Nyu-Dehli hindlarni Rossiya qurolli kuchlari safidan muddatidan oldin bo‘shatishni so‘radi

Jahon 10:27 / 24.02.2024 7481

Nyu-Dehli Rossiya qurolli kuchlarida yordamchi ishlarga joylashgan Hindiston fuqarolarini muddatidan oldin bo‘shatish talabi bilan Moskvaga murojaat qildi. Bu haqda Hindistonning The Hinduso internet nashri 23 fevral, juma kuni mamlakat tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Randhir Jaysval bayonotiga tayanib xabar berdi

Avvalroq, 20 fevral kuni xuddi shu nashr Faysal Xon ismli vositachi tomonidan Rossiya armiyasida yordamchi ishlar uchun yollangan kamida uch hindistonlik Ukrainada Rossiya uchun jang qilishga majbur bo‘lganini yozgan edi. 

Gazeta jabrlanganlarning biridan iqtibos keltirdi, ammo u o‘z ismini aytishdan bosh tortdi: «Biz bu yerga 2023 yilning noyabr oyida kelgan edik, armiya xavfsizligi bo‘yicha yordamchilar sifatida ish haqida shartnoma imzolashga majbur bo‘ldik. Jang maydoniga yubormasliklari va 1,95 million lakh rupiy (Hindistonda «lakh» so‘zi ko‘pincha 100 000 rupiyni bildiradi) maosh, oyiga 50 000 rupiy qo‘shimcha mukofot va’da qilindi. Ikki oylik 50 000 rupiy bonusdan tashqari, men hech qanday pul olmadim». 

Rossiya qurolli kuchlaridagi hindlar 

The Hindu nashrining yozishicha, so‘nggi bir yil ichida 100 ga yaqin hindistonlik Rossiya qurolli kuchlarida ishlash uchun yollangan. «2023 yil noyabr oyidan beri Rossiya va Ukraina chegarasidagi Mariupol, Xarkiv, Donetsk, Rostov-Don shaharlarida 18 ga yaqin hindistonlik qolib ketdi, ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, bir kishi halok bo‘ldi», — deb yozadi nashr o‘z manbasidan iqtibos keltirgan holda. 

Ta’kidlanishicha, bu RF tomonida Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida hindlar ishtirok etishi bo‘yicha birinchi tasdiqlangan holatdir. Avvalroq Hindistonning bir necha fuqarolari Ukraina qurolli kuchlari xalqaro legioni safiga ko‘ngilli ravishda qo‘shilgani xabar qilingandi. 

Hindiston Tashqi ishlar vazirligining 23 fevral kuni bergan bayonotida aytilishicha, vazirlik «bir nechta hindistonlik fuqarolar Rossiya armiyasida yordamchi xodimlar sifatida ishlash uchun shartnoma imzolaganidan xabardor». «Hindiston elchixonasi muntazam ravishda Rossiyaning tegishli organlariga ularni muddatidan oldin ishdan bo‘shatish bo‘yicha ushbu masalani ko‘taryapti», - deyiladi xabarda. «Biz barcha Hindiston fuqarolarini ehtiyot bo‘lishga va bu mojarodan uzoqroq turishga chaqiramiz», deb ta’kidladi Hindiston tashqi ishlar vazirligi. 

Yanvar oyida Nepal keyingi ogohlantirishgacha Rossiya va Ukrainadagi fuqarolariga ishlash uchun ruxsatnoma berishni to‘xtatdi. 2023 yil dekabr oyida Nepal hukumati Ukrainada Rossiya Federatsiyasi tomonida jang qilayotgan olti nafar mamlakat fuqarosi halok bo‘lgani haqida xabar bergan edi. 

Ko‘proq yangiliklar: