qaratishicha, joriy yil 31 yanvar kuni o‘tkazilgan aksiyadorlar umumiy yig‘ilishida "Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori" AJ aksiyadorlari bozorni ixtiyoriy tugatish haqidagi masalaga 100 foiz qarshi ovoz berishgan.
Bozor kuzatuv kengashining 2024 yil 24 yanvardagi qarori bilan nominal qiymati 53,9 mlrd so‘mlik 36 397 681 dona aksiya chiqariluvi ma’qullangan va 28 fevral kuni ushbu chiqariluv davlat ro‘yxatidan o‘tgan.
“Tasavvur qilyapsizmi? Tugatilishidan bir kun avval aksiyalar chiqariluvi ro‘yxatdan o‘tyapti. Tugatilmoqchi bo‘lgan jamiyat qo‘shimcha aksiya chiqaradimi? Aksiyalar chiqariluvini davlat ro‘yxatidan o‘tkazadimi?” – deya savol qo‘ygan Otabek Bakirov.
Bozor o‘z faoliyatini ixtiyoriy tugatayotganligi to‘g‘risidagi qaror 29 fevral kuni qabul qilingan va oradan 12 kun o‘tib e’lon qilingan.
“Kichik xulosa qilganda, Qo‘yliq bozorining apil-tapil tugatilishi barcha belgilariga ko‘ra aksiyadorlarning va bozor boshqaruvchilarining qarori emas. Bu qip-qizil ma’muriy bosim ostidagi o‘zbilarmonlik. Masalaga jiddiy yondashilsa, bir necha protseduralar buzilganini ham aniqlash mumkin bo‘ladi.
Yana qizig‘i, yuzlab qarz va kreditlar ilingan va bankrotlik yoqasida bo‘lgan va zarar ko‘rib ishlayotgan AJlardan farqli ravishda Qo‘yliq bozori moliyaviy holati juda mustahkam bo‘lgan, 43 mlrd so‘mdan ortiq jami aktivlarining 99 foizdan ziyod manbayi o‘z kapitaliga tayangan”, – deya yozadi ekspert.
Ma’lumot uchun, “Toshkent qishloq xo‘jalik mahsulotlari ulgurji bozori” AJ aksiyalarining 93,2 foizi Toshkent shahar hokimligi, qolgan 6,8 foizi mehnat jamoasiga tegishli.
Qo‘yliq ulgurji bozori Toshkent shahrini oziq-ovqat bilan ta’minlashda muhim o‘rin tutadi. Uning o‘rnida nima qurilishi ma’lum emas.
Ma’lumot uchun, tugatish haqidagi qaror ulgurji bozorning yonida joylashgan, chakana savdo ham amalga oshiriladigan Qo‘yliq dehqon bozoriga taalluqli emas. Ulgurji bozordan alohida yuridik shaxs hisoblanuvchi (“Qo‘yliq dehqon bozori” AJ) bu bozor hozir ham ishlab turibdi.
Qo‘yliq bozorini buzish bo‘yicha harakatlarning boshlanishi
Qo‘yliq bozori va unga tutash ulgurji savdo maydoni boshqa manzilga ko‘chirilishi haqida dastlab 2021 yil dekabr oyida jamoatchilikka ma’lum qilingandi.
Keyinroq bozor Qo‘yliqdan 6,5 km masofadagi, Toshkent viloyati O‘rta Chirchiq tumanida joylashgan Food City savdo markaziga ko‘chishi e’lon qilindi.
Shahar hokimligi o‘z qarorini “poytaxtdagi yo‘l infratuzilmasini yaxshilash, kommunikatsiya tarmoqlarini takomillashtirish va tirbandliklarning oldini olish” bilan izohlagandi.
Bektemir tumani hokimi Tapil Mahamadziyoyev bozor ko‘chishi sabab Toshkent shahri bo‘yicha oziq-ovqat narxlarida “biroz o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligi”ni tan olib, ko‘chish ishlari bosqichma-bosqich olib borilishini aytgan edi.
2022 yilning 22 iyun kuni Toshkent shahri sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevning qarori bilan Qo‘yliq bozori joylashgan hududni davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishga ruxsat beriladi.
Hokimlik qo‘shimcha izoh berib, qurilish ishlari doirasida Qo‘yliq dehqon bozorining to‘liq hududi davlat va jamiyat ehtiyojlari uchun olib qo‘yilishi ko‘zda tutilmagani, balki asosiy kirish joyi oldidagi avtoturargoh hududining bir qismi va bir nechta vaqtincha savdo qurilmalarining o‘rni qurilish jarayoniga jalb etilishini bildirgandi.
2024 yilning 5 yanvar kuni Toshkent shahar hokimligi Qo‘yliq ulgurji bozorida rekonstruksiya ishlari boshlanishi haqida xabar berdi. Hokimlik xabarida aytilgandiki, “bozorga keltirilayotgan mahsulotlar bozor hududiga sig‘may, atrofidagi hududlarda, shu jumladan, Chirchiq kanali bo‘yida tartibsiz savdo amalga oshirilmoqda, avtomobil yo‘llarining tirbandligiga asosiy sabab bo‘lmoqda va aholiga jiddiy noqulayliklar yaratmoqda”.
Rekonstruksiya davrida tadbirkorlarga faoliyatini Food City, Tashkent Index va boshqa savdo majmualarida davom ettirish taklif qilingan edi.