2024-yilda “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida 200 mln daraxt ekiladi

O‘zbekiston 00:29 / 23.02.2024 3272

Bu “O‘zbekiston–2030” strategiyasini “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonida nazarda tutilgan.

Farmonga ko‘ra, suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishi doirasida 2024 yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kamida 200 million tup manzarali va mevali daraxt hamda butalar ko‘chatlarini, qalamchalarini ekish, respublikada 444 ta yashil bog‘lar barpo etish belgilanmoqda.

2024 yil 1 martga qadar suv kanallarini rekonstruksiya qilish ishlariga Davlat budjetidan qo‘shimcha ajratilgan 500 mlrd so‘m mablag‘lar doirasida kamida 1,5 ming kilometr yirik kanallarni betonlash ishlarini yakunlash choralari ko‘rilishi belgilangan.

Mamlakatimizda chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va ularning salbiy oqibatlarini yumshatish uchun 2024 yil 1 martdan boshlab hududlarda chang bo‘roni sodir bo‘layotganda va atmosfera havosida mayda dispers zarrachalari belgilangan normadan yuqori bo‘lgani aniqlanganda aholini ogohlantirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, yurak-qon tomir va nafas yo‘llari kasalliklariga chalingan hamda sog‘lig‘i havoning ifloslanishiga ta’sirchanligi yuqori bo‘lgan boshqa fuqarolar zarur profilaktik choralar to‘g‘risida doimiy xabardor qilinadi.

Ekologiya sofligi saqlash uchun o‘lchami 500 metr kvadrat va undan ortiq bo‘lgan qurilish maydonlarida, unga kirib-chiqish yo‘llarida chang va qum zarrachalarining havoga ko‘tarilishini bartaraf etish bo‘yicha majburiy talablar joriy etiladi. 

Jumladan, poytaxt Toshkent shahrida yuk tashish uchun mo‘ljallangan, ruxsat etilgan to‘la vazni 10 tonnadan yuqori bo‘lgan avtotransport vositalarining harakati tig‘iz vaqt oraliqlarida taqiqlanadi. Ekologiyaga avtomobillar chiqindi gazlarining zararli ta’sirini kamaytirish uchun poytaxtda har oyning bir ish kuni davomida avtomobillar harakatlanishini qisqartirishga qaratilgan «Avtomobilsiz kun» jamoatchilik loyihasi amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: