Putin Rossiya koinotda yadroviy qurolni joylashtirishga qarshi ekanini aytdi

Jahon 22:28 / 20.02.2024 8277

Rossiya prezidenti Vladimir Putin Moskva koinotda yadro quroli joylashtirilishiga mutlaqo qarshi ekanini aytdi va boshqa davlatlarni mavjud kelishuvlarga rioya qilishga chaqirdi. 

«Bu savol so‘nggi paytlarda G‘arbda, jumladan, Qo‘shma Shtatlarda koinotda yadroviy qurollarni joylashtirish bilan bog‘liq shov-shuvlarga tegishli. Bizning pozitsiyamiz aniq va oshkora: biz koinotda yadro qurolini joylashtirishga doimo qarshi bo‘lganmiz, hozir ham qarshimiz», dedi u mudofaa vaziri Sergey Shoygu bilan uchrashuvda. 

Shoygu, o‘z navbatida, Rossiya koinotda yadro qurolini joylashtirmagani va joylashtirishni rejalashtirmagani, bunday loyihalar yo‘qligini ta’kidladi. 

«Birinchidan, [koinotda yadro quroli] yo‘q. Ikkinchidan, ular [AQSh] bizda yo‘qligini biladi <...>, shunga qaramay ular shovqin-suron qilishmoqda», dedi Rossiya Mudofaa vazirligi rahbari. 

Avvalroq, AQSh Vakillar palatasining razvedka qo‘mitasi raisi Mayk Tyorner Kongressda «milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid» mavzusida yopiq brifing o‘tkazganini e’lon qildi. Keyinroq AQSh Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbining aniqlik kiritishicha, bu Rossiyaning sun’iy yo‘ldoshga qarshi qurollarni ishlab chiqishi bilan bog‘liq edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Amerika prezidenti Jo Bayden Moskva bilan bu masala bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot o‘tkazishni buyurgan va u bilan allaqachon bog‘langan. 

ABC News razvedka ma’lumotlariga tayanib, Rossiyaning koinotda yadro qurolini joylashtirish rejalari haqida yozdi. Reuters tahlilchilarining taxminiga ko‘ra, Rossiya sun’iy yo‘ldoshlarga hujum qilish uchun yadro quvvati bilan ta’minlangan, ammo yadro kallagisiz qurilmani ishlab chiqmoqda. 

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov avvalroq bu ayblovlarni Kongressni Ukrainaga yordam berish to‘g‘risidagi qonun loyihasiga ovoz berishga ko‘ndirishga qaratilgan «Oq uyning hiylasi» deb atagan edi.

 

Ko‘proq yangiliklar: