Rossiyada qarovsiz qolib ketgan qizaloqlar Moskvadagi elchixonaga olib kelindi

Jamiyat 18:24 / 23.02.2024 22285

Rossiyada onasi qamalib, o‘zlari qarovsiz qolib ketgan opa-singil Moskvadagi elchixonaga olib borildi. Ular tez kunda O‘zbekistonga jo‘natiladi. Hozirda buning uchun qizlarning tergov hibsxonasida saqlanayotgan onasidan ishonchnoma va rozilik xati olishga harakat qilinmoqda.

Ammo Kun.uz manbasining aytishicha, qizlarni O‘zbekistonda qaramog‘iga oluvchi oila aniq emas. Chunki qarindoshlari ularni qabul qilishni istamayapti.  

Asli qashqadaryolik bo‘lgan Iroda ismli ayol Rossiyada ikki qizi bilan yashagan. 4 oy oldin u jinoyat qilishda gumonlanib qo‘lga olingach, qizlari qarovsiz qolgan. Ayolning tanishlari O‘zbekistonga qo‘ng‘iroq qilib, qizaloqlarning bobosi va tog‘asi bilan gaplashgan hamda bolalarni O‘zbekistonga jo‘natib yubormoqchi bo‘lishgan. Ammo negadir ularni na bobosi, na boshqa yaqinlari qabul qilishni istamagan.  

Bolalar ombudsmani Surayyo Rahmonova vaziyat o‘rganilib, bolalarni O‘zbekistonga qaytarish choralari ko‘rilishini bildirgan edi.  

Holat yuzasidan rasmiy axborot bergan Ijtimoiy himoya milliy agentligi ayolning ikki nafar qizi uy sharoitida tug‘ilgani va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari yo‘qligini, ayol bolalarini o‘zbekistonlik vatandoshi J.A. qaramog‘iga tashlab, noma’lum yo‘nalishda g‘oyib bo‘lganini ma’lum qildi. Agentlik tomonidan O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda voyaga yetmagan bolalarning uyda tug‘ilganlik holatini rasmiylashtirish va ularga shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish choralari ko‘rilayotgani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: