AQSh BMTning G‘azodagi sulh haqidagi rezolyutsiyasiga yana veto qo‘ydi

Jahon 07:42 / 21.02.2024 8425

AQSh 20 fevral, seshanba kuni BMT Xavfsizlik kengashining G‘azo sektorida gumanitar maqsadlarda zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishni talab qiluvchi navbatdagi rezolyutsiyasiga veto qo‘ydi. Rezolyutsiya loyihasi Jazoir tomonidan tayyorlangan va Xavfsizlik kengashining amaldagi 15 a’zosidan 13 tasi uni qabul qilish uchun ovoz bergan. Birlashgan Millatlar Tashkiloti oliy organining yana bir doimiy a’zosi Britaniya esa betaraf qoldi. Bu AQSh vetosi tufayli muvaffaqiyatsizlikka uchragan uchinchi rezolyutsiyadir.

AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild aytishicha, Jazoir taklif qilgan rezolyutsiya qabul qilinishi «barqaror tinchlikka olib kelmaydi va aslida teskari ta’sir ko‘rsatishi mumkin». U, shuningdek, hujjatni «orzuli va mas’uliyatsiz» deb atadi va Vashington «nozik muzokaralarni xavf ostiga qo‘yadigan» rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatlamasligini ta’kidladi. Aftidan, bu G‘azo sektorida HAMAS harakati tomonidan ushlab turilgan isroillik garovga olinganlarni ozod qilish bo‘yicha muzokaralarni anglatadi.

Shu bilan birga, Qo‘shma Shtatlar G‘azo sektori bo‘yicha o‘z rezolyutsiyasi loyihasini ilgari surdi, unda «G‘azo sektorida amalda imkon qadar tezroq vaqtinchalik o‘t ochishni to‘xtatish» talab qilinadi. AQSh prezidenti Jo Bayden 12 fevral kuni Isroil va HAMAS o‘rtasida olti haftalik sulh tuzishga chaqirdi.

Isroil: Otashkesim - mintaqa muammolariga «sehrli yechim» emas

Isroilning BMTdagi doimiy vakili Gilad Erdan, o‘z navbatida, «o‘t ochishni to‘xtatish bilan bitta maqsadga erishiladi – HAMASning omon qolishiga yordam beriladi», dedi. «Otashkesim garovdagilarni uyiga olib keladimi, HAMASni yo‘q qiladimi?» - ritorik savol berdi isroillik diplomat. U, shuningdek, bunday tashabbus Yaqin Sharq muammolariga «kumush o‘q yoki sehrli yechim emas» va o‘t ochishni to‘xtatish «yana ko‘plab isroilliklar va G‘azo sektori aholisi uchun o‘limni anglatadi» degan fikrni bildirdi.

Ayni paytda Falastinning BMTdagi vakili Riyod Mansur Isroilning HAMAS bilan urushi tufayli Falastin anklavining aholisi «juda og‘ir ahvolda» ekanini ta’kidladi. Darhol o‘t ochishni to‘xtatish «Rafah viloyatidagi bir yarim million falastinlik» hayotini saqlab qolishning yagona yo‘li, dedi Mansur.

Fransiyaning BMTdagi doimiy vakili Nikola de River rezolyutsiya G‘azo sektoridagi «halokatli vaziyatni hisobga olgan holda» qabul qilinmaganidan afsusda ekanini bildirdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, tinch aholini himoya qilish va keng miqyosda gumanitar yordam yetkazilishini ta’minlash uchun o‘t ochishni to‘xtatishga «shoshilinch ehtiyoj» bor. Shu bilan birga, de River, shuningdek, BMT Xavfsizlik kengashi HAMASning 7 oktyabr kuni Isroilga qarshi hujumini qoralamaganini bildirib, buni «tushunib bo‘lmaydigan va qabul qilib bo‘lmas» deb atadi.

BMT sudi Isroildan G‘azo sektoridagi operatsiyani to‘xtatishni talab qilmadi

Avvalroq, 26 yanvar kuni BMT Xalqaro sudi Janubiy Afrika Respublikasi (JAR)ning Isroilga qarshi da’vosi bo‘yicha ogohlantiruvchi choralar to‘g‘risidagi qarorni e’lon qilgan edi. Haaga sudi Isroilga BMTning Genotsid jinoyatining oldini olish va jazolash to‘g‘risidagi konvensiyasiga taalluqli bo‘lishi mumkin bo‘lgan har qanday harakatlardan tiyilishni va Isroil mudofaa kuchlari (TsAHAL) G‘azoda genotsid harakatlarini sodir etmasligini ta’minlashni buyurdi. Bundan tashqari, Xalqaro sud Isroil Falastin hududlaridagi tinch aholiga gumanitar yordam yetkazilishiga ruxsat berishi kerak, degan qarorga keldi. 

Ayni paytda sud Isroildan G‘azo sektorida HAMASga qarshi harbiy amaliyotini to‘xtatishni talab qilmadi. 

Isroil-Falastin mojarosi

7 oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti - «Izzaddin al-Qassam brigadalari» Isroilga qarshi «Al-Aqso to‘foni» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. G‘azo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zo‘ravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi G‘azo sektorida HAMASga qarshi o‘nlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda «Temir qilichlar» operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. 

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 29 mingdan ortiq falastinlik halok bo‘ldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. G‘azoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning to‘liq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: