Qamoqxonada o‘lgan Navalniy, Avdiyivkani tark etgan Ukraina va Netanyahuning yallo qilayotgan o‘g‘li - kun dayjesti

Jahon 20:05 / 17.02.2024 15577

Dunyoda sodir bo‘layotgan ahamiyatli voqea-hodisalar, yangiliklar va bayonotlarning muxtasar sharhi bilan odatdagidek kundalik dayjestimizda tanishtirishda davom etamiz.

Falastindagi vaziyat

BMT Bosh kotibining o‘rinbosari HAMAS terrorchilik tashkiloti emasligini ta’kidladi.

«BMT HAMASni terrorchilik tashkiloti deb hisoblamaydi. Isroil Falastin qarshilik harakati vakillari bilan muzokaralar olib borib, muammoga yechim topishi kerak», — degan BMT bosh kotibining humanitar masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Martin Griffits Sky News telekanaliga bergan intervyusida.

G‘azoda Isroil agressiyasi tomonidan o‘ldirilgan falastinliklar soni 28 ming 775 kishiga yetdi. G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, urushning 133-kuniga kelib, yarador bo‘lganlarning soni 68 ming 552 nafarga yetgan.

Birgina so‘nggi sutka ichida Isroil qo‘shinlari 10 ta qirg‘in o‘tkazgan va unda 112 kishi halok bo‘lib, 157 inson yarador qilingan

Jo Bayden ma’muriyatining Falastin-Isroil mojarosida sulh o‘rnatilishi bo‘yicha qilgan chaqiriqlariga qaramasdan AQSh bir necha o‘n million dollarlik o‘q-dorilarni Isroil hokimiyatiga yetkazib berishni rejalashtirmoqda, deb yozadi The Wall Street Journal.

Netanyahuning o‘g‘li qayerda?

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuning o‘g‘li armiyadan qochib, Amerikadagi hashamatli kvartirada yashayotgani ma’lum bo‘ldi. Otasi isroilliklarni urushga o‘limga jo‘natayotgan, falastinliklarni o‘ldirayotgan bir paytda uning erka o‘g‘li Yair Netanyahu Mayamida kayf qilib yuribdi.

Daily Mail nashri 32 yoshli Yair Netanyahuning oyiga 5000 dollarga ijaraga turgan kvartirasi fotosuratlarini ko‘rsatdi. Bu yerda uni Isroil Shin Bet xavfsizlik xizmati xodimlari ham qo‘riqlashar ekan. Bino golf maydoni biqinida joylashgan, plyajgacha 15 daqiqa piyoda yurish kerak.

Netanyahuning o‘g‘li G‘azoda askar bo‘lib xizmat qilish o‘rniga Floridada qolishni ma’qul ko‘rgan. Kichik Netanyahu ultrao‘ng qarashlari, ijtimoiy tarmoqlardagi agressiv chiqishlari bilan nom qozongan va bir necha marta sudga tortilgan.

Yair Netanyahu o‘tgan yilning katta qismini AQShda o‘tkazgan va ko‘rinib turibdiki, u istiqomat ruxsatnomasini qo‘lga kiritmoqchi.

Navalniyning o‘limi

Rossiya muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy qamoqxonada vafot etdi. Navalniyning qarindoshlari hali buni tasdiqlaganicha yo‘q.

Dunyo yetakchilari uning o‘limida Vladimir Putinni ayblab bayonotlar bermoqda. Jumladan, AQSh prezidenti Jo Bayden ham.

«Rossiya hokimiyati o‘zining versiyasini aytadi, lekin aldanmanglar, Navalniyning o‘limida bor javobgarlik Putinning zimmasida», — degan Bayden.

Amerika prezidentining qayd etishicha, «Navalniy jasur, prinsipial inson edi va u nima uchun kurashayotgani va qanday Rossiya uchun ishonishini aniq bilardi».

«Navalniy korrupsiya va diktaturaga qarshi kurashgan. Hattoki qamoqxonada ham u haqiqat ovozi bo‘lib qoldi. Uni zaharlashganlaridan so‘ng, o‘lim tahdidiga qaramasdan baribir Rossiyaga qaytdi», — degan AQSh prezidenti.

Baydenning so‘zlariga ko‘ra Navalniyning o‘limi Putinning «yovuzligiga yana bir dalil»dir.

«Biz Ukrainada shohidi bo‘layotganimizdek, Putin nafaqat boshqa davlatlar fuqarolariga hujum qiladi, balki o‘zining xalqiga nisbatan ham yovuz jinoyatlar sodir etadi», — degan u.

Rossiyaning o‘zida Navalniyning o‘limi tufayli kelishilmagan xotira aksiyalar bo‘lib o‘tgan. Unda ushlangan namoyishchilar soni yuzdan ortgan. Rossiya prokuraturasi norozilik aksiyasida qatnashganlarni ekstremizmda ayblab hibsga olish bilan tahdid qilgan.

Ukraina Avdiyivkani topshirdi

Ukraina qurolli kuchlarining yangi bosh qo‘mondoni Oleksandr Sirskiy qo‘shinlarni Avdiyivkadan olib chiqib, afzalroq pozitsiyalarga joylashtirishni e’lon qildi.

Ukrainaning «Tavriya» qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni Oleksandr Tarnavskiy ham bo‘linmalar Avdiyivkani tark etganini xabar qildi.

Avdiyivkaning egallanishi 2024 yilda Rossiyaning jang maydonlarida erishgan ilk jiddiy muvaffaqiyati bo‘ladi. Rossiya qo‘shinlari tomonidan egallangan so‘nggi shahar Baxmut edi. U 2023 yilning may oyida egallangan edi. Okkupatsiya ostidagi Donetsk shahridan 25 km naridagi Avdiyivka Rossiya uchun Baxmutdan ko‘ra katta strategik ahamiyatga ega. «Yo‘llar, bog‘lovchi yo‘llar va logistikaning katta qismi Avdiyivkada birlashgan», — degan Ukraina qurolli kuchlari piyoda vzvodi 53-brigadasi qo‘mondoni.

Rossiyaning aholisi kamaymoqda

Rosstat sakkizinchi yildirki Rossiya aholisi tabiiy ravishda kamayib borayotganini qayd etdi.

Vladimir Putinning sakkiztadan farzand ko‘rish haqidagi chaqiriqlariga qaramasdan, Rossiyada demografik qirilish spirali buralishda davom etmoqda. Aholining tabiiy kamayishi natijasida 2023 yilda Rossiya 495 ming aholisidan ayrilgan. Ya’ni o‘limlar soni tug‘ilishlar sonidan ustun kelgan. Bu Rosstat tarqatgan rasmiy ma’lumot.

Yil yakunlariga ko‘ra garchi o‘lganlar soni 1990-yillar boshidan buyon ilk marta 7,6 foizga qisqarib 1,76 millioni qayd etgan bo‘lsa-da, tug‘ilish darajasi ham 3,6 foizga pasaygan. Rossiyada o‘tgan yili 1 mln 264 ming chaqaloq tug‘ilgan. Bu 1999 yildan buyon eng past ko‘rsatkich.

Aholining tabiiy qisqarishi sakkizinchi yildirki davom etmoqda va 2016–2023 yillarda umumiy soni 3,5 mln kishini tashkil etgan. 2000 yillardan boshlab mamlakat o‘limlar sonining tug‘ilishdan kattaligi natijasida 11 mln odam yo‘qotgan. Bu Sankt-Peterburg aholisining ikki barobariga teng.

Ko‘proq yangiliklar: