2024 yil 1 martdan boshlab:
- yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning oddiy va murakkab harakatlarni amalga oshirish imkoniyati baholab boriladi;
- individual ijtimoiy xizmatlar rejasiga muvofiq o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish, mustaqil ravishda harakatlanish imkoniyati cheklangan yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ijtimoiy xodimlar assistentlarining «soatbay» asosda haftaning barcha kunlari xizmat ko‘rsatishi uchun qonunchilikka muvofiq moslashuvchan ish tartibi joriy etiladi.
Reglamentga asosan quyidagilar belgilangan:
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni aniqlash;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxsning yashash sharoitlarini baholash, yolg‘iz yashovchi keksa shaxslarni, nogironligi bo‘lgan va o‘zgalar yordamiga muhtoj bo‘lganlarni reyestrga kiritish;
- individual ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish rejasini tasdiqlash;
- ijtimoiy xizmatlar va yordam ko‘rsatish samaradorligi monitoringini o‘tkazish.
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarining mahallalardagi ijtimoiy xodimi, patronaj hamshira va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarni doimiy aniqlash ishlarini amalga oshiradi va bunday shaxslarni reyestrga kiritish bo‘yicha “Inson” markaziga maxsus shakldagi so‘rovnomani kiritadi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar quyidagi tartibda aniqlanadi:
- mahalladagi ijtimoiy xodim, patronaj hamshira va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi raisi tomonidan xizmat vazifalarini amalga oshirish, jumladan, uyma-uy yurish natijasida shakllantirilgan so‘rovnomaga asosan;
- yozma, og‘zaki yoki elektron shaklda “Ijtimoiy himoya” ATga yuborilgan keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar yoki ularning qonuniy vakillarining yoki boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga asosan.
Shuningdek, o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish tartibi to‘g‘risidagi reglament tasdiqlandi. Individual ijtimoiy xizmatlar rejasida belgilangan xizmatlarning ko‘rsatilgan muddati, natijasi, sifati, samaradorligi, bexatarligi mas’ul xodim tomonidan baholansa, ijtimoiy xizmatdan foydalanuvchi tomonidan xizmatdan qoniqish hosil qilganligi darajasi baholanadi.
O‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga quyidagilar taqdim etiladi:
- davlat sport tadbirlariga, teatr va muzeylarga kirish bepul etib belgilanadi;
- davlat mulkida bo‘lgan jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish va sport inshootlarida tashkil etilgan sport to‘garaklarida bepul shug‘ullanadi;
- yashash joyida dezinfeksiya tadbirlari tuman (shahar) sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi bo‘limlari tomonidan bepul amalga oshiriladi.
2024 yil 1 maydan boshlab eksperiment tariqasida Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumanida o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoniga tadbirkorlik sub’yektlarini autsorsing asosida jalb etiladi.