Toshkentda ikkita firma uy qurib berish aldovi bilan fuqarolarni qariyb 27 mlrd so‘mga chuv tushirdi

O‘zbekiston 16:02 / 21.02.2024 17360

Toshkent shahridagi ikkita qurilish tashkiloti uy-joy qurib berishni va’da qilib, fuqarolarning qariyb 27 milliard so‘m pul mablag‘larini o‘zlashtirdi. Bu haqda «O‘zbekiston 24» telekanali xabar berdi.

Bosh prokuratura huzuridagi departament yanvar oyida Arkenstone va VescoCottage shirkatlari mansabdor shaxslarini qo‘lga oldi.

Departament boshlig‘i o‘rinbosari Jo‘rabek Boliyevning aytishicha, quruvchilar Olmazor, Yunusobod va Yashnobod tumanlarida kottejlar qurish to‘g‘risida internetda e’lonlar joylashtirgan. Mijozlarga 125 million so‘m (MBning 21 fevraldagi kursi bo‘yicha 10 ming dollar) boshlang‘ich to‘lovni to‘lab, kottejlarni 20 yilga bo‘lib-bo‘lib to‘lashga sotib olishni taklif qilgan. 2022–2023 yillarda kompaniyalar fuqarolardan qariyb 27 milliard so‘m (2,164 million dollardan ortiq) o‘zlashtirgan. E’tiborlisi, korxonalarda uy-joy qurish uchun yer uchastkalari bo‘lmagan.

Jo‘rabek Boliyevga ko‘ra, tadbirkor Farrux Maxamatov (2022 yilning 4 aprelida Arkenstone, 2023 yilning 15 mayida VescoCottage kompaniyalarini ta’sis etgan) o‘zi va onasiga tegishli plastik kartalar orqali pul konvertatsiyasini amalga oshirib, 1,4 million dollarni xorijdagi birjaga o‘tkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168–moddasi (Firibgarlik) va 243–moddasi (Jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergovga qadar o‘tkazilgan tekshiruv davomida departament tomonidan tadbirkorning hisob raqamlaridagi kriptoaktivlar ko‘rinishidagi 222 ming dollar, shuningdek, onasining elektron hamyonida bo‘lgan 403 ming dollar (jami 625 ming dollar) O‘zbekistonga qaytarilgan.

Bundan tashqari, 7,8 milliard so‘m (624,2 ming dollar), shuningdek, ular bilan bog‘liq bo‘lgan korxonalarning hisobvaraqlaridagi 823 million so‘m pul mablag‘larining harakati to‘xtatib qo‘yilgan.

  • Ochiq manbalarga ko‘ra, Arkenstone MChJ 2022 yil 4 aprel kuni, VescoCottage MChJ esa 2023 yil 12 may kuni davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Har ikki MChJga Farrux Maxamatov rahbarlik qiladi.
Ko‘proq yangiliklar: