Kapital bozorida tartibga solish qumdoni rejimini taqdim qilish tartibi tasdiqlandi

Iqtisodiyot 12:29 / 23.02.2024 12230

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining “Kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini taqdim qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” buyrug‘i qabul qilindi.

Nizom:

  • kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimini taqdim etish;
  • rejim ishtirokchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish va ularning faoliyatini monitoring qilish;
  • maxsus rejim ishtirokchisi maqomidan mahrum qilish hamda maxsus rejim ishtirokchilari reyestrini yuritish tartibini belgilaydi.

Tan olingan 38 ta xorijiy yurisdiksiyadan birida ro‘yxatdan o‘tgan chet el yuridik shaxsi arizachi bo‘lishi mumkin.

Arizachi hujjatlarni (ta’sis hujjatlari, anketalar, litsenziyalar). Istiqbolli loyihalar milliy agentligiga topshiradi. Maxsus huquqiy rejim ishtirokchisi sifatida ro‘yxatga olish haqida qaror qabul qilinganda u haqida ma’lumotlar reyestrga kiritiladi.

Maxsus rejim doirasida: 

  • chet ellik investitsiya vositachilari O‘zbekiston Respublikasi qimmatli qog‘ozlar bozorida investitsiya vositachisi faoliyatini amalga oshirishi va depo hisobvarag‘ini ochishi mumkin;
  • chet ellik nominal saqlovchilar qimmatli qog‘ozlar bo‘yicha hisobvaraqlar ochishi va O‘zbekiston Respublikasida o‘z faoliyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki agent orqali amalga oshirishi mumkin;
  • chet ellik nominal saqlovchilar, jumladan kastodian banklarga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida xorijiy va milliy valutada hisobvaraqlar ochishga, shuningdek Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysida va “O‘zRVB” AJ depozitariy tizimida depo hisobvaraqlari ochishga ruxsat beriladi;
  • uyushgan savdolarda qimmatli qog‘ozlarni sotuvchi (sotib oluvchi) norezident yuridik shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi tijorat banklarida milliy valutada hisobvaraqlar ochishga ruxsat beriladi;
  • korporativ obligatsiyalarning chiqarilishi va muomalasi hamda ular bo‘yicha hisob-kitoblarni amalga oshirishda obligatsiyalarning qiymatini chet el valutasida belgilash va mazkur valutada to‘lashga ruxsat beriladi;
  • chet ellik nominal saqlovchilar o‘zlarining O‘zbekiston Respublikasida ochilgan hisobvaraqlaridagi hisobga olingan qimmatli qog‘ozlar yoki pul mablag‘larining benefitsiar mulkdori hisoblanmaydi;
  • qimmatli qog‘ozlarning xorijiy nominal hisobvarag‘idan (yoki xorijiy nominal hisobvarag‘iga) benefitsiar mulkdor o‘zgarmagan holda “qimmatli qog‘ozlarni to‘lovsiz yetkazib berish” (Free of Payment transfer of securities) orqali o‘tkazilishi ushbu qimmatli qog‘ozlarni realizatsiya qilish (sotish) hisoblanmaydi va tomonlarning hech biri, shu jumladan chet ellik nominal saqlovchi uchun soliq majburiyatini keltirib chiqarmaydi;
  • chet ellik nominal saqlovchilar O‘zbekiston Respublikasida o‘z faoliyatini alohida litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat olmasdan, filial yoki yangi yuridik shaxs tashkil etmasdan yoxud mahalliy yuridik shaxsning ustav kapitalida ishtirok etmasdan vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiradi;
  • chet ellik investitsiya vositachilarining xodimlariga tan olingan xorijiy yurisdiksiyalarda berilgan qimmatli qog‘ozlar bilan ishlash imkonini beruvchi malaka sertifikatlari mazkur xodimlarga O‘zbekiston qimmatli qog‘ozlar bozorini tartibga solish bo‘yicha vakolatli davlat organi tomonidan tasdiqlanadigan tartibga muvofiq alohida qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisining malaka attestatini olmagan holda O‘zbekistonda qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beradi.
Ko‘proq yangiliklar: