Qayd qilinishicha, Chirchiq shahrida Og‘ir atletika markazi tashkil etiladi. U ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasasi bo‘lib, 7-11-sinf bolalarga saboq beriladi. Ular ilg‘or usullar asosida terma jamoalarga asosiy nomzod sifatida tayyorlanadi. Markaz 2025/2026 o‘quv yilidan faoliyat boshlashi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Kasaba uyushmalari Federatsiyasi kengashining homiyligida Og‘ir atletika sport klubi tashkil etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan, Toshkent va Samarqand viloyatida hududiy maktablar ochiladi.
Og‘ir atletikani ommalashtirish maqsadida 3 bosqichli musobaqalar, Markaziy Osiyo va «Uzbekistan Open» ochiq chempionatini o‘tkazish rejalashtirilgan.
Mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirish va tarmog‘ini kengaytirish maqsad qilingan. Buning uchun mahallalarda mavjud stadionlar va boshqa sport maydonchalaridan samarali foydalaniladi. Ular yo‘q joylarda davlat-xususiy sheriklik asosida shunday inshootlar barpo etiladi. Erkaklar va ayollarning turli yosh toifalari o‘rtasida mahalla terma jamoalari tuziladi. Iqtidorli yoshlar aniqlanib, professional futbol muassasalariga yo‘naltiriladi.
Bu borada mahalladagi yoshlar yetakchilariga O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining hududiy bo‘linmalari va sport maktablari ko‘maklashadi.
Shuningdek, joriy yildan boshlab, Angliya maktablari futbol assotsiatsiyasi tajribasi asosida, 8-11-sinf o‘quvchilari orasidan maktab futbol yetakchisi tanlab olinadi. 12-15 yoshlilar o‘rtasida ikki bosqichli «Mahalla ligasi» hamda 16-30 yosh toifalari orasida uch bosqichli DXX Kubogi musobaqalarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.
Bular mahallalardan boshlab futbol infratuzilmasini rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni tanlash va qo‘llab-quvvatlash, milliy terma jamoalar uchun sifatli zaxira shakllantirishga xizmat qiladi.
Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, yoshlar o‘rtasida sport va do‘stlik muhitini mustahkamlash, musobaqalarni yuqori tashkiliy darajada o‘tkazish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.