O‘zbekistondagi eng yirik gaz omborining ta’sischisi o‘zgardi

Iqtisodiyot 17:24 / 24.02.2024 58580

Kun.uz O‘zbekistondagi eng yirik yerosti gaz saqlash ombori – Gazli inshootining sig‘imi 3 barobardan ko‘proqqa oshirilishi haqida xabar bergan edi. Ma’lum bo‘lishicha, gaz omboriga egalik qiluvchi kompaniyaning ta’sischisi o‘zgargan.

2023 yil 25 iyul holatiga, “Gazli Gas Storage” MChJ QKning 40 foiz ulushi “O‘ztransgaz” AJga, 60 foizi Rossiyaning “Forus” aksiyadorlik jamiyatiga tegishli bo‘lgan. 2024 yilning 24 fevrali holatida esa, “Forus” ta’sischilar tarkibidan chiqqani, unga tegishli bo‘lgan 60 foizlik ulush Daxon Holdings Limited'ga o‘tganini ko‘rish mumkin. Korxona ustav fondi hajmida (297,9 mrld so‘m) o‘zgarish bo‘lmagan.

O‘zbekistondagi eng yirik gaz omborining majoritar huquqqa ega ta’sischisi qachon o‘zgargani, Rossiya kompaniyasi o‘z ulushini qay tarzda begonalashtirgani va bu qarorini “O‘ztransgaz” bilan kelishgani yoki yo‘qligi ma’lum emas. Bu o‘zgarish haqida hozirgacha rasman xabar berilmagan.

Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 15 fevraldagi qarori bilan tasdiqlangan, 2024 yil 1-choragiga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga ko‘ra, Xitoy kompaniyasi deb ko‘rsatilgan Daxon Noldings Limited 2020–2025 yillarda “Gazli konida gazni yer ostida saqlash inshooti hajmini 10 mlrd metr kubga oshirish, Gazli konining gaz va neft uyumlarida qo‘shimcha geologiya-qidiruv ishlarini bajarish va ularni yakunlovchi bosqichda ishlatish (1-bosqich)” loyihasini amalga oshiradi.

Daxon holdingi haqida internetda ma’lumot juda kam. Xususan, uning energetika loyihalaridagi ishtiroki va tajribasi bor-yo‘qligi ma’lum emas. Kompaniya 2019 yil 23 iyulda Hongkongda ro‘yxatdan o‘tgan.

Shuningdek, ochiq manbalarda 2011 yili Kiprda tashkil etilgan Daxon Ltd va 2014 yil Britaniyada ro‘yxatga olingan Daxon Limited kompaniyalarini uchratish mumkin.

Loyiha tarixi

Buxorodagi Gazli gaz omborining sig‘imi 3 mlrd kubometrdan 10 mlrd kubometrgacha oshirilishi, bunga xorijiy hamkorlar jalb etilishi haqida ilk marta 2017 yilda “O‘zbekneftgaz” rasmiylari ma’lum qilgan. Keyinroq xorijiy hamkor Rossiyaning “Forus” kompaniyasi bo‘lishi oydinlashgan. 2018 yil may oyida Sankt-Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida “O‘zbekneftgaz” va “Forus” o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolangan.

2018 yil 17 oktyabrga kelib, O‘zbekistonda MChJ shaklidagi “Gazli Gas Storage” qo‘shma korxonasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Kompaniyaning 40 foiz ulushi “O‘ztransgaz” AJ, 60 foizi bir yil oldin ta’sis etilgan “Forus” AJga tegishli bo‘lgan.

Shu tariqa, Gazli ombori sig‘imini bosqichma-bosqich oshirish loyihasi 2019 yilgi investitsiya dasturiga kiritilgan. Loyihaning ombor sig‘imini 10 mlrd kubometrgacha oshirishni ko‘zda tutuvchi barcha bosqichlari jami 850 mln dollarga, 2020-2025 yillarni qamrab oladigan, sig‘imni 6 mlrd kubometrgacha oshirishni nazarda tutuvchi 1-bosqichi esa 281,2 mln dollarga baholangan. Bosh pudratchi sifatida Eriell guruhi jalb qilingan.

Loyihaga 2019-2020 yillarda investitsiya jalb qilinmagan; moliyalashtirish 2021 yilda boshlangan. Keyinroq loyiha qiymati 268,7 mln dollargacha kamaytirilgan. 2024 yil 1 yanvar holatida, rejadagi 268,7 mln dollar investitsiyadan hali o‘zlashtirilmagan qismi 50,6 mln dollarni tashkil etgan. Daxon holdingi joriy yilning 1-choragida 3 mln dollar investitsiya kiritishi ko‘zda tutilgan.

"O‘zbekiston 24" lavhasidan kadr

O‘zbekiston gaz sanoatining yuragi

Gazli gaz saqlash ombori o‘z sig‘imining kattaligi bilan mamlakat energetik balansini saqlashda muhim o‘rin tutadi. Ombor – O‘zbekiston gaz tarmog‘ining yuragi hisoblanuvchi Gazlidagi eng yirik strategik obektdir. Bu yerda yerosti gaz saqlash omboridan tashqari, gaz konlari, gazni qayta ishlash zavodi, gaz eksporti va importida katta ahamiyatga ega Gazli magistral gaz quvurlari boshqarmasi joylashgan.

Buxoro viloyatining Romitan tumanidagi bu hudud “Buxoro–Ural”, “O‘rta Osiyo–Markaz” va “Gazli–Chimkent” magistral quvurlari kesishgan nuqtada joylashgani sababli mamlakatdagi gaz-transport habi hisoblanadi. Zangori olov bilan bog‘liq tarixi 1950-yillar o‘rtalaridan boshlangan Gazli nafaqat Markaziy Osiyo, balki sobiq ittifoq gaz tizimining ham boshlanish nuqtasi bo‘lgani aytiladi.

Gaz importi

2023 yilda O‘zbekiston ilk marta Rossiyadan gaz import qila boshladi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, o‘tgan yili mamlakat 694,9 mln dollar qiymatdagi tabiiy gaz import qilgan bo‘lib, bu 2022 yilga nisbatan 2,5 barobar ko‘p. Gaz eksporti esa 2023 yilda ikki barobarga pasayib, 529,9 mln dollarni tashkil etgan. Shunga ko‘ra, eksport va import o‘rtasidagi farq manfiy 165 mln dollarga teng bo‘lgan.

O‘tgan yil iyulda UzGasTrade va “Gazprom” o‘rtasida yiliga 2,8 mlrd kubometr yoki kuniga 9 mln kubometrgacha gaz yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzildi. Shundan keyin tomonlar o‘rtasida o‘rta va uzoq muddatli shartnomalar bo‘yicha muzokaralar boshlandi.

2024 yilgi davlat dasturiga ko‘ra, “shimoldan import qilinadigan” tabiiy gaz hajmi kuniga 9 mln kubometrdan 32 mln kubometrgacha oshiriladi. Respublika magistral gaz tizimini bunga tayyorlash uchun tashqi qarzlar hisobidan 500 mln dollar ajratish reja qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: