Ispaniyada ko‘p qavatli uyda dahshatli yong‘in ro‘y berdi: qurbonlar bor (video)

Jahon 15:11 / 23.02.2024 7723

Ispaniyaning Valensiya shahridagi ko‘p qavatli uylardan birida kuchli yong‘in chiqishi oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi, deb xabar qilmoqda qutqaruv xizmatlari.

Yana o‘n to‘qqiz kishi bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda.

Yong‘in Kampanar tumanidagi 14-qavatli uyni qamrab olgan va qo‘shni binoga ham o‘tgan.

O‘t o‘chiruvchilar balkonlardan odamlarni qutqarib qolishgan. Kamida 14 kishi, jumladan olti nafar o‘t o‘chiruvchi va bir bola jarohat olgan.

Kuchli shamol alangani kuchaytirgan, ammo yong‘in keng tarqalishiga oson yonuvchi qoplama sabab bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

Yong‘inni o‘chirishga 20 dan ortiq o‘t o‘chirish brigadalari jalb etilgan va juma kuni tongga kelib bino o‘rnida faqat qoraygan ustun va devorlar qolgan. Odamlardan bu hududdan uzoqroqda bo‘lish so‘ralgan.

138 kvartiradan iborat binoda 450 kishi yashagan, deb xabar beradi El Pais gazetasi bino boshqaruvchisiga tayangan holda.

Mahalliy aholi vakillari xabariga ko‘ra, o‘t o‘chiruvchilar ko‘tarma kranlar yordamida bir necha kishini qutqarib qolishgan, jumladan yettinchi qavatda yashab kelgan oilaviy juftlikni ham.

Ayollardan biri TVE telekanaliga o‘t o‘chiruvchilar ikkinchi qavatda qamalib qolgan o‘smirni saqlab qolishga urinayotganiga guvoh bo‘lganini aytgan.

Yong‘in chiqishi sababi hozircha aniq emas, ammo mamlakatda binolar qurilishida ishlatiladigan materiallar borasida savollar yangramoqda.

Valensiya sanoat texnik muhandislari kolleji vitse-prezidenti Ester Puchades Efe axborot agentligiga xabar qilishicha, u avvalroq binoni ko‘zdan kechirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, uyning tashqi qismi poliuretanli material bilan qoplangan, bunday material tez olovlanishi xavfi tufayli foydalanishdan chiqarilgan.

Bu binoning ikkinchi qavatida yashagan kishilardan biri La Sexta telekanaliga yong‘in to‘rtinchi qavatda boshlangani va juda tez tarqalgani haqida aytib bergan.

«O‘n daqiqa ichida hammayoq olov ichida qoldi», - degan u va yong‘in tarqalishiga bino fasadidagi material sabab bo‘lishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Muhandis David Higuera ham bino qoplamasi tufayli olov tez tarqalgan bo‘lishi mumkinligini bildirgan.

U El País nashriga bergan intervyusida ta’kidlashicha, fasad qoplamasida ishlatiladigan penoplastli alyumin plastinlar issiq va sovuqdan juda yaxshi himoyalaydi, ammo juda tez yonuvchan hisoblanadi.

O‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga mahalliy vaqt bilan soat 17:30 da chaqirilgan. RTVE xabariga ko‘ra, hududda dala hospitali tashkil etilgan. Rasmiylarga ko‘ra, o‘z uylarini tark etishga majbur bo‘lganlar mehmonxonalarga joylashtiriladi.

«Valensiyada ro‘y bergan dahshatli yong‘indan qayg‘uga tushdim, – deya yozgan Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches tvitter sahifasida. – Barcha jabrlanganlar bilan birdamligim va voqea joyida ishlayotgan favqulodda xizmatlarning barcha xodimlariga o‘z minnatdorchiligimni bildirmoqchiman».

Ko‘proq yangiliklar: