Sobiq MXX binosi o‘rnida qiymati 100 mln dollar bo‘lgan mehmonxona quriladi

O‘zbekiston 17:06 / 22.02.2024 16460

Sobiq Milliy xavfsizlik xizmatining binosi o‘rnida qurilishi rejalashtirilgan Radisson mehmonxonasning loyiha qiymati 100 mln dollarga baholanmoqda. Bu – hukumatning “2024 yil I choragiga mo‘ljallangan investitsiya dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan.

O‘tgan asrning 50-yillarida qurilgan sobiq MXX binosi buzish o‘tgan yili boshlangan edi. Dastlab bino Ichki ishlar vazirligi markaziy shahar poliklinikasi bo‘lgan. Keyinroq O‘zbekiston SSR Davlat xavfsizlik qo‘mitasi binosiga aylangan, so‘ngra Milliy xavfsizlik xizmati binosi bo‘lgan. 2018 yilda MXX Davlat xavfsizlik xizmatiga o‘zgartirilgan va yangi joyga ko‘chirilgan.

Poytaxtning Yunusobod tumani Sayilgoh ko‘chasidagi 2,2 gektar maydonda joylashgan ushbu inshoot 2021 yil yoziga qadar Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obektlari milliy ro‘yxatida bo‘lgan.

Bino 2021 yil iyunda “Metropol Group” MChJ tomonidan 210 mlrd so‘mga sotib olingandi. Bu kompaniyaning 100 foizi ulushi o‘sha vaqtda ham, hozirda ham sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovning o‘g‘li Doniyor Komilovga tegishli ekani ko‘rsatilgan.

2023 yilning bahorida Radisson Hotel Group kompaniyasi Metropol Group bilan mazkur bino o‘rnida 4 ta binodan iborat, asosiy va eng balandi 22 qavat bo‘ladigan, 164 xonaga ega mehmonxona qurish bo‘yicha bitim imzolagani ma’lum bo‘ldi. Uning foydalanishga topshirilishi 2026 yilga mo‘ljal qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: