Xitoy yadro quroliga ega bo‘lmaganlarga qarshi undan foydalanmaslikka va’da berdi

Jahon 22:40 / 17.02.2024 8543

Xitoy boshqa hech bir davlatga qarshi yadro qurolini birinchi bo‘lib qo‘llamaydi, dedi Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I Myunxen xavfsizlik konferensiyasida.

«Biz butun dunyoga Xitoy yadro quroliga ega bo‘lmagan davlatlarga qarshi undan foydalanmasligini ochiq aytdik. Shuningdek, biz hech qaysi davlatga qarshi yadro qurolidan birinchi bo‘lib foydalanmaymiz», dedi vazir.

Shuningdek, u Xitoy rahbariyati yadro quroli mojaro boshlash uchun ishlatilmasligi kerak, deb hisoblashini eslatdi. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Pekin global xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha barcha xalqaro majburiyatlarini bajaradi.

Van I, shuningdek, mamlakat rasmiylari Ukrainadagi inqiroz rivojlanishiga «qo‘l qovushtirib» qarab turmasligini ta’kidladi. Pekin potensial tinchlik muzokaralarini tashkil etishda yordam berish niyatida.

Xitoy yadroviy doktrinasida yadro qurolidan ogohlantirish maqsadida foydalanish mumkin emasligi belgilab qo‘yilgan. Dunyoda Hindiston ham shunday pozitsiyaga ega.

«Yangi davrda Xitoyning milliy mudofaasi» nomli strategik rejalashtirish hujjatida Pekin yadro quroliga ega bo‘lmagan davlatlarga qarshi undan foydalanish niyatida emasligi va umuman olganda «yadro qurolini to‘liq taqiqlash va yo‘q qilish tarafdori» ekanligi ta’kidlangan.

Shuningdek, Pekin qurollanish poygasiga kirishish niyatida emasligi va o‘zining yadroviy salohiyatini milliy xavfsizlikni ta’minlash uchun zarur bo‘lgan minimal darajada ushlab turishga intilayotgani aytiladi.

Ko‘proq yangiliklar: