Shveytsariya shaharlari haqida 10 ta qiziqarli fakt

Jamiyat 22:01 / 29.02.2024 31389

Shveytsariya aholisi 8,7 mln kishini tashkil etadi va shundan 85 foizi shaharlarda yashaydi. Eng katta shaharlari – Tsyurix, Jyeneva, Bazel, Lozanna va Bern.

Quyida keltiriladigan ma’lumotlar ko‘pchilik uchun yangilik bo‘lsa ajab emas.

1. Bern – Shveytsariyaning poytaxti. Ha, Tsyurix yoki Jyeneva emas, bor-yo‘g‘i 133 ming aholiga ega, jami shveysariyaliklarning 1,5 foizini o‘zida jamlagan Bern de-fakto bu mamlakat poytaxti hisoblanadi. De-fakto deyishimizga sabab, Shveytsariya konstitutsiyasida ham, qonunlarida ham bu shahar mamlakat poytaxti deb atalmaydi. Bernning huquqiy maqomi – federal shahar. Federal boshqaruv organlari shu yerda joylashgan.

2. Tsyurix – dunyoning eng qimmat shahri. Bu – oylik maoshlarning yuqoriligi, yashash standartlarining balandligi, ko‘chmas mulk qimmatligi va boshqa omillar bilan bog‘liq. Umuman, doimiy ravishda turli reytinglarda dunyoning yashash uchun eng qimmat 10 ta shahri orasida Shveytsariyaning kamida 3-4 ta shahri joy oladi. Bunga, yuqoridagi omillar bilan birga, shveysar frankining qiymati boshqa valutalarga nisbatan yuqoriligi ham ta’sir ko‘rsatadi.

3. Davos – Yevropaning eng baland nuqtada joylashgan shahri. Alp tog‘lari bag‘ridagi shaharning 11 ming kishilik aholisi dengiz sathidan 1560 metr balandlikda hayot kechiradi. Bu shahar har yili bo‘ladigan Jahon iqtisodiy forumiga mezbonlik qilishi bilan mashhur.

4. Jyeneva – Mishlen yulduzini olgan restoranlar sonining aholi soniga nisbati bo‘yicha eng yuqori o‘rinlardagi shaharlardan biri. Har 100 ming jyenevalikka Mishlen yulduzli 7 ta restoran to‘g‘ri keladi. Bu – dunyo bo‘yicha Lyuksemburg (1-o‘rinda), Kyoto, San-Sebastyan va Parijdan keyingi beshinchi ko‘rsatkich.

5. Jyeneva – eng ko‘p xalqaro tashkilotlar joylashgan shahar. Bu yerda BMTning to‘rtta asosiy ofisidan biri, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti, Jahon savdo tashkiloti, Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon intellektual mulk tashkiloti, Xalqaro qizil xoch jamiyati va boshqa o‘nlab xalqaro tashkilotlarning bosh shtab-kvartiralari joylashgan.

6. Dunyodagi eng katta jamoat transporti tizimlaridan biri. Shveytsariya shaharlari temiryo‘llar bilan shu qadar uzviy bog‘langanki, ko‘p holatlarda bir shahardagi “A” nuqtadan ikkinchi shahardagi “B” nuqtaga borish uchun avtomobilga umuman zarurat yo‘q: shaharlararo qatnovchi poyezdlar shaharlar jamoat transporti bilan juda yaxshi integratsiya qilingan. Dunyodagi eng uzun temiryo‘l tunneli (57 km) Alp tog‘larining tagidan o‘tib, Shveytsariyaning ikki shahri – Ersfeld va Bodio shaharlarini, shuningdek, Tsyurixni Italiyaning Milan shahri bilan bog‘laydi.

7. Lozanna – global olimpiya harakatining poytaxti. Shaharga bunday norasmiy status Xalqaro olimpiya qo‘mitasi shu yerda joylashgani uchun berilgan.

8. Bazel – Shveytsariyadagi eng qadimgi universitet joylashgan shahar. 1460 yilda tashkil etilgan Bazel universiteti Nobel  mukofotining o‘n nafar laureatining ilmiy faoliyatida muhim o‘rin tutgan. Universitet huzurida Shveytsariyadagi eng yirik kutubxona bor. Shveytsariyaning birinchi raqamli oliygohi esa – Tsyurixdagi ETH universiteti (Federal texnologiya instituti) bo‘lib, u 2024 yilda QS'ning dunyo universitetlari reytingida 7-o‘rinni egallab turibdi.

9. Shveytsariya shaharlari – dunyoning eng ishonchli moliyaviy markazlari. Pul aylanmasi hajmi bo‘yicha Nyu-York yoki Londondan ancha orqada bo‘lsa-da, Shveytsariya banklari ishonchlilik va barqarorlik bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Bunga sabab esa – mamlakatning 1815 yildan buyon tashqi siyosatda neytrallikni bosh tamoyil qilib olgani. Shveytsariya shundan beri birorta ham urushda ishtirok etmagan.

10. Ayrim qishloqlarga ichki yonuv dvigatelli avtomobillarning harakatlanishi taqiqlangan. Maqola Shveytsariya shaharlari haqida bo‘lsa-da, qishloqlar haqidagi bu qiziqarli faktni ham qo‘shishga jazm etdik. Bunday taqiq kiritilgan qishloqlardan eng mashhuri – Tsermatt. Tog‘ bag‘ridagi ertaknamo qishloqda harakatlanish uchun elektromobillar, ot-arava va velosipeddan foydalaniladi. Taqiqdan maqsad – atrof-muhitni sof holatda saqlash va qishloqdagi estetik muhitni asrash.

Kun.uz muharriri Komron Chegaboyev va fotomuxbir Muhammadjon G‘aniyev o‘tgan yilning noyabr oyida xizmat safari bilan Jyeneva va Lozanna shaharlarida bo‘lib qaytgan edi. Quyida safar davomida olingan suratlar jamlanmasi havola etiladi.

Jyeneva

Lozanna

Shahar tashqarisida

Ko‘proq yangiliklar: