Yuliya Navalnaya YeIni Rossiyadagi saylovlarni tan olmaslikka chaqirdi

Jahon 13:02 / 21.02.2024 5608

Aleksey Navalniy jamoasi 20 fevral, seshanba kuni Yuliya Navalnayaning bir kun avvalgi yig‘ilishda Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar kengashiga qilgan murojaati matnini e’lon qildi. Unda rossiyalik muxolifatchining bevasi YeI vakillariga qo‘llab-quvvatlaganliklari uchun minnatdorchilik bildirgan va eri ishini davom ettirish niyatini tasdiqlagan.

Murojaat oxirida u «Aleksey Navalniyning Rossiyasi nomidan uchta taklif» taqdim etdi. Ulardan birinchisi, Rossiya Federatsiyasida mart oyida bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlari natijalarini tan olmaslikdir. Ikkinchisi, rejimga nisbatan sanksiyalar bosimini oshirish. Uchinchidan, «urush va diktaturadan qochgan» rossiyaliklarga yordam berish.

Bundan tashqari, Navalnaya yig‘ilish ishtirokchilarini Aleksey Navalniyning oilasiga uning jasadini olib ketishda yordam berishga chaqirdi: «Bu yerda gaplashayotgan ekanmiz, Alekseyning jasadi hali ham onasiga berilmayapti, jinoyatchilar jinoyat izlarini yashirmoqda. Ularga yana qochib ketishga imkon bermang», - dedi u. 

Keyinchalik Yuliya Navalnaya X ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z akkauntida yana Aleksey Navalniyning jasadini berishni va «sharaf bilan dafn etishni» talab qildi. Shundan so‘ng, akkaunt bloklandi, lekin tez orada blokdan chiqarildi. X vakillari platformani manipulyatsiya va spamdan himoya qilish mexanizmi xatolik bilan Navalnayani qoida buzuvchi sifatida belgilaganini tushuntirdi.  

Yuliya Navalnaya erining ishini davom ettirishga va’da berdi 

19 fevral kuni Aleksey Navalniy bevasi siyosatchining YouTube-kanalida murojaat e’lon qildi. Unda u marhum turmush o‘rtog‘ining ishini davom ettirishga va’da bergan.

Videoda Yuliya Navalnaya rossiyaliklarni «avvalgidan ham ko‘proq, umidliroq, shiddatliroq» kurashni davom ettirishga chaqirdi. Bundan tashqari, u tez orada Aleksey nima uchun o‘ldirilganini aytib berishini bildirdi.

Ko‘proq yangiliklar: