Vengriya Shvetsiyadan yangi qiruvchi samolyotlar sotib oladi

Jahon 11:39 / 24.02.2024 5083

Vengriya Shvetsiyadan to‘rtta yangi Jas 39 Gripen qiruvchi samolyotini sotib olmoqda, bu haqda 23 fevral, juma kuni Budapeshtda bosh vazir Viktor Orban shved hamkasbi Ulf Kristersson bilan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi. Bundan tashqari, tomonlar Vengriya 2006 yildan beri Shvetsiyadan ijaraga olgan 14 ta Gripen samolyotiga texnik xizmat ko‘rsatish va logistika xizmatlari bo‘yicha kelishuvni uzaytirdi. 

Ikkala siyosatchi ham Vengriya va Shvetsiya kelishib olgan masalalar bo‘yicha yaqinroq hamkorlik qilish muhimligini ta’kidladi. «Biz ikkimiz ham YeI a’zolarimiz va tez orada NATO ittifoqchilariga aylanamiz», dedi Ulf Kristersson. 

Vengriya poytaxtiga tashrifi bilan u Viktor Orbanning o‘ng qanot populistik FIDeS partiyasi yetakchi siyosatchilari Budapesht tomonidan Shvetsiyaning NATOga kirishini ma’qullash uchun qo‘ygan shartni bajardi. Vengriya parlamenti dushanba, 26 fevralda, deputatlar ta’tildan qaytganidan keyingi birinchi kun Shvetsiyaning NATOga kirishini ratifikatsiya qilish uchun ovoz berishi kutilmoqda.

Budapesht Shvetsiya arizasini eng oxirgi bo‘lib ratifikatsiya qiladi

Shvetsiya 2022 yil 18 mayda Finlandiya bilan bir vaqtda a’zolik uchun ariza bergan va qo‘shilish protokollari 5 iyulda imzolangan. 2023 yilning 4 apreliga qadar Shvetsiyaning NATOga qo‘shilishi Turkiya va Vengriyadan tashqari barcha a’zo davlatlar tomonidan ratifikatsiya qilingan edi. Joriy yilning 23 yanvarida Turkiya parlamenti Shvetsiyaning alyansga kirishini ma’qulladi.

Viktor Orban o‘z hukumati Shvetsiyaning NATOga kirishini qo‘llab-quvvatlashini bir necha bor ta’kidlagan bo‘lsa-da, 5 fevral kuni bu masala ko‘rib chiqilishi kerak bo‘lgan parlament yig‘ilishini aynan FIDeS deputatlari boykot qilgan. Xususan, ular Shvetsiya bosh vaziri Ulf Kristerssonning Budapeshtga tashrifi bilan Stokholm Vengriya demokratiyadan chekingani bo‘yicha tanqidiga tuzatish kiritishni talab qildi.

Bunga javoban Kristersson Budapesht bilan Shvetsiya arizasi bo‘yicha keyingi barcha muzokaralarni to‘xtatayotganini, biroq protokol ratifikatsiya qilinganidan keyin Orban bilan uchrashishga tayyorligini aytdi. 

Ko‘proq yangiliklar: