Lukashenko patrullarni o‘qotar qurol bilan ta’minlashni buyurdi

Jahon 10:55 / 22.02.2024 4809

Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko militsiya post xizmatining ko‘cha patrullarini o‘qotar qurollar bilan qurollantirishni buyurdi. «Hech bo‘lmaganda to‘pponcha bilan. Va bu haqda hamma bilishi kerak. Ular ko‘chada xotirjam yurishi kerak», dedi Lukashenko 20 fevral kuni xavfsizlik kuchlari bilan kengaytirilgan yig‘ilishda.

Maqsad, deydi u, jinoyatchilikni kamaytirish. Shu bilan birga, ko‘chalarda qurollangan militsionerlar fuqarolarga «kunning istalgan vaqtida uyda, ishda, ko‘chada o‘zini xavfsiz his qilishiga imkon beradi», deya qo‘shimcha qildi Belarus rahbari. 

Lukashenko bir qancha bo‘limlarga ushbu buyruq ijrosini nazorat qilishni topshirdi. «Ichki ishlar vazirligi, KGB, maxsus xizmatlar, hamma, prokuratura... nazoratga olishi kerak, deb ogohlantiraman», dedi u. 

Lukashenko harbiylarga fuqarolarga qarata o‘q uzishga ruxsat berdi 

Fevral oyi boshida Lukashenko Belarus qurolli kuchlari ichki xizmati nizomiga o‘zgartirish kiritib, harbiylarga fuqarolarga qarshi qurol ishlatish huquqini bergani ma’lum bo‘ldi. Boshqa narsalar qatorida u nizomning 11-moddasini o‘zgartirishni buyurdi. Fuqaro jarohat olgan yoki vafot etgan taqdirda, prokuror, shuningdek dastlabki tergov organi darhol xabardor qilinadi, ammo harbiy xizmatchi, agar qurol «umumiy harbiy talablarga muvofiq» ishlatilgan bo‘lsa, yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lmaydi», deyiladi hujjatda. 

«Belaruskі Gayun» ta’kidlaganidek, ilgari nizomda «harbiy xizmatchilarning jismoniy kuch, maxsus vositalar, qurollar, harbiy va maxsus texnikani o‘z vakolati doirasidan tashqari qo‘llashi qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi» deb yozilgan. 

2020 yil avgust oyida bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlaridan so‘ng Belarus xavfsizlik kuchlari mamlakatda boshlangan norozilik namoyishlarini qattiq bostirdi. Eng keng rezonansga xavfsizlik kuchlari tomonidan kaltaklanganidan keyin vafot etgan Roman Bondarenkoning o‘ldirilishi hamda Minsk va Brestdagi tinch namoyishlar chog‘ida otib o‘ldirilgan Aleksandr Taraykovskiy va Gennadiy Shutovning o‘limi sabab bo‘ldi. Shutovning o‘limi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilmadi, keyinchalik marhumning o‘zi va uning do‘sti Aleksandr Kordyukov ayblanuvchiga aylandi - ular huquqni muhofaza qilish organlari vakillarini o‘ldirishga urinishda ayblangan. Shutov jazo o‘tash haqidagi qarorsiz aybdor deb topildi, do‘stining otib o‘ldirilganiga guvoh bo‘lgan Kordyukov esa 10 yilga qattiq tartibli koloniyaga hukm qilindi. 

Ko‘proq yangiliklar: