Bino va inshootlarni energiya auditidan o‘tkazish rejalashtirilmoqda

O‘zbekiston 16:59 / 22.02.2024 2296

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bino-inshootlarning energiya samaradorligini oshirish nuqtayi nazaridan auditdan o‘tkazish ishlarini tashkil etish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilanadi.

Energiya auditi o‘tkazish uchun energiya audit tashkilotlari reyting ko‘rsatkichlari asosida aniqlanadi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi, Energetika vazirligi,  Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Madaniyat vazirligi:

tegishliligi bo‘yicha maktabgacha ta’lim, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim, professional ta’lim, oliy ta’lim, sog‘liqni saqlash va tibbiy-ijtimoiy muassasalar, hamda sportni rivojlantirish, madaniyat va san’at obektlarining bino-inshootlarini xatlovdan o‘tkazadi;
xatlov natijalariga ko‘ra obektlarni energiya auditdan o‘tkazish dasturini ishlab chiqadi va «Shaffof qurilish» milliy axborot tizimida joylashtiradi.

Bino-inshootlarning energiya auditi iste’mol qilinadigan energiya resurslar hajmi bo‘yicha obektiv ma’lumotlarni olish, energiya samaradorligi ko‘rsatkichlarini aniqlash, energiya yo‘qotishlarini kamaytirish, issiqlik yo‘qotilish joylarini aniqlash va bartaraf etish, energiya tejash va energiya samaradorligini oshirish imkoniyatlarini aniqlash, energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslangan tadbirlarni ishlab chiqish orqali kommunal xarajatlarni kamaytirish, bino-inshootlarda shinamlik darajasini oshirish, energetik pasport ishlab chiqish, energiya samaradorlik toifasini aniqlash maqsadida amalga oshiriladi.

Energiya audit yangi qurilgan, mavjud, funksional maqsadlari o‘zgartirilgan (qayta ixtisoslashtirilgan), rekonstruksiya qilingan, kapital ta’mirlangan va modernizatsiya qilingan turar-joy binolarini energetik pasportlash va energiyani tejashga qaratilgan boshqa tadbirlar davomida amalga oshiriladi.

Yangi va rekonstruksiya qilinadigan obektlarning loyiha hujjatlarini energetika ekspertizasidan o‘tkazish majburiy hisoblanadi. Energiya audit o‘tkazish energiya audit tashkilotlari tomonidan shartnoma asosida amalga oshiriladi.

Ko‘proq yangiliklar: