Navalniy qamoqxonada vafot etdi. Asosiy ma’lumotlar

Jahon 16:33 / 16.02.2024 71488

Aleksey Navalniy qamoqxonada vafot etdi, deb xabar berdi Yamalo-Nenetsk avtonom okrugi Jazoni ijro etish federal boshqarmasi (JIFB). Idora ma’lumotiga ko‘ra, 47 yoshli siyosatchi 3-raqamli axloq tuzatish koloniyasida sayrdan keyin «o‘zini yomon his qilgan». Koloniyadagi shifokorlar va chaqirilgan tez yordam xodimlari unga yordam berishga harakat qilishgan. «Barcha zarur reanimatsiya choralari ko‘rilgan, biroq ijobiy natija bo‘lmagan. Tez tibbiy yordam shifokorlari mahkumning o‘limini tasdiqladi. O‘lim sabablari aniqlashtirilmoqda», — deyiladi boshqarma xabarida. Labitnangidagi shahar shifoxonasida «Interfaks»ga xabar berishlaricha (3-koloniya joylashgan Xarp posyolkasi Labitnangi shahar okrugi tarkibiga kiradi), shifokorlar bir yarim soatdan ortiq vaqt davomida siyosatchini jonlantirishga uringan.

RT propaganda telekanali Navalniyning o‘limiga tromb ko‘chishi sabab bo‘lgani haqida xabar tarqatdi. Baza ma’lumotiga ko‘ra, Navalniy tushki soat bir atrofida hushini yo‘qotgan, shundan keyin tez yordam chaqirilgan. Shifokorlar Navalniyni qutqarishga urinishgan, ammo soat 14:17 da uning o‘limi qayd etilgan.

Navalniyning safdoshlari hozircha koloniyadan tasdiqlangan xabarga ega emasliklarini aytishgan. Siyosatchining matbuot kotibi Kira Yarmish Navalniyning advokati Yamalo-Nenetsk avtonom okrugiga yo‘l olganini ma’lum qilgan. «Bizda qandaydir ma’lumot bo‘lishi bilan ma’lum qilamiz», — deya qo‘shimcha qilgan u. Aleksey Navalniyning advokati Leonid Solovyov «Novaya gazeta»ga siyosatchining oilasi qaroriga ko‘ra, hech qanday qanday izoh bera olmasligini ma’lum qilgan. «Endi aniqlashtiryapmiz. Advokat chorshanba kuni [14 fevral] Alekseyning yoniga borgan. O‘shanda barchasi normal bo‘lgan», — degan u. Navalniyning onasi Lyudmila Ivanovna hech qanday hamdardlik so‘zlarini eshitishni istamasligini bildirgan: «12-kuni koloniyada o‘g‘limni ko‘rgandim, uchrashuv bo‘lgandi. Tirik edi, sog‘ edi, hayotdan xursand edi».

RF prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Navalniyning o‘limi to‘g‘risidagi xabar Vladimir Putinga yetkazilganini ma’lum qilgan. U hozirda Chelyabinsk oblastida bo‘lib turibdi. Peskovning so‘zlariga ko‘ra, Kremlda Navalniyning o‘limi sabablari bo‘yicha ma’lumot yo‘q, buni «tibbiyot xodimlari aniqlashi kerak». Peskov JIFB Navalniyning o‘limi bilan bog‘liq barcha tekshiruvlarni o‘tkazishini va bu borada alohida topshiriq berilishiga hojat yo‘qligini qo‘shimcha qilgan. «Kommersant» muxbiri va Putinning solnomachisi Andrey Kolesnikov Navalniyning o‘limi haqidagi xabar prezident uchun kutilmagan hol bo‘lgani va u «o‘zini bazo‘r tutib qolgani» haqida aytgan.

Tergov qo‘mitasi Aleksey Navalniyning koloniyadagi o‘limi fakti bo‘yicha tergov boshlagan, deya ma’lum qilgan idora. O‘z navbatida, JIFB 3-koloniyaga komissiya yuborgan. Yamalo-Nenetsk avtonom okrugi Jamoatchilik kuzatuv komissiyasi Navalniydan sog‘liq bo‘yicha shikoyat kelib tushmaganini bildirgan.

Butun dunyodagi siyosatchilar Navalniyning oilasiga va yaqinlariga hamdarlik izhor etmoqda. Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Navalniy «Putin tomonidan o‘ldirilgani»ni aytdi. RF TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarova «NATO davlatlari rahbarlari Navalniyning o‘limi yuzasidan tezda reaksiya berib Rossiyani to‘g‘ridan to‘g‘ri ayblash orqali o‘zini o‘zi fosh qilayotgani»ni aytdi. «Hali sud tibbiyot ekspertiza yo‘q, g‘arbda esa xulosalar tayyor», — degan Zaxarova. Federatsiya kengashining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Vladimir Djabarov Navalniyning o‘limini «baxtsiz hodisa» deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyada «Navalniyning sog‘ligiga zarar yetkazish uchun biror sabab bo‘lmagan».

Rossiya va dunyoning qator shaharlarida xotira aksiyalari o‘tkazilmoqda. O‘nlab shaharlarda siyosiy qatag‘onlar qurbonlari yodgorliklariga gullar qo‘yilmoqda. Muxolifatchi siyosatchi Mixail Xodorkovskiy rossiyaliklarni 17 mart kuni RF prezidentligi uchun saylovlarga chiqib, ovoz berish uchun byulletenlarga Navalniy deb yozib ketishga chaqirdi.

Aleksey Navalniy Rossiya prezidenti Vladimir Putinning eng ashaddiy tanqidchisi hisoblanardi. Rossiyadagi korrupsion holatlar bo‘yicha surishtiruvlar bilan tanilgan Navalniyning oxirgi surishtiruvi Vladimir Putinning Gelenjikdagi saroyi haqida bo‘lgandi.

Aleksey Navalniy 2021 yil yanvar oyidan buyon qamoqda qolayotgandi. «Novichok» moddasi bilan zaharlangan Rossiya muxolifati yetakchisi Germaniyaga davolanish uchun borgan va qaytishi bilan qo‘lga olingandi. Keyinchalik uning «Iv Roshe» ishi bo‘yicha shartli jazosini qamoq jazosiga almashtirishdi.

2022 yil mart oyida Navalniyni firibgarlik va sudga hurmatsizlikda ayblab yana 9 yil qamoq jazosiga hukm qilishdi. 2023 yil «ekstremistik jamiyat» tuzishda ayblangan siyosatchini yana 19 yil qamoqqa hukm qilib, jazoni maxsus rejimli qamoqxonada o‘tashni belgilashdi.

Navalniyni avvaliga Vladimir oblastidagi 6-jazoni ijro etish kolonasida saqlashgandi. 2023 yil dekabr oyida esa uni Yamalo-Nenetsk avtonom okrugi Xarp qishlog‘idagi «Polyarniy volk» koloniyasiga o‘tkazishgandi.

Ko‘proq yangiliklar: