Ukrain qo‘shini Avdiyivkani tashlab chiqdi. Bu nimani anglatadi?

Jahon 17:42 / 17.02.2024 29136

«Avdiyivka atrofida yuzaga kelgan operativ vaziyatdan kelib chiqqan holda, qurshovga tushib qolishdan qochish hamda harbiy xizmatchilarning hayoti va sog‘ligini saqlash maqsadida bo‘linmalarimizni shahardan olib chiqishga va nisbatan qulayroq bo‘lgan mudofaa marralariga o‘tish bo‘yicha qaror qabul qilindi», — deyilgan Sirskiyning feysbukdagi xabarida.

«Tavriya» guruhi qo‘mondoni Oleksandr Tarnavskiy «shaxsiy tarkib allaqachon olib chiqilgani» va ukrainalik harbiylar «belgilangan marralarda mudofaani egallagani» haqida ma’lum qilgan.

Rossiya qo‘shini 2022 yil fevralida keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan buyon Avdiyivkani egallash uchun bir necha bor harakat qilib ko‘rgandi. 2023 yil oktyabrida esa shahar tomon keng ko‘lamli yurish boshlangandi.

Rossiya hukumatiga yaqin bo‘lgan manbalar xabar qilishicha, Kremldan ushbu shaharni qanday qilib bo‘lmasin mart oyidagi prezidentlik saylovlariga qadar egallash bo‘yicha topshiriq kelgan, bu orqali qayta saylanish arafasida Vladimir Putinning Ukrainaga qarshi urushda muvaffaqiyat qozonayotganini namoyish etish ko‘zlangan.

Ukraina mudofaa kuchlari uzoq vaqt davomida mudofaani ushlab turishdi, yanvar oyi oxirida esa ekspertlar vaziyat kritik ko‘rinishga kelgani va garnizonni olib ketish zarurligini ayta boshlashdi, ammo bu ro‘y bermadi.

Avdiyivka – qariyb 10 yil muqaddam, 2014 yil bahorida Rossiya qo‘shini qo‘llovida rusparast ayirmachilar tomonidan egallangan Donetsk yaqinidagi kichik sanoat shahridir.

O‘tgan yillar davomida Avdiyivka ukrain qo‘shini nazoratida qolgandi, bu yerda kuchli mudofaa istehkomlari barpo etilgandi. Tomonlarning tutashuv chizig‘iga juda yaqin joylashganiga qaramay, keng ko‘lamli urushga qadar ushbu shahar rivojlanishga va iqtisodiy jihatdan o‘sishga erishgandi.

Rossiyaning 2022 yil fevralidagi bosqini esa barchasini o‘zgartirdi. Mahalliy zavod faoliyati to‘xtatildi, aholining katta qismi har kungi vayronkor bombalashlardan qochish uchun shaharni tark etdi.

Rossiya armiyasi kuchli mudofaa chiziqlarini bir hamlada yengib o‘tishning imkoni yo‘qligini tushungach, shaharni aviatsiya zarbalari va piyodalar shturmlari bilan vayron qilish taktikasiga o‘tdi.

Bugungi kunga kelib shahardan ko‘p narsa qolmagan: intensiv bombardimon qilish va harbiy harakatlar tufayli shahardagi deyarli barcha binolar tamomila vayron bo‘lgan yoki jiddiy shikastlangan.

Avdiyivkadagi harbiy harakatlar vaqtida amalda birorta butun bino qolmagan

Avdiyivka ikki tomon uchun ham muhim siyosiy va harbiy ahamiyatga ega edi. Rossiya Donetsk Ukraina qurolli kuchlari artilleriyasi o‘qlari ostida qolmasligi uchun ukrain qo‘shinini xavfsiz masofaga chekintirishga harakat qildi.

Ukraina uchun Avdiyivka yirik temiryo‘l tuguni, katta sanoat markazi sifatida, shuningdek Donetskni doimiy tahdid ostida ushlab turish uchun zarur edi.

Undan bir necha kilometr naridan Donetsk, Horlivka va Luhanskni o‘zaro bog‘lovchi yo‘l o‘tgan. Agar bu yo‘lni kesib qo‘yishning imkoni bo‘lganida, bu Rossiya qo‘shini logistikasini sezilarli darajada qiyinlashtirgan bo‘lardi.

10 oktyabr kuni Rossiya armiyasi ukrain kuchlarini shahardan chekintirish uchun Avdiyivka tomon katta yurish boshladi.

Kiyev baholariga ko‘ra, yurishda 40 ming atrofida rossiyalik askar qatnashdi, ular Avdiyivkani ikki tomondan aylanib o‘tib, qurshovga olish uchun janubiy va shimoliy qanotlarga hujum qilishdi.

Ukraina hukumati rossiyaliklar bu yurish davomida katta yo‘qotishlarga uchraganini da’vo qilishgan - yurishning ilk oyidayoq qurbonlar soni 10 ming atrofida bo‘lgan.

