“Tashabbusli budjet”da taklif kiritish bosqichi yakunlandi. Loyihada nimalar o‘zgargan?

O‘zbekiston 14:23 / 22.02.2024 17248

Bugun, 22 fevral kuni 2024 yilgi “Tashabbusli budjet” jarayonining birinchi mavsumi uchun takliflar qoldirish yakunlandi.

Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov huquqshunos, bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev bilan suhbatda 1-mavsum takliflar qoldirish bosqichi yakunlari va kutilayotgan o‘zgarishlar haqida gapirib berdi.

Uning aytishicha, “Tashabbusli budjet” uchun 2023 yilda 4,5 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan bo‘lsa, 2024 yilda joriy mablag‘lar 8 trln so‘mni tashkil etishi prognoz qilinmoqda. “O‘tgan yilga nisbatan 2 barobar ko‘p mablag‘ ajratish ko‘zda tutilmoqda. Natijada g‘olib loyihalar soni ham avvalgi yillarga nisbatan sezilarli darajada, 1,5-2 barobarga oshadi, mahallalarda ko‘proq muammolarni hal etish imkoni bo‘ladi”, – deydi Haydarov.

IMV mas’uliga ko‘ra, 21 fevral holatiga 35 200 tadan ortiq loyiha kiritilgan, summasi esa 30 trln so‘mdan oshib ketgan. Viloyatlar kesimida eng ko‘p loyihalar Farg‘ona viloyati – 3 trln 300 mlrd so‘mlik, Toshkent viloyati 3 trln 150 mlrdlik, Namangan viloyati 2,4 trln so‘mlik loyihalar kiritilgani bilan yetakchilik qilmoqda.

Ahadbek Haydarovning ta’kidlashicha, jamoatchilikning taklif va e’tirozlarini hisobga olgan holda jarayonga bir qancha o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan.

“Bir fuqaro – bir ovoz” tamoyili

Joriy yildan boshlab “Tashabbusli budjet” jarayonlarida ovoz berish bosqichi bir fuqaro – bir ovoz tamoyili asosida amalga oshiriladi. Endilikda berilgan ovozlar egasining shaxsiga aniqlik kiritish va bir fuqaro tomonidan berilgan ovozni aniqlash tizimi joriy etilmoqda. Bu o‘z navbatida bir nechta sim-kartasi bo‘lgan fuqarolar bir necha marta ovoz berishiga chek qo‘yadi. G‘oliblarni aniqlashda ham haqqoniylikni ta’minlashga xizmat qiladi. Fuqaroning bir nechta sim-kartasi bo‘lsa, faqat bitta sim-kartasi orqali bergan ovozi qabul qilinadi. Agar ikkinchi sim-kartasi orqali ovoz beradigan bo‘lsa, unda bizning tizimimizda sim-karta egasini aniqlash tizimi orqali ikkinchi sim-karta bilan ovoz berish cheklanadi.

“Mening yo‘lim” “Tashabbusli budjet” bilan birga o‘tkaziladi

Ortiqcha ovoragarchiliklarni bartaraf etish maqsadida “Mening yo‘lim” loyihasini har yili “Tashabbusli budjet”ning birinchi mavsumiga birlashtirilgan holda o‘tkazilishi belgilandi. Endilikda har yili “Tashabbusli budjet”ning birinchi mavsumi va “Mening yo‘lim” loyihasi bir mavsum doirasida o‘tkaziladi. “Mening yo‘lim” loyihasi uchun ajratilgan mablag‘lar ham fuqarolar tashabbusi jamg‘armasiga yo‘naltiriladi va jamlangan mablag‘lar doirasida g‘olib loyihalar aniqlanadi.

Ishchi komissiya yangilangan tarkib asosida shakllantirildi

Loyihalarni saralab olishda shaffoflik va haqqoniylikni ta’minlash maqsadida ishchi komissiya yangilangan tarkib asosida shakllantirildi. Endilikda ishchi komissiya raisi etib hududiy xalq deputatlari tuman kengashlari raislari belgilandi.

Bundan tashqari, komissiya tomonidan qabul qilinayotgan qarorlarning qonunchilikka rioya etilgani ustidan nazorat o‘rnatilishini ta’minlash maqsadida komissiya tarkibiga tuman adliya bo‘limlari vakillari ham kiritildi. Fuqarolarimizda bu qanaqa komissiya ekan, degan savol bo‘lishi mumkin. Hamma loyihalar portalga kiritilgandan keyin ishchi komissiyalar loyihalarni jamoatchilik manfaatiga muvofiqligi, loyihani shu hududda amalga oshirish imkoniyati borligi nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqadi. Jamoatchilik manfaatiga to‘g‘ri keladigan loyihalar chiqarib tashlanmaydi, faqat shaxsiy manfaatlar ko‘zlangan loyihalar bo‘lsa, ishchi komissiya ularni chiqarib yuboradi. Komissiya loyihalar g‘olib deb topilganidan keyin mablag‘lar ajratish bo‘yicha xalq deputatlari mahalliy kengashlariga o‘zlarining xulosalarini kiritadi.

Tovar va jihozlar ro‘yxati shakllantirildi

Yana bir o‘zgarish qildik. Xarid qilish bilan bog‘liq loyihalar tegishli vazirliklar tomonidan tasdiqlangan elektron reyestr asosida shakllantiriladi. Fuqarolarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida loyihalarning jamoat manfaatiga xizmat qilmaydigan jihozlarni xarid qilmaslik uchun endilikda loyihalarni kiritishda tashabbuskorlar portalda oldindan shakllantirilgan tovar va jihozlar ro‘yxati ichidan kerakli tovarlarni tanlash orqali loyihalarni shakllantirishi mumkin bo‘ladi.

Ochiq aytishimiz kerak, ta’lim sohasida ayrim muammolarga duch keldik. Loyihalar tarkibida ta’lim jarayonini yaxshilash bilan bog‘liq bo‘lmagan ayrim tovarlarni xarid qilish holatlari kuzatildi. Misol uchun, qimmat-qimmat mobil aloqa vositalari sotib olingani aniqlandi. Ichki komissiyaga e’tirozlarimizni berdik. Endi bunday holatlarning oldini olish uchun maktab, bog‘cha, sog‘liqni saqlash obekti yoki mahalla binolari uchun tovar va jihozlar ro‘yxatini shakllantirib berdik.

Qoniqarsiz ishlagan pudratchilar qora ro‘yxatga tushadi

Yana bir yangilik, g‘olib loyihalarni amalga oshirishda kamchilikka yo‘l qo‘ygan pudratchilarni “Shaffof qurilish” tizimining insofsiz ijrochilar reyestriga kiritilishi belgilanmoqda. Har yili yakunlariga ko‘ra, vazirlik yil davomida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan, amalga oshirilgan ishlarning holati qoniqarsiz deb baholangan pudratchi tashkilotlar ro‘yxatini shakllantiradi. Muntazam xatolarga yo‘l qo‘ygan pudratchilar qora ro‘yxatga kiritiladi. Bu loyihalarni o‘z vaqtida ijro etmaslik va qoniqarsiz ijro etish holatlarining oldini oladi.

Ko‘proq yangiliklar: