AQSh Rossiyaga qarshi eng jiddiy sanksiyalarni joriy etishdan qochadi - OAV

Jahon 23:41 / 24.02.2024 13937

AQSh rasmiylari Rossiyaga qarshi eng jiddiy sanksiyalarni kiritishdan qochmoqda. Bunga Bloomberg e’tibor qaratdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, sanksiyalarning keng ko‘lamli ro‘yxatida metallurgiya sohasi yo‘q. Shuningdek, energetika sektoriga nisbatan sanksiyalar kuchaytirilmayapti, banklarga nisbatan esa ikkilamchi sanksiyalar kiritilmayapti.

Jurnalistlarning fikricha, bu ehtiyotkorlik AQSh prezidenti Jo Baydenning jamoasi hali ham Rossiya iqtisodiyotiga putur yetkazishi mumkin bo‘lgan daromad oqimlari bilan shug‘ullanishni istamasligini aks ettiradi.

«Ular sanksiyalar ortidan AQSh iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan jiddiy zarbadan qo‘rqadi», deb hisoblamoqda jurnalistlar.

Nashrning ta’kidlashicha, Rossiyaga texnologiya va materiallarni sotib olishga, shuningdek, boyitilgan uran, alyuminiy va nikel kabi metallar savdosiga yordam beradigan xorijiy banklarga qarshi jiddiy choralar ko‘rish mumkin edi. Bundan tashqari, AQSh Rossiya hukumatining muzlatilgan aktivlarini ham qo‘lga kiritishi mumkin. Ammo jurnalistlar ta’kidlaganidek, bu choralarning barchasi jiddiy xavf bilan bog‘liq.

«Rossiyaga chinakam ta’sir ko‘rsatish uchun biz butun jahon iqtisodiyoti uchun zararli oqibatlarga olib kelishi mumkin bo‘lgan ko‘proq strategik harakatlarni amalga oshirishimiz kerak... Biz yanada qiyinroq qarorlar qabul qilishni boshlashimiz va bu qarorlar bilan birga keladigan oqibatlarni ham qabul qilishimiz kerak», deb hisoblamoqda AQSh Moliya vazirligining sobiq xodimi Kim Donovan.

23 fevral kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Ukrainaga qarshi urush va rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘limi tufayli Rossiyaga qarshi 500 dan ortiq yangi sanksiyalar kiritganini ma’lum qildi.

20 fevralda esa Yevropa Ittifoqi Ukraina hududlarining noqonuniy anneksiya qilinishi munosabati bilan Rossiyaga nisbatan joriy etilgan cheklovchi choralarni bir yilga — 2025 yil 24 fevralgacha uzaytirdi.

Ko‘proq yangiliklar: