Dunyodagi barcha urushlar muhokamasi. Myunxenda xavfsizlik konferensiyasi qanday o‘tdi?

Jahon 21:49 / 18.02.2024 15527

16 fevral kuni Myunxenda xavfsizlik bo‘yicha 60-xalqaro konferensiya boshlandi. Bu xavfsizlik mavzusida dunyodagi eng yirik forum hisoblanadi. Unda 180 davlat vakillari, xususan, 50 nafar davlat va hukumat rahbarlari qatnashmoqda.

Konferensiyaning asosiy mavzusi Ukraina va Yaqin Sharqdagi urush bo‘ldi. Bundan tashqari, Somali, Sudan va Haitidagi mojarolar ham muhokama qilindi. Forumda BMT Xavfsizlik kengashini isloh qilish va iqlim muammolari haqida ham so‘z bordi.

Ukrainadagi urush

Konferensiyada barchaning diqqat markazida bo‘lib, eng faol uchrashuvlar o‘tkazayotgan ishtirokchi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bo‘lib turibdi. U urush boshlanganidan buyon ilk marta Myunxenga bordi. Ekspertlar Zelenskiyning tashrifi juda muhimligi, chunki G‘arbda Ukrainani qo‘llash borasida fikrlar xilma-xilligi tobora kuchayib borayotganini qayd etgan.

Ukraina mavzusida so‘z borganda ishtirokchilar Rossiya agressiyasiga qarshi kurashayotgan ushbu davlatni qanchalik qo‘llashda davom etishi borasida fikr almashdi. AQSh Kongressidagi respublikachilar Ukrainaga katta yordamni bir necha oydan buyon bloklab kelmoqda. Tabiiyki, AQSh yordamisiz yevropaliklar Ukrainaning harbiy sohadagi kamchiliklarini mustaqil to‘ldira olmaydi.

Zelenskiyning ko‘plab uchrashuvlaridan eng samaralisi uning Germaniya kansleri Olaf Shols bilan uchrashuvi bo‘ldi. Nemislar hukumati Ukrainaga 1,1 milliard yevroga teng yangi harbiy yordam taqdim etilishini e’lon qildi.

Harbiy yordam paketi doirasida Ukrainaga 36 ta zirhli va g‘ildirakli gaubitsa, 120 mingta snaryad, ikkita Skynex zenit tizimi va IRIS-T havo hujumidan mudofaa tizimi uchun raketalar beriladi. Shols Germaniya Ukrainaga eng ko‘p yordam berayotgan davlatlar ichida AQShdan keyingi ikkinchi bo‘lib turganini eslatdi. O‘z navbatida, Zelenskiy Germaniyaga Ukrainaga hozir haqiqatan ham zarur bo‘lgan yangi mudofaa paketi uchun minnatdorchilik bildirdi.

16 fevral kuni Berlinda Ukraina va Germaniya o‘rtasida xavfsizlik sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ham imzolandi. Shols bu kelishuv imzolanishini tarixiy qadam deb atadi. Germaniya kelajakda Rossiyaning bosqinchilik urushiga qarshi Ukrainani qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Shuningdek, bu kelishuv Germaniya Ukrainaga o‘z harbiylarini yuborishini anglatmasligini qo‘shimcha qildi.

Konferensiyada ko‘pchilik diqqat markazida turgan ishtirkochilardan biri Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I bo‘ldi. U Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urush haqida gapirar ekan, ikki tomonning ham xavfsizlik borasidagi manfaatlariga e’tibor berish kerakligini ta’kidladi.

«Xitoy mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal qilish ustida ishlamoqda», dedi u. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, tinchlik muzokaralari uchun sharoit yaratish, «yopiq doira bo‘ylab yugurishni» bas qilish kerak.

G‘azodagi urush

Konferensiyadagi yana bir muhim mavzu Isroilning G‘azoga davom etayotgan bosqini bo‘ldi. Isroil tomonidan forumda mamlakat prezidenti Ishoq Hersog va TIV rahbari Isroil Kats ishtirok etyapti. Shuningdek, Falastin milliy ma’muriyati, Qatar, Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Mirs rahbariyatidan yuqori martalabi mulozimlar taklif qilingan.

Myunxen konferensiyasini BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish ochib berdi. Bu esa hammaga ham yoqmadi, ayniqsa isroilliklarga. Chunki dunyodagi bosh xalqaro tashkilot yetakchisi Isroilning G‘azoga bosqinini doimiy qoralab keladi. Falastin yerlarida 30 mingga yaqin tinch aholi vakillari o‘limiga sabab bo‘lgan urushni to‘xtatmayotgan Isroilning sobiq tashqi ishlar vaziri Eli Koen portugaliyalik siyosatchining BMT rahbari lavozimida qolishini «dunyo uchun xavf» deb atagan.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I G‘azodagi urush haqida ham gapirarkan, Xitoy o‘t ochishni to‘xtatish tarafdori ekanini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mojaroni hal qilish uchun albatta hududda ikki davlat tuzilishi shart.

Vazir dunyodagi mojarolarda tinchlikka erishish uchun Vashington va Pekin o‘rtasida hamkorlik juda muhimligini ta’kidladi. «Xitoy va AQSh kelishib hamkorlik qilsa, ko‘p narsaga erishish mumkin», degen u. Vazir Tayvan masalasiga ham to‘xtalib, bu Xitoyning ichki ishi ekani, Tayvan Xitoyning ajralmas qismi ekanini ta’kidladi.

Trampning NATOga tahdidi

Konferensiya ishtirokchilari AQSh sobiq prezidenti Donald Trampning NATO davlatlariga tahdidini ham muhokama qiladi. Tramp shu kunlarda prezidentlik davrida alyans shartlarini bajarmay, NATO harbiy xarajatlari uchun YaIMning 2 foizini o‘tkazmaydigan davlatlarni himoya qilishdan bosh tortishini aytgani haqida eslagandi. Aniqroq aytganda, Tramp «Rossiya ular bilan istaganini qilishiga qo‘yib beraman» degandi.

NATOga a’zo davlatlar AQSh prezidentligiga nomzodning bu gaplari haqida konferensiyada ishtirok etayotgan o‘nlab respublikachi kongressmanlardan izoh so‘ramoqda. Forumda AQSh tomonidan mamlakat vitse-prezidenti Kamala Harris va davlat kotibi Entoni Blinken qatnashmoqda.

«Navalniyning konferensiya vaqtida o‘lishi tasodif emas»

Myunxendagi xavfsizlik konferensiyasida qatnashayotgan Gurjiston prezidenti Salome Zurabashvilining fikricha, Rossiya muxolifati yetakchisi Aleksey Navalniyning aynan shu kunlarda vafot etishi tasodif emas. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu shunchaki o‘lim emas, Kremlning forum ishtirokchilariga signalidir. «Rossiya istagan ishini istagan yerida qilishini ko‘rsatishni istaydi», degan u.

Qatag‘on qurbonlarining yaqinlari nima deyishdi?

Myunxen konferensiyasida bir qator rossiyalik siyosiy bosimga uchragan va keyinchalik halok bo‘lgan siyosatchilarning bevalari va yaqinlari qatnashdi. 2015 yil Kreml devorlari yaqinida otib o‘ldirilgan Boris Nemsovning qizi Janna Nemsova AQSh prezidenti Bayden Navalniy o‘lsa, Rossiyaga chora ko‘rilishini aytganini eslatdi.

«Hali Ukrainaga bosqin boshlanishidan avval Bayden agar Navalniy qamoqda o‘ladigan bo‘lsa, Rossiyaga bu uchun chora ko‘rilishini aytgandi. Bu chora Ukrainaga harbiy, iqtisodiy va gumanitar yordam ko‘rinishida bo‘lishi kerak», degan Nemsova konferensiyadagi chiqishida. U Putinga Ukrainani yengish imkonini berib bo‘lmasligini ta’kidladi. Nemsova otasining hammaslagi bo‘lgan Aleksey Navalniyning o‘limini suiqasd deb atadi.

Konferensiyada FXXning sobiq ofitseri, 2000-yillarda o‘ldirilgan Aleksandr Litvinenkoning bevasi Marina Litvinenko ham qatnashdi. U ham Baydenning Navalniy tirik bo‘lgan vaqtdagi gaplari shunchaki gap sifatida qolib ketmasligini kerakligini aytdi.

«Men bu shunchaki gap emasligini ko‘rishni istayman. Bu juda muhim, amaliy harakatlarga o‘tish kerak. Rossiya muxolifatini qo‘llashning eng to‘g‘ri yo‘li – Ukrainaga qo‘llovni kuchaytirish», degan Litvinenko. Uning fikricha, faqat Rossiya urushda yutqazsagina, rossiyaliklar islohotlar haqida o‘ylashi mumkin bo‘ladi.

Qamoqxonada vafot etgan Aleksey Navalniyning bevasi Yulya Navalnaya ham eri vafot etganini aynan Myunxen konferensiyasida qatnashayotgan vaqtida eshitdi. Rossiya rasmiy manbalari tarqatgan xabardan ko‘p o‘tmay Navalnaya konferensiyada chiqish qildi. Uning chiqish qilishi uchun hatto AQSh vitse-prezidenti Kamala Harrisning chiqishini qisqartirishga ham to‘g‘ri keldi.

«Hali bu xabar rostmi yolg‘onmi bilmayman ham», deb boshladi so‘zini Navalniyning bevasi. «Butun dunyo jamoatchiligini Rossiyada hukmron bo‘lgan dahshatli tuzumga qarshi kurash yo‘lida birlashishga chorlayman. Putin rejimidagilar Rossiya bilan qilayotgan ishlari uchun jazolanishi shart», dedi u.

«Rossiya bilan uzoq yillik to‘qnashuvga tayyor turish kerak»

Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistoriusning aytishicha, ittifoqchilar Rossiyaga qarshi uzoq yillik qarama-qarshilikka tayyor turishi kerak. «Afsuski, yaqin o‘n yilni ikkiga bo‘lingan Yevropada yashashga majburmiz: bir tomonda – erkin va demokratik Yevropa, ikkinchi tomonda – avtoritar va urushqoq Rossiya», degan vazir.

Nemislar bosh harbiysi umumevropa xavfsizlik arxitekturasi muvaffaqiyatsizlikka uchragani, chunki Kreml Sharqiy va Markaziy Yevropa ustidan dominantligini tiklashga urina boshlaganini aytdi. Pistorius harbiy xarajatlar NATO belgilagani kabi YaIMning 2 foiziga teng bo‘lishi yetarli emas deb hisoblamoqda. Vazirga ko‘ra, Germaniya harbiy budjetini YaIMning 3-3,5 foiziga yetkazmoqchi.

Armaniston va Ozarboyjon masalasi

Germaniya kansleri Olaf Shols Myunxen konferensiyasi doirasida Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan va Ozarboyjon yetakchisi Ilhom Aliyev bilan uchrashdi. Sholsga ko‘ra, tomonlar oradagi tushunmovchiliklarni kuch ishlatmay hal qilishga tayyor. Germaniya yetakchisi Armaniston va Ozarboyjonni tinchlik kelishuvini tezroq yakunlashga chaqirgan.

Arman-ozar masalasi Qorabog‘ urushi tugaganiga qaramay bejiz yana kun tartibiga qaytmadi. 12 fevral tunida Ozarboyjon Chegara xizmati Armaniston tomondan o‘t ochilganini xabar qildi. Bir kuni o‘tib esa Yerevan o‘z hududiga Ozarboyjon tomondan o‘t ochilgani, oqibatda 4 harbiy halok bo‘lganini ma’lum qildi. Tomonlar yangi mojaroda bir-birini ayblab chiqdi.

Ko‘proq yangiliklar: