Qozog‘istonda yo‘lda qolib ketgan 27 nafar o‘zbekistonlik evakuatsiya qilindi

Jahon 11:20 / 16.02.2024 13246

Qozog‘istonda yo‘lda qolib ketgan 27 nafar O‘zbekiston fuqarosi qutqarilgan. Bu haqda Kun.uz'ga O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

O‘zbekistonning Ostonadagi elchixonasi Aqmola viloyati Favqulodda vaziyatlar departamentidan olgan ma’lumotga ko‘ra, 15 fevral kuni Ostona-Chelyabinsk yo‘nalishida harakatlanayotgan yo‘lovchi avtobusi “Jaqsi-Yesil-Buziliq” yo‘lidagi Jaqsi qishlog‘i yaqinida buzilib qolgan.

Jaqsi tumani qutqaruvchilari avtobusdan 64 kishini evakuatsiya qilgan. Ulardan 27 nafari O‘zbekiston fuqarolari bo‘lib, shundan 12 nafari – bolalar. Qutqarilganlardan yana 33 nafari – Tojikiston fuqarolari (shundan 5 nafari – bolalar).

Qutqarilganlar Jaqsi qishlog‘idagi 1-sonli o‘rta maktabda joylashgan isinish joyiga olib borishgan. Yo‘lovchilar tibbiy yordamga muhtoj bo‘lmagan.

Oldinroq Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi sovuq havo harorati sababli Qozog‘istonda bo‘lib turgan va tranzit yo‘nalishida harakatlanayotgan O‘zbekiston fuqarolariga ogohlantirish bilan chiqib, zarurat bo‘lmaganda uzoq masofali yo‘llarga mashinada chiqmaslikni so‘ragandi.

Ko‘proq yangiliklar: