Intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi

O‘zbekiston 21:11 / 24.02.2024 3234

Prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2024 yilgi davlat dasturida intellektual mulk himoyasini kuchaytirish borasida bir qator normativ huquqiy-hujjatlar ishlab chiqilishi belgilandi.

2024 yil noyabr oyiga qadar intellektual kafolatli mulk himoyasini ta’minlash bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilmoqda.

Bosh prokuratura, Bojxona qo‘mitasi hamda texnik tartibga solish agentligi ishlab chiqadigan loyihada kontrafakt mahsulotlarni olib qo‘yish va yo‘q qilishning aniq mexanizmlari belgilanadi. Hujjat loyihasida ayrim turdagi mahsulotlarni (oziq-ovqat, alkogol, tamaki, shaxsiy gigiyena vositalari va boshqalar) savdoga chiqarishdan oldin raqamli markirovkalashda intellektual mulk huquqlariga rioya etilganini nazorat qilish tartibini joriy etish nazarda tutiladi.

Shuningdek, Bosh prokuratura va Oliy sudga intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun belgilangan javobgarlik choralarini kuchaytirish bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.

Sentyabrga qadar intellektual mulk huquqlarini buzganlik uchun belgilangan javobgarlik choralarini yanada kuchaytirish, jumladan jinoiy javobgarlikni joriy qilish, sanoat mulki huquqlarini buzgani uchun BHMning 20 baravaridan 1000 baravarigacha jarima puli undirish mexanizmi joriy qilinadi.

Bundan tashqari, 2024 yil dekabrga qadar internetda, shu jumladan, ijtimoiy tarmoqlarda intellektual mulkka bo‘lgan huquqni himoya qilishni yanada takomillashtirish bo‘yicha normativ huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2022 yilda qabul qilingan prezident farmoniga muvofiq, sanoat mulki obektlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik asoslari belgilangan.

Tegishli patentlangan sanoat mulki obektini o‘z ichiga olgan mahsulotni yoki buyumni ruxsatsiz tayyorlash, qo‘llash, import qilish, sotishga taklif etish, sotish, fuqarolik muomalasiga boshqa yo‘sinda kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish, shuningdek ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulni qo‘llash yoxud ixtiro patenti bilan muhofaza qilinayotgan usulda bevosita tayyorlangan mahsulotni fuqarolik muomalasiga kiritish yoki shu maqsadda saqlab turish – yuridik shaxslarga BHMning 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Avvalroq, 5ta normativ huquqiy hujjat JST talablariga moslashtirilgani ma’lum qilingandi. O‘zgarishlarning katta qismi intellektual mulk sohasiga taalluqli. Xususan, O‘zbekiston fuqarolari va norezidentlar uchun patent boji tenglashtirildi.

Ko‘proq yangiliklar: