Stoltenberg: NATO Ukrainaga qo‘shin jo‘natish niyatida emas

Jahon 08:46 / 28.02.2024 4375

NATO Ukrainaga jangovar qo‘shin yuborishni rejalashtirmayapti, dedi alyans bosh kotibi Yyens Stoltenberg 27 fevral, seshanba kuni Associated Press agentligiga ba’zi G‘arb davlatlari urishayotgan mamlakatga qo‘shin yuborish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqidagi xabarlar ortidan.

Uning ta’kidlashicha, NATO ittifoqchilari Ukrainaga 2014 yildan beri ko‘rsatib kelinayotgan va Rossiyaning 2022 yildagi keng ko‘lamli hujumidan keyin mustahkamlangan «misli ko‘rilmagan yordam» taqdim etyapti. «Ammo Ukraina hududida NATO jangovar bo‘linmalarini joylashtirish rejalari yo‘q», - deya ishontirdi Stoltenberg. 

Makron G‘arb qo‘shinlari Ukrainaga yuborilishini istisno etmadi

26 fevral kuni Parijda bo‘lib o‘tgan G‘arb davlatlarining sammiti yakunlariga ko‘ra, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Ukrainada G‘arb quruqlik kuchlari joylashtirilishi mumkinligini tan oldi. «Bugun quruqlikdagi qo‘shinlarni (Ukrainaga) rasman yuborish masalasida konsensus yo‘q, ammo hech narsani inkor etib bo‘lmaydi», — dedi Makron. 

Avvalroq, Slovakiyaning mashhur rossiyaparast bosh vaziri Robert Fitso Makron tomonidan chaqirilgan konferensiya uchun Parijga jo‘nab ketishdan oldin Bratislavada so‘zlagan nutqida, ba’zi G‘arb davlatlari o‘z askarlarini «Ukraina hududiga ikki tomonlama shartnomalar asosida yuborishni ko‘rib chiqayotganini» aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, gap «bir nechta davlatlar – NATO va YeI a’zolari» haqida ketmoqda, Fitso esa «maxfiy ma’lumotlar»ga tayanib, ular qaysi davlatlar ekanligini aniqlashtirmadi. 

Boshqa davlatlar Makronning pozitsiyasini hali qo‘llab-quvvatlamadi

Germaniya kansleri Olaf Shols NATO va Yevropa Ittifoqi davlatlaridan Ukrainaga qo‘shin yuborish g‘oyasini qat’iyan rad etdi. Parijdagi konferensiyada «Ukraina tuprog‘ida quruqlikdagi qo‘shinlar bo‘lmaydi, u yerga Yevropa davlatlari yoki NATO davlatlari tomonidan yuborilgan askarlar bo‘lmaydi», dedi Shols seshanba kuni Frayburgda jurnalistlarga. 

Britaniya, shuningdek, Ukrainada qo‘shinlarini joylashtirish rejasi yo‘qligini e’lon qildi. «Ukraina qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlash uchun mamlakatda bo‘lgan oz sonli xodimlardan tashqari, biz keng ko‘lamli joylashtirishni rejalashtirmayapmiz», dedi Britaniya bosh vaziri Rishi Sunakning matbuot kotibi jurnalistlarga. Shu bilan birga, u ko‘p sonli ukrainalik harbiy xizmatchilar Britaniyada tayyorgarlikdan o‘tayotganini eslatdi. 

Chexiya bosh vaziri Petr Fiala va uning polshalik hamkasbi Donald Tusk ham o‘z mamlakatlari Ukrainaga qo‘shin jo‘natishini rad etdi. Xuddi shunday pozitsiyani Vengriya tashqi ishlar va tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri Peter Siyarto, shuningdek, Italiya bosh vaziri Jorja Meloni idorasi ham bildirgan. 

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga NATO qo‘shinlari Ukraina hududida paydo bo‘ladigan bo‘lsa, Rossiya va alyans o‘rtasida ziddiyat muqarrarligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu davlatlar «bundan xabardor bo‘lishi, bu ularning manfaatlariga, qolaversa, o‘z mamlakatlari fuqarolari manfaatlariga mos keladimi yoki yo‘qmi, shuni o‘z-o‘zidan so‘rashi kerak». 

Ko‘proq yangiliklar: