O‘zbekiston | 19:18 / 20.02.2024
10880
7 daqiqa o‘qiladi

“Oqlansamgina adolat tiklangan bo‘ladi” - Sardor Kariyev

Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sudlanuvchilarga so‘nggi so‘z berildi. Farmagentlikning sobiq rahbari Sardor Kariyev o‘z so‘zida o‘ziga nisbatan adolat qilinmaganini, ayblovlar asossiz va tuhmat ekanini, oqlov e’lon qilinsagina adolat tiklanishini gapirdi. Sudlov hay’ati ish bo‘yicha hukm chiqarish uchun maslahatga kirdi.

“Dok-1 Maks” ishi bo‘yicha sud jarayonlari yakunlanyapti. 19 fevral kungi sud majlisida muzokara qismi yakunlanib, sudlanuvchilarga so‘nggi so‘z berildi.

Sud majlisida so‘z olgan sudlanuvchi, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyev yakuniy nutqida aybi yo‘qligi, unga nisbatan qonuniy hukm chiqarilishi kerakligini aytdi.

“Sud yarim yidan beri davom etyapti. Sud jarayonida tomonlarning adolat tushunchasi har xil bo‘lmoqda. Jabrlanuvchilar tomonidan o‘lim jazosi so‘raganlar ham, qonuniy jazo bo‘lsin deganlar ham, aybi yo‘q deganlar ham bo‘ldi. Jarayonlarni to‘g‘ri tahlil qilib, aybi yo‘q degan kishilardan minnatdorman.

Jabrlanuvchilar uchun bo‘lgan sudlarda ularning birortasi oxirigacha qatnashmadi. Sudda nima masalalar ko‘tarildi, nima bilan ayblashdi, o‘zi to‘g‘ri ayb qo‘yilyaptimi, biz nima vajlar keltirdik — jabrlanuvchilarda shu kabi masalalarga to‘g‘ri baho berish imkoniyati bo‘lmadi, deb o‘ylayman.

OAVda sud jarayoni yoritildi, buning uchun ularga minnatdorchilik bildiraman. Lekin sud yarim yil bo‘ldi, haftasiga 3 martalab, 8 soatlab bo‘ldi. Buncha narsani OAVlar to‘liq yoritolmaydi. Shu sababli, odamlarda tushuncha har xil bo‘lib qoldi. Jamiyat ikkiga bo‘lingan: bir tomon og‘ir jazo so‘rayapti, bir tomon esa aybsiz hisoblayapti.

Meni asossiz qamashdi, tuhmat bilan qamaldim. Menga nisbatan tuhmat qilganlar javobgarlikka tortilsa, men uchun adolat shu bo‘ladi. Biz huquqiy davlatda yashaymiz. Lekin qanchalik huquqiy davlatmiz, degan masala chiqadi shu o‘rinda.

Aybimiz yo‘qligidan tashqari bizga noto‘g‘ri modda, ya’ni Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi 4 bandi bilan ayblov qo‘yilgan. Bu modda dori vositasining zararli ekanini bila turib, sotish uchun olib kirgan shaxsga nisbatan qo‘yilishi kerak. Lekin hatto ishlab chiqaruvchining xabari bo‘lmagan bu zararli moddadan.

Huquqiy davlatda huquq nuqtai nazaridan tergov to‘g‘ri olib borilishi kerak. Ammo tergov ham noto‘g‘ri olib borildi. Boshqa rivojlangan davlatlarda ham shunday masalalarda jamiyat bo‘linadi, turli qarashlar bo‘ladi. Biz ham rivojlanyapmizki, OAVlar orqali yoritilyapti, ochiq sud bo‘lyapti.

Tergov bizga noto‘g‘ri ayb qo‘yyapti. To‘g‘ri, jabrlanuvchilar ko‘ziga biz aybdor ko‘rinyapmiz, musibati og‘ir ularning. Chunki tergov shunaqa tushuncha yaratib qo‘ydi. Inspeksiyaga borganda unday bo‘lardi, bunday bo‘lardi deb taxminlar asosida ayblov qo‘yyapti. 6 oydan beri aytamiz: dori boshqa masala, inspeksiya boshqa masala. Prokuror ham 18 yil so‘ramoqda.

O‘zim ham huquqshunos sifatida aytolamanki, qonunlarimiz xalqaro standartlar bo‘yicha yozilgan. To‘g‘ri huquqiy hukmgina adolatli bo‘ladi. Shu sababli, men to‘g‘ri huquqiy hukm chiqarilishini so‘rayman. Bundan kimlardir norozi bo‘ladi, lekin qonun gapiradi. Sudga hozirgi vaziyatda qiyin, jamiyatda bo‘linish bor, ko‘pchilik bizni aybdor deb ham biladi. Lekin hozir to‘g‘ri, qonuniy hukm chiqarilishi jahon hamjamiyati oldida O‘zbekiston rostdan ham huquqiy davlat ekanini ko‘rsatadi”, deya ta’kidladi Sardor Kariyev so‘nggi so‘zida.

Shundan keyin Farmagentlikning sobiq rahbari Kariyevning o‘rinbosari Azimov gapirdi va u so‘zida mamlakatdan chiqib ketish imkoniyati bo‘lgani, lekin aybi yo‘qligi sababli bunday ishni qilmaganini ta’kidladi.

Yana bir sudlanuvchi suddan oilasida yolg‘iz boquvchi ekani, voyaga yetmagan farzandlari borligini hisobga olishini va adolatli hukm chiqarishini so‘radi.

Sudda so‘z olgan “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUKda ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘limi boshlig‘i G.S. ayol sifatida siropdan vafot etgan bolalarning yaqinlariga sabr tilashini, fojiadan pushaymonligini bildirdi.

Boshqa sudlanuvchilar ham suddan adolatli hukm chiqarishini so‘radi.

Majlis so‘ngida sudlov hay’ati ish bo‘yicha qaror qabul qilish uchun maslahatga kirishini ma’lum qilib, noma’lum muddatga tanaffus e’lon qildi.

Ma’lumot uchun, ish doirasida 23 nafar shaxs Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan ayblanmoqda. Ularning 9 nafariga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.

12 fevral kuni o‘tkazilgan sud majlisida prokuror tomonidan e’lon qilingan ayblovda “Quramax Medikal” MChJ rahbari bo‘lib ishlagan hindistonlik S.R.P.ga uzil-kesil o‘tash uchun 20 yil, sudlanuvchilar K.S., A.A., M.N., Sh.Sh.ga 18 yildan, E.J.ga 11 yil, K.B.ga 10 yil 1 oy, M.H.ga 8 yil 1 oy, M.E.ga 5 yil, S.G.ga 3 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlash so‘ralgan.

Prokuror qolgan sudlanuvchilarga ham turli muddatlarga ozodlikdan mahrum qilish, ozodlikni cheklash bilan bog‘liq jazosi tayinlashni so‘ragan.

R.S., B.Q. hamda E.M.dan solidar tartibda 9 mlrd 688,4 mln so‘m soliq qarzdorligini davlat foydasiga undirish so‘ralgan.

Mavzuga oid