Vashington muxolifatchi Aleksey Navalniyning o‘limi munosabati bilan 23 fevral kuni Rossiya Federatsiyasiga qarshi yangi chora-tadbirlar paketini e’lon qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Oq uyning AQSh milliy xavfsizligi bo‘yicha maslahatchisi Jon Kirbi ma’lum qildi.
Kirbining so‘zlariga ko‘ra, sanksiyalar Putinni Ukrainadagi urush uchun javobgarlikka tortish maqsadida ishlab chiqilgan va Aleksey Navalniyning o‘limi munosabati bilan qo‘shimcha sanksiyalar bilan to‘ldirilmoqda.
«Prezident Baydenning ko‘rsatmasi bilan biz shu hafta juma kuni Rossiyani janob Navalniy bilan sodir bo‘lgan voqea uchun javobgarlikka tortish maqsadida yirik sanksiyalar paketini e’lon qilamiz», dedi Jon Kirbi.
U jurnalistlarga yangi paket Navalniy bilan sodir bo‘lgan voqealarga munosabat ekanini aytdi, ammo sanksiyalar doirasida qanday choralar ko‘rilishiga aniqlik kiritmadi.
19 fevral kuni AQSh prezidenti Jo Bayden Vashington Navalniyning o‘limi munosabati bilan Rossiyaga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar kiritish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini aytdi.
16 fevral kuni Rossiyaning Yamalo-Nenets avtonom okrugi federal jazoni ijro etish xizmati Navalniyning koloniyada o‘lganini e’lon qilgan edi.