Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro D.Ye. fuqaro D.S.ning ishonchiga kirib, go‘yoki hokimiyat va kadastr idoralarida ishlovchi tanishlari yordamida Qarshi tumani “Otchopar” MFY hududida joylashgan boshqa bir fuqaro B.R.ga issiqxona qurish uchun ajratilgan 2,5 gektar yer maydonini 45 000 AQSh dollari evaziga uning nomiga rasmiylashtirib olib berishini va’da qilib, ushbu pullar hisobidan 63 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departament hamda DXXning Oqdaryo tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro J.F. fuqaro A.E.ga go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida “Dahbet” MFY hududidan 30 000 AQSh dollari evaziga 10 sotix yer maydonini rasmiylashtirib olib berishini va’da qilib, oldindan 10 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Shu kabi, Departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, DXX va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro X.A. fuqaro B.T.ga Nukus shahri “Botanika bog‘i” MFY hududidagi 4 sotix yer maydonini go‘yoki boshqa bir fuqaro Sh.D.ga ajratilganligi to‘g‘risida soxta hujjatlarni ko‘rsatib, ushbu yer maydonini fuqaro B.T.ga 160 mln so‘mga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Departamentning Navoiy viloyat boshqarmasi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro A.G‘. fuqaro N.F.ga Qiziltepa tumani “O‘zbekiston” MFY hududidagi qurilishi tugallanmagan bino va uning atrofidagi tuman zaxirasidagi 6 sotix yer maydonini go‘yoki hokimiyat va kadastr idoralarida ishlovchi tanishlari yordamida turar joy qurish uchun olib berishi evaziga 10 000 AQSh dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.