Ukraina qurolli kuchlari Bosh shtabining bu ma’lumotini boshqa mustaqil manbalar orqali tasdiqlashning imkoni yo‘q, ammo ijtimoiy tarmoqlarda rossiyaliklarning zirhli texnikalari kolonnalari Avdiyivka atrofida yakson etilgani aks etgan ko‘p sonli videoyozuvlar tarqalgan.

Rossiya armiyasi yo‘qotishlar bilan hisoblashmasdan Avdiyivkani shturm qildi

Avdiyivka atrofidagi to‘rt oylik janglar davomida rossiyaliklar shimol va janubda bir necha kilometrga ilgariladi. Ular shimolda Stepne va Berdichi qishloqlarini egallab, mahalliy kokskimyo zavodiga yaqinlashib kelishdi – bu Ukraina qurolli kuchlarining muhim tayanch punktlaridan biri edi.

Yanvar oyida Rossiya qo‘shini shaharga kirishga muvaffaq bo‘ldi va ko‘cha janglari boshlanib ketdi. Ular ukrain garnizoniga ta’minot yetkazib beriladigan asosiy yo‘lga yaqinlashishdi.

Fevral oyida esa vaziyat shahar himoyachilari uchun o‘ta kritik tus oldi, qator harbiy sharhlovchilar garnizon qurshovga tushishi mumkinligini ayta boshlashdi. Ammo Kiyev Avdiyivkadan chekinishga buyruq bermadi va o‘zining eng tajribali bo‘linmalaridan birini qo‘shimcha kuch sifatida yubordi.

Bu harbiy ekspertlar ogohlantirganidek, Baxmutda bo‘lgan vaziyatni takrorladi. Fevral oyi o‘rtalariga kelib Ukraina qurolli kuchlari chekinishi uchun xavfsiz yo‘lak kengligi atigi bir necha kilometrni tashkil etayotgandi.

«Bu shunchaki omon qolishga urinish»

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardan shahar ichkarisida qolgan harbiylarning barchasi ham uyushgan holatda olib chiqilmaganini ko‘rish mumkin. Ukraina QK 110-brigadasi jangchisi Viktor Belyak instagramdagi sahifasida havo hujumidan mudofaa kuchlari joylashtirilgan «Zenit» istehkomidagi askarlarning faqat bir qismi qurshovdan chiqishga muvaffaq bo‘lgani haqida yozgan.

«Guruhlar birin-ketin yo‘lga chiqishdi — ko‘rish darajasi nolga teng edi. Bu shunchaki omon qolishga urinish edi. Dushman artilleriyasi tinmadi. Avdiyivka yo‘li bizning jasadlar bilan to‘ldi», — deya yozgan Belyak. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Zenit»dagi yaradorlar tashlab ketilgan.

General Tarnavskiy 16 fevral kuni ukrain bo‘linmasi Avdiyivkaning janubiy chekkasidagi pozitsiyadan «kichik yo‘qotishlar» bilan chiqishga muvaffaq bo‘lgani va juma kuni soat 13:00 holatiga ko‘ra Avdiyivkada qurshovda qolgan ukrain bo‘linmalari qolmaganini aytgandi.

Payshanba kuni kechqurun Tarnavskiy shaharda janglar davom etayotgani, garnizon mudofaani ushlab turgani, unga qo‘shimcha kuch va o‘q-dorilar yuborilganini aytayotgandi. U yana shunday degandi: «Ehtimoliy ssenariylarni hisobga olgan holda yangi pozitsiyalar tayyorlandi va kuchli istehkomlarni tayyorlash davom ettirilmoqda».

Avdiyivka kokskimyo zavodidagi istehkomlar ukrain qo‘shinining so‘nggi tayanchi bo‘lib qolgandi, shahar ichkarisidagi bo‘linmalar shimoli-g‘arbga olib ketilishini ta’minlash uchun ham bu hududni ushlab turish talab etilardi. Rossiya qo‘shini garnizon shaharni emin-erkin tark etishiga to‘sqinlik qilish uchun bosimni kuchaytirdi, ukrain qismlari esa qanotlarni yopishga harakat qilib, arergard janglar olib bordi. Ammo Avdiyivkaning taqdiri hal qilib bo‘lingandi.

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy dekabr oyi oxirida, janglar qizigan mahalda Avdiyivkaga kelgandi

Katta yo‘qotishlarga qaramay, Kreml bu yo‘nalishdagi maqsadlariga erishdi. Ukraina qurolli kuchlarining 2014 yildan buyon o‘zgarishga uchramay turgan so‘nggi mudofaa chizig‘i quladi.

Rossiya armiyasi uchun navbatdagi nishoni Avdiyivkadan 30 km g‘arbda joylashgan Selidovo yoki Selidovodan 12 km shimoli-g‘arbdagi Pokrovsk shahri bo‘lishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: