«Bizga chekinishni aytishdi, ammo ruslar ortimizda edi». Avdiyivka tashlab chiqilishi tafsilotlari

Jahon 15:00 / 22.02.2024 38308

Ukraina hukumati o‘tgan haftada RF armiyasi nazoratiga o‘tgan Avdiyivka shahrida ukrainalik harbiy asirlar otib tashlangani ehtimoli yuzasidan tekshiruv o‘tkazmoqda. Ukrain qo‘shini chekinayotganda shahar sharqidagi «Zenit» tayanch punktida olti nafar yarador harbiy qoldirilgan: qarindoshlari va boshqa ukrain harbiylariga ko‘ra, ular asir tushishga tayyorlangan. Ammo keyinroq Rossiyadagi telegram-kanallar ushbu harbiylarning jasadlari aks etgan videoni namoyish etdi.

BBC o‘sha fojiali voqealar ketma-ketligini aniqlash uchun qurshovda qolib ketgan ushbu harbiylarning qarindoshlari, shuningdek «Zenit»da bo‘lgan boshqa harbiylar bilan gaplashdi.

Ularning hikoyalari nafaqat rossiyalik harbiylar tomonidan sodir etilgan harbiy jinoyatlar haqida, balki ukrain qo‘shini tartibsiz chekingani va ehtimol shaxsiy tarkibda ko‘plab yo‘qotishlarga uchralgani to‘g‘risida kartina hosil qiladi.

17 fevral kuni e’lon qilingan Avdiyivkadan chiqish boshlanishidan oldinroq havo hujumidan mudofaa qismi joylashgan «Zenit» tayanch punktidagi harbiylar o‘z qo‘mondonligiga zudlik bilan chekinish lozimligini bildirgan. 110-Alohida mexanizatsiyalashgan brigadadan bo‘lgan va so‘nggi haftalarni «Zenit»da o‘tkazgan Viktor Bilyakning aytishicha, askarlar hatto rotada xizmat qilishdan bosh tortishini ma’lum qilishgandi.

«Men nima qilishni bilmayapman»

Jang qilib chekinish haqida buyruq kelganida esa juda kech bo‘lgandi — ularning pozitsiyasi allaqachon qurshab olingandi.

Harbiy shifokor Ivan Jitnik 13 fevral kuni o‘z kuyovi Dmitroga shunday yozadi: «Bizga chekinishni aytishdi, ortda esa [rossiyaliklar]. Men nima qilishimni bilmayman. Shokdaman».

Ivan Jitnik rossiyaliklar pozitsiyaga kirib kelishidan bir necha soat oldin qarindoshlari bilan gaplashgan

Hududdan chiqishga uringan birinchi guruh amalda raqibni yakson qilib, qolganlar uchun o‘tish yo‘lini ta’minlashi rejalashtirilgandi. «Bular eng jasur askarlar edi», — deya xotirlaydi Viktor Bilyak. Bu guruhdan Ivan Jitnik, shuningdek uning xizmatdoshi Andriy Dubnitskiy ham joy olgandi. Ular o‘shanda hali «Zenit»da tashlab ketiladigan olti harbiy ichida bo‘lishlarini bilishmasdi.

Ularning guruhi 13 fevraldan 14 fevralga o‘tar kechasi yo‘lga chiqadi. «Tashqariga chiqishi bilan ular raqib bilan to‘qnashadi, — deya hikoya qiladi Bilyak. — Otishma boshlanadi va ularning ustiga artilleriya o‘qlari yog‘dirishadi». Guruh ortga qaytishga majbur bo‘ladi. Bazaga o‘n kishidan faqat uch kishi, jumladan Jitnik va Dubnitskiy qaytib keladi.

Ammo Ivan ikki oyog‘idan jarohatlangandi. U yo‘lda yiqiladi va o‘rnidan qimirlay olmaydi. Tong otganda «Zenit»dagi quroldoshlari uni qutqarish uchun chiqishadi.

Viktor Bilyak va yana uch askar Ivanni zambilga ortadi va minomyot zarbalari ostida harakatlanishadi. Minalardan biri Viktorning yonida portlaydi: u yaralanadi va bazaga qaytishga majbur bo‘ladi. Uning o‘rniga Georgiy Pavlov chiqadi, keyinroq u ham tashlab ketilgan olti askar qatorida bo‘ladi.

Ivanni «Zenit»ga olib qaytishadi, ammo uni qutqarish uchun borgan harbiylarning barchasi bu vaqtga kelib jiddiy jarohat olgandi.

Rossiyadagi manbalar e’lon qilgan videoda Andriy Dubnitskiyning jasadini ham tanishgan

«Yaradorlarni qoldiring»

Qarindoshlarning so‘zlariga ko‘ra, qo‘mondonlik yaradorlarni evakuatsiya qilishga va’da bergan, ammo bunday guruh baribir bormagan. Ivan ratsiya orqali aloqaga chiqib, ularni qachon olib ketishlariga qiziqqanida unga barcha o‘zi mustaqil ravishda qurshovdan chiqishi kerakligini aytishgan. «Yaradorlar bilan nima bo‘ladi?» — deya so‘ragan u. «Yaradorlarni qoldiring», — deya javob bergan shtab boshlig‘i.

«Bu gaplarni ratsiya orqali barcha eshitdi», — deydi Viktor Bilyak.

Yakunda o‘zi harakatlana olmaydigan besh harbiy, jumladan Ivan Jitnik, Andriy Dubnitskiy va Georgiy Pavlov tayanch punktda qolishadi.

Quroldoshlarni tashlab ketish oson bo‘lmaydi, ammo barcha ularni olib chiqish imkoni yo‘qligini tushunib turardi.

Georgiy Pavlov pozitsiyada qolgan harbiylardan biri edi

«U yerda masofa [katta] edi, qorong‘ilik, vayron bo‘lgan yo‘llar, tinimsiz otishmalar. Yelkalab olish juda qiyin, doim to‘xtashga va odamlar to‘planib yurishiga to‘g‘ri kelardi. Shunchaki omon qolish uchun harakatlanish kerak edi», — deya izohlaydi Bilyak.

Ammo qolgan olti kishi orasida Mikola Savosik ham bor edi. U yaralanmagandi, ammo quroldoshlariga g‘amxo‘rlik qilish uchun qolishga qaror qiladi. U asirga tushishsa, omon qoldirishlariga umid qilgan.

Bilyak bilan birga qurshovdan chiqishga harakat qilganlarning ko‘pchiligi ham keyingi punktga yetib kela olmaydi.

«Biz kichik guruhlarga bo‘linib harakatlandik, — deya hikoya qiladi Bilyak. — Ochiq maydon bo‘ylab bir kilometr. Dushman o‘t ochdi — minomyotlar, tanklar, artilleriya, tungi kamikadze dronlardan — barchasidan birdaniga».

Viktorning ortidan harakatlangan guruh snaryad zarbasiga uchraydi. Ulardan hech biri omon qolmaydi.

«Ularni rossiyaliklar o‘ldirishgan»

Viktor va boshqalar Avdiyivkadagi asosiy pozitsiyagacha yetib olishga harakat qilayotganida «Zenit» tayanch punktidagi yaradorlarni azobli daqiqalar kutayotgandi.

Ular o‘z qarindoshlariga qo‘ng‘iroq qilishadi va bo‘layotgan voqealarni aytib berishadi.

Ivan o‘z singlisi Yekaterina bilan bog‘lanadi. Ijtimoiy tarmoqlarda u yig‘lab, akasidan ularni nega tashlab ketishganini so‘rayotgan video tarqalgan.

110-brigada matbuot xizmati tarqatgan bayonotga ko‘ra, «Zenit» tayanch punkti to‘liq qurshab olingani tufayli, ukrainalik harbiylar ichkarida qolgan yaradorlarga yordam ko‘rsatilishi uchun «dushman tomon bilan asirlar almashinuvi bo‘yicha muzokaralar olib boradigan tashkilotlar»ga aloqaga chiqishgan.

Xabar qilinishicha, Rossiya tomoni ularni evakuatsiya qilishga, keyin  esa almashishga rozi bo‘lgan.

Bu ma’lumot Ivanga va «Zenit»da qolgan boshqa harbiylarga yetkaziladi. Ularga qarshilik ko‘rsatmaslik va o‘z jonini saqlash buyuriladi, ammo ular rossiyaliklar yaradorlarni omon qoldirishiga u qadar ishonmagan.

Rossiya rasmiylari bu hodisa yuzasidan izoh bermagan.

15 fevral kuni soat 11:15 da Inna Pavlova o‘g‘li Georgiydan shunday xabar oladi: «Ona, rossiyaliklar biz shu yerda qolganimizni bilishadi». Shundan keyin u aloqaga chiqmaydi.

Xuddi shu vaqtda Ivan o‘z kuyovi Dmitro bilan yana bog‘lanadi. Muloqot vaqtida rossiyaliklar ular joylashgan binoga kirib kelishadi. Dmitro videoqo‘ng‘iroqni yozib olgan va unda ovozlarni eshitish mumkin. «Ular allaqachon shu yerdami, Vanya?», — deya so‘raydi Dmitro. «Ha» — deya sekin javob qaytaradi Ivan.

Dmitro shu vaqtda yozishni to‘xtatadi, ammo qo‘ng‘iroq yana bir necha daqiqa davom etadi. U Ivandan telefonni rossiyaliklarga berishni so‘raydi va ulardan yigitlarni o‘ldirmaslikni so‘ramoqchi bo‘ladi, ammo faqat shunday so‘zlarni eshitadi: «Telefonni o‘chir».

Harbiyning qarindoshlari ularni asir olishlariga ishonishgandi. «Ular qarshilik ko‘rsatmadi, — deydi Ivan Jitnikning singlisi Yekaterina. — Ular avtomatlarini chetga qo‘yishdi. Ularda hech narsa yo‘q edi. Vanya faqat suv olishni so‘radi».

Keyingi kuni ular ijtimoiy tarmoqlarda Rossiya kanallari tarqatgan karaxt qiluvchi videoni ko‘rishdi. Ular qon ko‘lmagida yotgan jonsiz jasadlarni tanishadi. Ivan suv solingan plastik butilkani ushlagancha yotadi. Andriy Dubnitskiyning rafiqasi qo‘lidagi tatuirovkasi taniydi. Georgiyning onasi Inna Pavlova ham yuztuban yotgan askar — uning o‘g‘li ekaniga shubha qilmaydi.

Harbiy asirlarni o‘ldirish harbiy jinoyat sanaladi. Ammo qarindoshlar yaqinlarining o‘limida ukrain harbiy boshliqlarini ham ayblamoqda. «Ularni rossiyaliklar o‘ldirishdi, — deydi Inna Pavlova, — bizning harbiy rahbariyat bunga yo‘l qo‘yib berdi».

Ko‘proq yangiliklar: