O‘zbekistondagi eng yirik gaz saqlash ombori – “Gazli”ni boshqaruvchi Gazli Gas Storage kompaniyasi o‘z ta’sischilari tarkibida o‘zgarish bo‘lganiga munosabat bildirdi.
Kompaniya bu bayonoti orqali “MChJning taxmin qilingan mavhum ishtirokchilari haqida OAVda asossiz va tuhmat ma’nosidagi chiqishlarga javoban vaziyatni aniqlashtirishi”ni ta’kidlagan.
Avvalroq Kun.uz kompaniyaning 60 foizlik ulushi Rossiyaning “Forus” aksiyadorlik jamiyatidan Hongkongda ta’sis etilgan Daxon Holdings Limited'ga o‘tgani haqida xabar bergandi (qolgan 40 foiz ulush “O‘zbekneftgaz”ga tegishli). Gazli Gas Storage bayonotida aytilishicha, bu o‘zgarish 2023 yil oktyabr oyidagi korporativ restrukturizatsiya bilan bog‘liq.
“Baxtiyor Fozilov restrukturizatsiyadan oldin ham, keyin ham asosiy benefitsiar sifatida qolmoqda. “Gazli Gas Storage” MChJ sanksiyalar ostida bo‘lgan shaxslarga hech qachon tegishli bo‘lmagan”, – deyiladi bayonotda.
Hongkongga relokatsiya bo‘lish to‘g‘risidagi qaror Xitoy kompaniyalari bilan keng ko‘lamli biznes aloqalari o‘rnatilgani bilan izohlangan.
“Hongkongda qonuniy ro‘yxatdan o‘tish hisob-kitoblarni va qo‘shimcha moliyalashtirishni jalb qilishni, biznesni yanada rivojlantirish uchun uskunalar sotib olishni osonlashtiradi. Bundan tashqari, qayta tashkil etish boshqaruv shaklini soddalashtiradi va uni xalqaro investorlar va kontragentlar uchun yanada shaffof va maqbul qiladi”, – deyiladi rasmiy xabarda.
Kompaniya faoliyati Gazli gaz saqlash omborining sig‘imini 3 milliarddan 10 milliard metr kubgacha oshirish, Gazli konining gaz gorizontlari va neft qatlamlarini qo‘shimcha qidirish va qo‘shimcha ishlab chiqishga qaratilgan. Kompaniya bu borada erishgan natijalarini keltirib o‘tgan.
“Xorijiy investorlarning 310 million dollar miqdoridagi sarmoyalari o‘z natijasini berdi: gaz omborining quvvati 50 foizga oshib, 4,5 milliard metr kubga yetdi. Birinchi uch yilda neft qazib olish asosiy rejadan 25-30 foizga oshdi, natijada 47 000 tonna neft qazib olindi va gaz qazib olish 550 million metr kubga yetdi, bu esa O‘zbekiston ichki bozorining rivojlanishiga yordam beradi”, – deya qayd etgan Gazli Gas Storage.
Qo‘shimcha qilinishicha, bugungi kunga qadar 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilgan va yana 100 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Bayonotda kompaniya boshqaruvi tarkibi haqida ham ma’lumot berilgan. Unga ko‘ra, Jabriyev Otabek Akbaraliyevich – bosh direktor, Saydazimov Mahamatxo‘ja Habibullayevich – bosh direktor birinchi o‘rinbosari, bosh muhandis, Bratukxina Irina Anatolevna – bosh direktorning moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari hisoblanadi.
“Sanoat energetika guruhi” ta’sischisi ham Honkongga ko‘chgan
Kun.uz'ning e’tibor qaratishicha, oxirgi oylarda O‘zbekistondagi ko‘plab neft konlarini nazorat qiluvchi “Sanoat energetika guruhi” ta’sischisi ham Hongkongga ko‘chgan. 2022 yil may oyida berilgan rasmiy ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda neft qazib chiqarishning taxminan 80 foizi 103 ta neft-gaz koniga egalik qiluvchi ushbu guruh hissasiga to‘g‘ri keladi.
2024 yil 9 yanvar holatiga, “Sanoat energetika guruhi” MChJning 98 foiz ulushi Kiprda ochilgan Belvor Holdings Limited'ga, 2 foizi Shveytsariyada ta’sis etilgan Gas Project Development Central Asia AG'ga tegishli bo‘lgan. 2024 yil 28 fevral holatiga ko‘ra esa, 50,7 foiz ulushga “Sanoat energetika guruhi Enera” MChJ QK, 49,3 foiz ulushga Belvor Holding Co HK Limited egalik qilgan. 2024 yil 11 mart holatiga, bu ikkala ta’sischi o‘z ulushlari miqdorini almashganini ko‘rish mumkin: Belvor holdingi – 50,7 foiz, SEG Enera – 49,3 foiz.
Internetdagi ma’lumotlarga ko‘ra, Belvor Holding Co HK Limited 2022 yil 17 noyabrda Hongkongda ta’sis etilgan.
“Sanoat energetika guruhi Enera” MChJ QK 2022 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning 99 foiz ulushi, 2023 yil 27 iyul holatiga, Belvor Holdings Limited'ga, 1 foizi Fozilov Baxtiyor Shuhratovichga tegishli bo‘lgan. Ayni paytda kompaniyaning 99,5 foiz ulushi Belvor Holding Co HK Limited'ga o‘tgan, Kiprdagi Belvor Holdings Limited'da 0,5 foiz ulush qolgan.
SEG Enera'ning investitsion aktivlar portfelidan Qorako‘ldagi MTO va ArkChemical gaz-kimyo majmualari, Ferkensco (mineral o‘g‘itlar), Triangul Metals (tog‘-kon), Yerdan Energiya (elektr energetikasi), Tashkent International Medical Center (Toshkent xalqaro tibbiyot markazi) kabi loyihalar o‘rin olgan.
Operatsion aktivlar qatorida esa Saneg (O‘zbekistonda neft qazib olishning 80 foizini o‘zida jamlagan 103 ta kon va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi), Silk Road Samarkand (“Boqiy shahar” majmuasi), Air Marakanda (Samarqand xalqaro aeroporti operatori), “Humo” arenasi, TEG Central Asia (logistika), ADL-Ulanish (logistika), Tepelen Group (elektr energetika), Jizzax Organic (qishloq xo‘jaligi), SUIT (Samarqand xalqaro texnologiya universiteti), OsiyoTech (axborot texnologiyalari) ko‘rsatib o‘tilgan.
2021 yilda Rossiyaning “Kommersant” nashri Kiprdagi korporativ reyestrga tayanib Belvor holdingi Baxtiyor Fozilovga tegishli ekani haqida yozgan.