BMT jamg‘armasi O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga investitsiya jalb qilishda yordam beradi

O‘zbekiston 17:16 / 24.02.2024 3544

«Dunyo» xabariga ko‘ra, muloqot chog‘ida tomonlar so‘nggi yillarda O‘zbekiston va mazkur jamg‘arma o‘rtasidagi aloqalarning yanada faollashganini ta’kidladi. Mamlakatda BMT Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi investitsiyalari ishtirokidagi loyihalarni amalga oshirish natijasida bog‘dorchilik va sutchilik yo‘nalishida 100 mingdan ziyod qishloq aholisi manfaatdor bo‘lgani aytib o‘tildi.

«O‘zbekistonni Markaziy Osiyo mintaqasidagi muhim hamkorimiz deb bilamiz. So‘nggi yillarda jamg‘armaning O‘zbekistondagi loyihalari hajmi jadal sur’atlarda oshib borayotgani quvonarli. E’tiborlisi, o‘zaro aloqalarimiz yangi bosqichga chiqdi. Buning yorqin dalili sifatida jamg‘arma vakolatxonasining Toshkentda ochilishini aytishimiz mumkin», – deya ta’kidladi jamg‘arma rahbari Alvaro Lario.

Jamg‘armaning 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan dasturi «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan keng ko‘lamli islohotlarga hamohang bo‘lib, unga hissa qo‘shishi, xususan, fermerlar daromadini ikki barobar oshirishda yordam berishi urg‘ulandi.

Tomonlar kelgusida mamlakat qishloq xo‘jaligi sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb qilishda ushbu jamg‘arma salohiyatidan kengroq foydalanish masalalarini muhokama qildi.

BMT Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi rivojlanayotgan davlatlarning qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, dehqon va kichik fermerlarni qo‘llab-quvvatlash hamda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishga ixtisoslashgan moliya instituti hisoblanadi. O‘zbekiston 2011 yilda ushbu jamg‘armaga a’zo bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: