APL markaziy bahsida mojaro va turkiyalik vunderkindning «Real»dagi ilk goli. Yevropada kun o‘yinlari

Sport 13:20 / 11.03.2024 27792

Angliya: «Liverpul» va «Manchester Siti» o‘yinida «Arsenal» g‘olib

Foto: MICHAEL REGAN/GETTY IMAGES

«Liverpul» — «Manchester Siti» 1:1
Gollar:
Mak Allister (50, penalti) — Stounz (23).
«Liverpul» – Kelleher, Bredli (Roberson, 61), van Deyk, Kuansa, Gomes, Endo, Soboslai (Saloh, 61), Mak Allister, Elliott, Dias, Nunes (Gakpo, 76).
«Manchester Siti» – Ederson (Ortega, 56), Uoker, Ake, Akanji, Stounz, de Bryuyne (Kovachich, 69), Silva, Rodri, Foden, Holand, Alvares (Doku, 69).
Ogohlantirishlar: Rodri (45+2), Ederson (47), Silva (59).

So‘nggi sahifa

Angliya premer-ligasida ko‘p buyuk murabbiylar qarama-qarshiligi kuzatilgan: Fergyuson Vengerga qarshi, Mourinio Vengerga qarshi, Gvardiola Mourinioga qarshi. Va bularning barchasi allaqachon tarixga aylandi.

Yana bir monumental duel — Klopp va Gvardiola qarama-qarshiligi ham tarixga aylanmoqda. Germaniyalik mutaxassis mavsum yakunida «Liverpul»dan ketishini aytgan va bundan keyin boshqa biror ingliz klubida ishlamasligini qo‘shimcha qilgan. Bu butun futbol uchun ulkan yo‘qotishdir: Gvardiola va Klopp ko‘p yillar mobaynida nafaqat shiddatli raqobat hosil qilishdi, balki o‘z g‘oyalari bilan APLni takomillashtirishdi ham.

Yakshanba kuni «Liverpul» va «Manchester Siti»ning ikki afsonasining so‘nggi to‘qnashuvi kuzatildi. Va bu o‘yin sifati borasida barcha kutilmalarni to‘la oqladi.

Mezbonlardagi yo‘qotishlar

Pep va Yurgenning APLdagi so‘nggi dueli shunchaki formal bo‘lib qolmay, jiddiy intrigaga ham ega edi. «Siti» va «Liverpul» «Arsenal» bilan birga qizg‘in chempionlik poygasida qatnashmoqda, shu tufayli ularning o‘zaro uchrashuvi kuchlar nisbatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin edi.

Ikki jamoa ham eng kuchli tarkibini maydonga tashladi, ammo muhim nyuans bor edi: Gvardiola o‘zining eng yaxshi futbolchilaridan foydalana olishi mumkin edi, Klopp esa imkon doirasidagi eng kuchlilarni tanlay olardi. Alisson, Matip, Trent, Jota, Jonas, Konate, Gravenberh — bularning hech biri bu oqshom «Liverpul»ga yordam bera olmasdi. Saloh ham zaxirada qoldirildi — misrlik hujumchi hozircha 90 daqiqa o‘ynashga tayyor emas, shu tufayli faqat ikkinchi bo‘limda yarim soat o‘ynash uchun tushirildi.

Sifatli futbol

«Siti» o‘yinni yaxshiroq boshladi: Alvares va De Bryuyneda yaxshi vaziyatlar bo‘ldi. Ammo «Liverpul» ham tezkor gol urish imkoniga ega edi: Nunes Bredlining uzatmasini golga aylantirishi mumkin edi, ammo to‘pga yeta olmagan urugvaylik hujumchi ustunga borib urildi. 19-daqiqada esa «Enfild» portladi — Dias darvozani ishg‘ol etdi, ammo unga uzatma bergan Darvin ofsayd holatida to‘p qabul qilib olgani ma’lum bo‘ldi. «Liverpul» hujumchisi bu borada noyob bo‘lim o‘tkazdi: u roppa-rosa besh marta «o‘yindan tashqari» holatga tushib qoldi.

Nunes o‘z jamoasi darvozasi oldida ham «minus» ishladi: 23-daqiqada aynan u burchak to‘pi yaqin ustun oldiga uzatilganida Stounsga xalaqit qila olmadi, angliyalik himoyachi esa osonlik bilan hisobni ochdi. Bu vaziyatda mehmonlarning boshqa bir himoyachisi Ake Mak Allisterning yo‘lini to‘sib, sherigiga yo‘l ochib berdi. Bu «Siti»ning «Liverpul»ga moslab tayyorlangan uy vazifasi edi.

Bu uchrashuvdagi xavfli vaziyatlarni sanashga ko‘p vaqt ketadi. Va bu jamoalar mudofaa chizig‘i kuchsiz o‘ynagani tufayli emasdi. Shunchaki hujumlar tezligi va sifati yuqori bo‘lgani tufayli himoyachilar dosh bera olishmadi. Shu bilan birga, mezbonlar 45 daqiqada davomida biror marta darvoza sohasiga aniq borgan zarba yo‘llay olishmadi, faqat 45+3-daqiqada Soboslaining uzoq masofadan yo‘llagan jarima zarbasi Edersonning qo‘llariga bordi va darvoza sohasiga aniq borgan zarbalar bo‘yicha hisob 1:4 ko‘rinishini oldi.

Tanaffusga jamoalar «Siti» foydasiga 0:1 hisobida yo‘l olishdi, ammo birinchi bo‘limdagi eng yorqin epizod gol emas, balki 32-daqiqada Holand maydon markazida hujumga o‘tganida, ammo van Deyk tomonidan qattiq qarshilikka uchrab, yakunda gol ura olmaganida ro‘y berdi. Muxlislar zamonaning eng sermahsul forvardi va eng yaxshi himoyachilaridan biri qarama-qarshiligiga guvoh bo‘lishdi.

Nunes esa ikkinchi bo‘lim boshida aybini yuvdi. 50-daqiqada u Akening orqaga noqulay pasidan keyin penalti ishladi.

Natijada Ederson «Liverpul» forvardiga fol ishlatishiga to‘g‘ri keldi. So‘zsiz penalti. Hakam bu vaziyat darvoza ro‘parasida bo‘lmagani uchungina darvozabonni maydondan chetlatmadi.

Mak Allister esa 11 metrlik jarima zarbalaridan deyarli xato qilmaydi — 1:1.

«Siti» darvozaboni urugvaylik hujumchi bilan to‘qnashuvda jarohat olgani tufayli ko‘p o‘tmay almashtirildi. Odatda faqat Angliya Kubogi va Liga Kubogida o‘ynaydigan Ortegani tushirishga to‘g‘ri keldi. «Liverpul»da ham futbolchi almashtirishlar qilindi. Xususan, Saloh maydonga tushdi va mezbonlar hujumda yanada faollashdi. U Diasni yakkama-yakka vaziyatga chiqarib yubordi, ammo kolumbiyalik hujumchi imkoniyatdan foydalana olmadi.

Mehmonlar to‘pga egalik qila olmay qoldi, «Liverpul» esa maydon markazida to‘liq hukmronlik qildi. «Siti» bu mavsumdagi eng og‘ir o‘yinni o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi, Gvardiola De Bryuyneni maydondan olib, Kovachichni tushirdi, xorvatiyalik himoyachining podkatlari o‘yinni biroz muvozanatga keltirdi.

Oxirgi daqiqalarga kelib o‘yin tenglasha boshladi. Mehmonlarning hujumi davomida to‘p «Liverpul» darvozasi to‘siniga tegdi. Bu epizodda Kelleher qaytargan to‘p Fodenning yuziga tegib yana darvoza tomon yo‘l oldi va gol bo‘lishiga bir baxya qoldi. 90-daqiqada esa Dokuning zarbasidan keyin to‘p ustunga tegdi.

90+8-daqiqada bahsli epizod yuzaga keldi. Avvaliga to‘pga o‘ynagan Doku butsasining ostki qismi bilan Mak Allisterning ko‘krak sohasiga ham zarba berib yubordi. Hozirgi qoidalarga ko‘ra, to‘p uchun o‘ynash fol qayd etilishidan xalos qila olmaydi. Ammo hakam va VAR zarbani qasddan berilmagan deb topdi va «Liverpul» foydasiga ikkinchi penalti qo‘yilmadi.

Yakunda «Arsenal» uchun foydali bo‘lgan durang hisob saqlanib qoldi. Endi aynan londonliklar turnir jadvalini boshqarmoqda va keyingi o‘yinini «Etihad»da «Manchester Siti»ga qarshi o‘tkazadi. 

«Aston Villa» — «Tottenhem» 0:4
Gollar:
Meddison (50), Jonson (53), Son (90+1), Verner (90+4). 
«Aston Villa» – Martines, Kesh, Langle (Zaniolo, 58), Pau Torres, Konsa (Diyego Karlos, 85), Din (Moreno, 58), Makginn, Tilemans (Diabi, 58), Duglas Luis, Beyli (Iroegbunam, 69), Uotkins.
«Tottenhem» – Vikario, Porro, Romero, van de Ven (Dregushin, 49), Udoji, Meddison (Verner, 87), Bissuma, Kulusevski, Sarr (Bentankur, 70), Son, Jonson (Hyoyberg, 88).
Ogohlantirishlar: Sarr (19), Dregushin (61).
Chetlatish: Makginn (65).

Yakshanba kuni Chempionlar ligasiga to‘rtinchi yo‘llanma uchun kurashayotgan ikki jamoaning o‘zaro uchrashuvi ham bo‘lib o‘tdi. Bu o‘yindan ko‘p narsa kutilgandi, ammo birinchi bo‘lim hafsalani pir qildi. «Aston Villa» ikkinchi raqam ostida harakat qilib, butkul himoyalandi, ammo golga nisbatan yaqinroq keldi, «Tottenhem» esa to‘pga egalik qilish bo‘yicha ikki karra ustunligidan hech narsa chiqara olmadi. Natijada tanaffusga qadar ikki jamoa jami olti bor zarba berdi va bu zarbalarning birortasi darvoza sohasiga aniq bormadi. Bu APLdagi birinchi bo‘limlarda o‘tgan yil mayidan buyon kuzatilgan eng yomon ko‘rsatkich bo‘ldi.

Lekin tanaffusdan keyin jamoalar ochila boshladi va Meddison klassik markaziy forvard rolida paydo bo‘lib, ikki himoyachi qurshovida turganiga qaramay, Sarrning uzatmasini golga aylantirdi. Bu epizod g‘alaba «shporlar»ga ko‘proq kerakligini namoyish etib berdi va ular goldan keyin ham to‘xtash haqida o‘ylashmadi. «Villa» esa oddiy vaziyatda  pressingga dosh bera olmadi va Son Hin Min Jonsonni qulay vaziyatga chiqarib yubordi. Mezbonlarning hujumlaridan naf chiqmadi, Dzaniolo intrigani tiriltirish imkoniyatidan foydalana olmadi.

Mezbonlar sardori Makginning asablari dosh bermay, maydon markazida Udojiga hech qanday zaruratsiz qo‘pollik qilishi esa mezbonlarning uzil-kesil taslim bo‘lishiga olib keldi. Shundan keyin tribunalarni tark etishga kirishgan muxlislar esa sevimli jamoasi yana ikki gol o‘tkazganiga guvoh bo‘lishmadi. «Villa» hamon to‘rtinchi o‘rinda, ammo endi «Tottenhem» bilan farq — ikki ochkoni tashkil etmoqda. Zaxirada bir o‘yini bor bo‘lgan Angelos Posteko‘g‘li jamoasi asosiy yevrokubok uchun kurashda favoritga aylandi.

Ispaniya: Madridliklarda chempionlik sari yana bir qadam

«Real» — «Selta» 4:0
Gollar:
Vinisius (21), Guaita (79, avtogol), Dominges (88, avtogol), Guler (90+4).
«Real» – Lunin, Nacho, Ryudiger, Mendi, Modrich (Kroos, 83), Valverde, Dias (Chuameni, 83), Kamavinga (Seballos, 88), Vaskes, Vinisius (Guler, 89), Rodrigo (Xoselu, 74).
«Selta» – Guaita, Mingesa (Sotelo, 77), Mankillo, Starfelt, Nunes, Sanches (Servi, 60), De La Torre, Beltran (Dominges, 77), Bamba (Alende, 60), Aspas, Larsen (Duvikas, 83).
Ogohlantirishlar: De La Torre (25), Kamavinga (45), Vinisius (55), Mingesa (55), Mankillo (82).

«Real» kutilganidek Bellinghemning qizil kartochkasini bekor qildira olmadi. Aksincha, angliyalik futbolchi ikki o‘yinlik diskvalifikatsiyaga uchradi. Ammo bu madridliklar uchun qo‘shimcha stimul bo‘ldi. Yakshanba kuni qaymoqranglilar ilk daqiqalardanoq maksimal tezlikni yoqishdi va yuqori kayfiyatda ekanini namoyish etdi.

Bu esa o‘z-o‘zidan gol olib keldi, Ryudigerning hujumidan keyin Vinisius Junior ikkinchi urinishda to‘pni darvozaga joyladi. Lekin Braim Dias, Rodrigo va Vinisiusda yana qulay vaziyatlar bo‘lishiga qaramay, mezbonlar hisobdagi ustunligini tezda oshira olmadi. Birgina Kamavinga tanaffusga qadar besh bor zarba berdi.

Bunday holatda esa yana burchak zarbasi yordamga keldi, bu standart vaziyat joriy mavsumda jamoaning dahshatli quroliga aylangan. Bu safar ham birinchi bo‘limda bo‘lgani kabi Ryudigerning «ikkinchi qavat»dagi aqlli o‘yini barchasini hal qildi. Germaniyalik himoyachi yana o‘zi gol ura olmagan bo‘lsa-da, to‘p to‘sindan qaytganidan keyin shu kuni yorqin o‘yin ko‘rsatgan darvozabon Guaitaga tegib darvoza to‘riga yo‘l oldi.

O‘yinning asosiy voqeasi esa — turkiyalik vunderkind Arda Guler nihoyat «Real» safidagi ilk golini urishi bo‘ldi. Yozda u «Barselona»ga o‘tishi kutilgandi, ammo kataloniyaliklar uni yana bir yil «Fenerbahche»da qoldirmoqchi edi, Karlo Anchelotti esa unga o‘yin amaliyoti va’da qilib ko‘ndirdi. Ammo turk futbolchisi jarohatlardan aziyat chekmoqda va shu tufayli murabbiy ham ko‘pincha unga ishonch bildirmayapti. U Dani Sebalosning pasidan keyin darvozabonni aldab o‘tib gol urganida, uni xuddi finalda g‘alaba golini urgandek tabriklashdi. «Real» hamon «Jirona» bilan oraliq masofani saqlamoqda va chempionatdagi mag‘lubiyatsiz seriyasini 22 o‘yinga yetkazdi (+17=5). Bu «Qirollik klubi»ning Joze Mourinio boshqaruvi davridan buyon eng yaxshi seriyasi, portugaliyalik mutaxassis 2011/12 yillar mavsumida jamoa bilan qatorasiga 23 o‘yinni mag‘lubiyatsiz o‘tkazgandi.

Italiya: «Roma»ning irodasi

«Yuventus» — «Atalanta» 2:2
Gollar:
Kambiyazo (66), Milik (70) — Kopmeyners (35, 75).
«Yuventus» – Shchensni, Kambiyazo (Vea, 83), Danilo, Bremer, Gatti, Lokatelli, Makkenni (Yildiz, 88), Miretti (Nikolussi-Kavilya, 76), Kiyeza, Milik (Ken, 76), Ayling (Aleks Sandro, 82).
«Atalanta» – Karnezekki, Zappakosta (Hatebur, 67), Jimsiti, Skalvini (Toloi, 67), Xin, Rujyeri (Bakker, 88), Pashalich, Kopmeyners, Ederson, de Ketelare (Miranchuk, 88), Skamakka (Lukman, 57).
Ogohlantirish: Hatebur (90+3).

Bir necha oy oldin «Yuventus» skudetto uchun «Inter»ga raqiblik qilayotgandi. Ammo bahor boshlanishiga kelib ko‘p narsa o‘zgarib ketdi. Simone Indzagi boshqaruvida milanliklar fenomenal futbol namoyish etib, sifatli va tomoshabop o‘yinlarda ketma-ket g‘alabalarga erishmoqda. Fevral oyida «Inter» to‘rt o‘yinning barchasida to‘rttadan gol urdi.

«Yuventus» esa «Inter»ga qarshi 4 fevral kuni o‘tkazilgan o‘yindagi mag‘lubiyatdan keyin (0:1) inqirozli holatga tushib qoldi. Shundan buyon — ikki mag‘lubiyat, durang va autsayder «Frozinone»ga qarshi o‘yinning 90+4-daqiqasida Daniele Rugani urgan gol evaziga qo‘lga kiritilgan bir g‘alaba bo‘ldi. Va bu yevrokuboklarsiz mavsumda kuzatilmoqda. Bunday holatda chempionlik uchun kurash haqida gap bo‘lishi mumkin emas, endi asosiy e’tibor kuchli to‘rtlikdagi o‘rinni saqlab qolishga qaratiladi. «Atalanta» esa so‘nggi uch uchrashuvda birgina ochko olgan, qolaversa «Inter»dan qaqshatqich mag‘lubiyatga uchralgan. 

Turinliklar Rabio va Vlahovich yo‘qligiga qaramay, ilk daqiqalardan hujumkor o‘ynadi. Jamoa to‘p nazoratini qo‘lga oldi, raqib esa tashabbusni qaytarishga intilmadi ham. Lekin 35-daqiqaga qadar raqib darvozasiga birorta zarba yo‘llamagan mehmonlar hisobni ochishdi. Jarima zarbasi ijro etilganida Pashalich to‘pni Kopmeynersga yetkazib berdi va niderlandiyalik futbolchi darvozabonga imkoniyat qoldirmadi. 

Mezbonlar ikkinchi bo‘limni ham kuchli boshladi va bo‘lim o‘rtalarida besh daqiqa ichida barchasi o‘zgardi. Avvaliga Kambiyazo kunning asosiy assistenti Makkenni yordamida hisobni tenglashtirdi. Ko‘p o‘tmay amerikalik futbolchining uzatmasidan keyin Milik 12 metr masofadan turib aniq zarba berdi. Endi «Yuve» g‘alabani qo‘ldan chiqarmaydigandek ko‘rinayotgandi, ammo raqib kam sonli vaziyatlaridan foydalanishda davom etdi. Ikkinchi bo‘limda «Atalanta» faqat ikki bor zarba berdi va shundan bittasi golga aylandi, yana Kopmeyners aniq harakat qildi. Qolgan 15 daqiqalikni «Yuventus» faolroq o‘tkazdi, ammo o‘yinda boshqa gol urilmadi. Natijada durang turinliklarni uchinchi o‘ringa, «Atalanta»ni – oltinchi o‘ringa tushirib yubordi.

«Milan» — «Empoli» 1:0
Gol:
Pulishich (41). 
«Milan» – Menyan, Kalabriya, Tomori (Kalulu, 63), Tiav, Ernandes, Loftus-Chik, Binnosir, Pulishich (Chukvueze, 63), Reynders (Musa, 62), Okafor (Adli, 90), Yovich (Jiru, 73).
«Empoli» – Kaprile, Luperto, Ismayli (Bereshinski, 42), Valyukevich, Petssella (Kakache, 55), Male, Jurkovski (Kancheleri, 76), Fatssini (Kovalenko, 55), Gyasi, Kambiyagi, Niyang (Destro, 76).
Ogohlantirishlar: Fatssini (24), Reynders (26), Petssella (53), Jurkovski (65), Kancheleri (80).

«Milan» kutilgan ishni qilib, yetti yildan buyon o‘zini yenga olmagan raqibni yana bir bor mag‘lub etdi. Shu bilan birga, Stefano Pioli diskvalifikatsiyaga uchragan Rafael Leau yo‘qligida ham Pragada kechadigan Yevropa Ligasi 1/8 finali javob uchrashuvini o‘ylab, Jiru, Musa va Kiyerga dam berdi. Maydonga chiqqanlar esa bir gol urishni uddalashdi. Avvaliga arbitr Okafor Binnosirning uzatmasini qabul qilayotganida ofsayd holatida bo‘lgan deb topib, bekor qilgandi, ammo VAR bu xatoni tuzatdi va Pulishich tabriklarni qabul qilib oldi. Amerikalik futbolchi samarali harakatlar bo‘yicha 14 ochko (8+6) to‘plab, top-5 ligalarda shaxsiy rekordini o‘rnatdi. Rossonerilar esa  «Yuventus» va «Atalanta» o‘yinidagi durangdan foydalanib (2:2), ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi.

«Fiorentina» — «Roma» 2:2
Gollar:
Raniyeri (18), Mandragora (69) — Auar (58), Lorente (90+5). 
Aniq ijro etilmagan penalti: Biragi (80).
«Fiorentina» – Terrachchano, Kayode, Milenkovich, Raniyeri, Biragi, Bonaventura, Lopes (Artur, 90+2), Mandragora (Barak, 90+2), Gonsales (Ikone, 46), Sottil (Dankan, 78), Belotti (Nzola, 90+2).
«Roma» – Svilar, Anxelino (Spinatssola, 80), Lorente, Manchini (Heysen, 33), Ndika, Paredes (Pellegrini, 80), Kristante, Auar, Dibala (Baldanzi, 73), Lukaku, Al-Sha’roviy (Zalevski, 73).
Ogohlantirishlar: Manchini (6), Paredes (37), Heysen (45), Bonaventura (57), Milenkovich (64), Ndika (68), Baldanzi (76).

Turindagi durang, shuningdek shanba kungi o‘yinda «Bolonya» «Inter»ga yutqazgani Daniele De Rossi boshqaruvida yorqin o‘yin ko‘rsatayotgan «Roma» uchun ideal vaziyat hosil qildi. Ammo «bo‘rilar»ni Florensiyada qiyin o‘yin kutib turgandi. «Fiorentina» yilni yaxshi boshlay olmagan, hozirda g‘alabalar orasida durang va mag‘lubiyatlar qayd etayotgan bo‘lsa-da, turnir jadvalining o‘rtadan yuqori qismida qolmoqda va yevrokuboklar yo‘llanmasi uchun intilmoqda.

Shuning uchun, Raniyeri yiqilayotib bosh bilan to‘pni mehmonlar darvozasiga yo‘llashi syurpriz emasdi. Qolaversa, gap joriy mavsumdagi eng sermahsul italiyalik himoyachi haqida bormoqda, u gollari sonini beshtaga yetkazib ulgurdi. Tanaffusga qadar birgina gol o‘tkazilgani mehmonlarning omadi kelgani edi. Lekin vaziyatlardan foydalanmaslik «fialkalar»ga qimmatga tushishi mumkin edi, chunki ikkinchi bo‘limda mehmonlar o‘yinini kuchaytirdi. Dibalaning raqib mudofaasini yorib o‘tishi bilan rivojlangan hujum yakunida to‘p Auarning boshiga aniq keldi va u o‘z imkoniyatidan foydalandi.

Ammo Vinchenso Italyanoning standartlari yana ish berdi. Birinchi holatda burchak zarbasidan keyin gol urilgandi. Ikkinchi gol — jarima zarbasidan keyin Belotti Mandragorani qulay vaziyatga chiqarishi orqali urildi. «Roma»da asosiy forvardga aylana olmagan va qishda ijaraga berlgan ushbu futbolchi bu bilan cheklanadi va Paredesni jarima maydoni ichida fol ishlatishga majbur qildi.

Ammo Svilar Biragi ijrosidagi penaltini qaytarib, rimliklar uchun imkoniyat saqlab qoldi. 11 metrlik zarbalar — «Fiorentina»ning zaif nuqtasi, jamoa futbolchilari qatorasiga besh bor «nuqta»da adashgan! Agar bu vaziyatlardan foydalanilganida, florensiyaliklarning vaziyati boshqacharoq bo‘lardi. «Roma»ni esa qo‘shimcha daqiqalarda shu kuni ko‘ngildagidek o‘ynay olmagan himoyachilar qutqarib qolishdi. N'Dika bosh bilan to‘pni tashlab berdi, Liorente to‘pga to‘xtatmay zarba berib, uni to‘sin ostidan darvoza to‘riga kiritdi.

Germaniya: «Bayyer» to‘xtamayapti

«Bayyer» — «Volfsburg» 2:0
Gollar:
Tella (37), Virts (86). 
«Bayyer» – Gradetski, Stanishich, Ta, Tapsoba, Inkapie (Adli, 59), Grimaldo, Jaka, Palasios (Andrix, 90), Virts (Glojyek, 90), Tella (Hofmann, 76), Shik (Iglesias, 76).
«Volfsburg» – Kastels, Tseziger (Vimmer, 88), Lakrua, Yyens, Baku, Paredes, Arnold, Gerhardt (Berens, 88), Mayer (Vranks, 63), Vind (Bornauv, 32), Tiagu Tomash (Sarr, 63).
Ogohlantirishlar: Gerhardt (7), Yyens (12), Adli (80).
Chetlatish: Yyens (28).

«Bavariya» nihoyat gollar yomg‘iri uyushtirdi, ammo bu «Bayyer»ga hech qanday ta’sir ko‘rsatmadi. Leverkuzenliklar shunchaki o‘z o‘yinlarida ochko olishi talab etiladi va ular bu ishni bekam-u ko‘st uddalashmoqda. Qolaversa, navbatdagi raqib bu vazifani osonlashtirib berdi, 28-daqiqadayoq Yyens ikkinchi sariq kartochkani olib, «Volfsburg»ni bir kishi kam qoldirdi. Bungacha Virsning zarbasi ustunga tekkandi, hisob esa Habi Alonso jamoasi uchun klassikaga aylangan hujumda ochildi. Chap qanot himoyachisi Grimaldo bu chempionatdagi 12-golli uzatmasini amalga oshirdi, boshqa qanotdagi lateral — Tella gol muallifi bo‘ldi. Bo‘lim oxirida esa Virs Palasiosning ideal uzatmasidan keyin to‘pni to‘xtatmasdan darvoza to‘riga joylashtirib, baribir o‘z golini urdi. 8:1 yoki 2:0 — bu ikki hisob ham bir xilda ochko beradi, shuning uchun «Bayyer» va «Bavariya» o‘rtasidagi farq hamon o‘n ochkoni tashkil etmoqda.

Fransiya: Enrike tajriba o‘tkazmoqda

«PSJ» — «Reyms» 2:2
Gollar:
Abdulhamid (17, avtogol), Ramush (19) — Manetzi (7), Diakite (45).
«PSJ» – Navas, Hakimi, Danilu Pereyra (Mendesh, 70), Lukas Beraldo, Ernandes, Soler (Dembele, 73), Ugarte, Zair-Emeri, Li Kan In, Barkolya (Kolo-Muani, 69), Gonsalu Ramush (Mbappe, 73).
«Reyms» – Diuf, Foke, Abdulhamid, Agbadu, de Smet (Akiyeme, 59), Teuma (Hadra, 83), Munetsi, Atangana Edoa (Richardson, 72), Ito (Stambuli, 83), Diakite, Darami.
Ogohlantirishlar: de Smet (39), Ugarte (42), Hakimi (54), Ito (79).

Mavr Chempionlar ligasida o‘z ishini bajardi va zaxira o‘rindig‘idan joy oldi. Luis Enrike va’da qilganidek jamoasini Mbappesiz o‘ynashga o‘rgatmoqda va jarayon tavakkalchilik bilan olib borilmoqda. «PSJ» Hakimining qo‘pol xatosidan keyin hisobda quvishiga to‘g‘ri keldi. Bunga javoban ketma-ket hujumlar uyushtirildi va ikki daqiqa ichida avvaliga avtogol urildi, keyin bunga qadar vaziyatlaridan foydalana olmagan Gonsalu Ramush aniq zarba yo‘lladi.

Ammo amaldagi chempionlar himoyada xatolar qilishda davom etdi va darvozaga qaytgan Keylor Navas qiyin ahvolda qoldi. Tanaffus arafasida Diakite golli pasiga gol ham qo‘shib qo‘yib, muvozanatni tikladi (2:2). Ikkinchi bo‘limda zaxiradan o‘yinga qo‘shilgan Mbappe ham g‘alaba keltira olmadi. U 73-daqiqada maydonga tushdi va o‘ziga berilgan vaqt ichida o‘yin qahramoniga aylanishi mumkin edi. Ammo u o‘zi uchun qulay pozitsiyada turib to‘pni olis «to‘qqizlik»ka joylay olmadi; keyin esa jarima maydoni chizig‘ida hujum uyushtirib darvozabonni qiynab qo‘ydi, navbatdagi urinishda qaychi uslubida zarba yo‘llashda muvaffaqqiyatsizlikka uchradi. Yakunda — «PSJ»da qatorasiga uchinchi durang, lekin bu hozircha peshqadamning chempionlik imkoniyatlariga deyarli ta’sir ko‘rsatmayapti.

Kun statistikasi

  • «Lill» XXI asrda Fransiya chempionatida 7-marta 1-daqiqadayoq gol urdi. Jamoa «Renn»ga qarshi o‘yinda (bu jamoa birinchi hujumdayoq gol o‘tkazib yuborish bo‘yicha tengsiz - 8 marta) «Bordo»ning rekordini takrorladi.
  • «Atalanta» yarimhimoyachisi Kopmayners A seriya safar o‘yinlarida 8 gol urdi. Top-5 ligalarda uning ampluadoshlari orasida bundan yuqori ko‘rsatkich faqat «Real» havbeki Bellinghem tomonidan qayd etilgan (9).
  • «Manchester Siti» yarimhimoyachisi de Bryuyne yil boshidan buyon 13 (2+11) samarali ball ishladi va bu borada APL futbolchilari orasida yetakchi.
  • «Tuluza»ni bu mavsumda 21 marta ustun yoki to‘sin goldan qutqarib qolgan.
  • Niderlandiya chempionati 25 turidan keyin 40 ochko — «Ayaks»ning 1964/65 yillar mavsumidan buyon eng yomon natijasi.
  • Gretsiyalik hujumchi Pavlidis AZ klubi safidagi gollari sonini 50 taga yetkazdi.
Ko‘proq yangiliklar: