Toshkent viloyatida mayning ferma 3 mlrd so‘mlik elektrdan noqonuniy foydalangani aniqlandi

O‘zbekiston 19:06 / 23.02.2024 3683

Toshkent viloyatidagi xonadonda mayning qurilmalarni yashirin yo‘l bilan elektr tarmog‘iga ulab, noqonuniy foydalanib kelish holati aniqlandi. Bu haqda «O‘zenergoinspeksiya» xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Toshkent tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro S.R. o‘z xonadonining yerto‘lasida mayning qurilmalarni hisoblagichdan tashqari yashirin yo‘l bilan elektr tarmog‘iga ulab, noqonuniy ravishda foydalanib kelgan.

Ushbu holat bo‘yicha dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, elektr ta’minoti korxonasi tomonidan 3 milliard 2 million so‘m miqdoridagi hisobga olinmagan elektr energiyasi qayta hisob-kitob qilingan.

Qoidabuzar iste’molchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar ko‘rish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza etuvchi organlarga taqdim etilgan.

Ma’lumot uchun, Energetika vazirligi huzuridagi «O‘zenergoinspeksiya» tomonidan DXX, Bosh prokuratura hamda elektr ta’minoti korxonasi xodimlari bilan hamkorlikda elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash uchun muntazam ravishda tezkor nazorat tadbirlari olib borilmoqda. 

Bosh prokuratura mamlakatda energetika sohasiga oid biror-bir qonun buzilishiga guvoh bo‘lganlar xabar berishi uchun maxsus Telegram-botni ishga tushirgan. Ushbu bot orqali ham shunday qonunbuzilish holatlari haqida xabar berish mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: